26.02.2018

Maqola yozishga tayyormisiz?


MAQOLA YOZISHGA TAYYORMISIZ?

Maqola yozishni o‘rganish, avvalo fikrlashni o‘rganish demakdir.
(Amiel Suche)
1. Maqsadingiz baland bo‘lsin!
O‘zingiz qiziqadigan sohaga oid adabiyotlarni muntazam kuzatib borishni odat qiling. Biror sonini o‘tkazib yuborsangiz eng qiymatli narsangizni yo‘qotib qo‘ygandek behuzur bo‘ling. Kun tartibida qanday ilmiy munozaralar borayotgani, qaysi mavzularda jiddiy tadqiqotlar qilinayotgani, qanday monografiya va risolalar chop etilgani haqida xabardor bo‘lishni o‘rganing. Bularni do‘stlaringiz bilan muhokama qiling, ilmiy suhbatlar quring. Boshqa tillardagi maqolalarni ham oʻqib mushohada qilishga harakat qiling. “Praga to‘garagi”, “Fransuz to‘garagi”, “Metforistlar”, “Yangilar to‘garagi” bularning bari universitetning idealist talabalari o‘zaro ilmiy suhbatlari natijasida paydo boʻlgan va dunyo faniga yangi ufqlarni ochgan, filologiyaning taraqqiyotini jadalashtirib yuborgan toza kuch boʻlganlar. Imom G‘azzoliy deydiki: “Uzoq manzillarga yetmoq uchun yaqin masofalarni oshmoq kerak.” Niyatlari ezgu, xayollari baland, ilm choʻqqilarini zabt etishga ishtiyoqi yuksak yoshlar birlashsa, muayyan mavzular ustida fikr yuritsalar oʻzbek fanining yangi davrini boshlab berishdek vazifani zimmalariga olgan boʻladilar. Har asrda, ma’lum davrlar oraligʻida har qanday sohada yangi nafaslarga, yangi soʻzga, toza ovozga, avvalgilarga oʻxshamagan fikrlarga ehtiyoj seziladi. Din ilmida bunday insonlarni mujtahid va mujaddidlar deyishadi. Mujtahidlar hijratdan keyingi 400 yil mobaynida mavjud edi va undan soʻng ehtiyoj qolmadi. Qiyomatga qadar aytiladigan soʻz aytib boʻlindi. Buyogʻiga endi bu vazifani mujaddidlar oʻz zimmasiga oladi. Hadisi sharifda “Har yuz yilda bir mujaddid keladi va ummatimning ishlarini yangilab boradi” deyiladi. Mujaddidlar zamon tufayli paydo boʻladigan savollarga javob izlaydi. Yangicha qarash nuqtalarini kashf etadi va koʻrsatib beradi.
Dunyoviy ilmda ham vaqti vaqti bilan zamon taraqqiyotiga hamohang fanda oʻzi yashayotgan davrga va oʻzidan keyingilarga ilhom beradigan olimlar – mujaddidlar yetishib chiqadi. Koʻpincha bu holat bir necha oydin fikrli kishilar birgalashganda namoyon boʻladi va biz bunday jamoa faoliyatining hosilasini ilmiy maktab deymiz.
Istardimki, ma’naviyat universitetining iqtidorli talabalari ana shunday ilmiy maktablarga asos soladilar.


2. Ufqingizni kengaytiring.
Katta olimlar, oʻz sohasining professional kishilari erta-yu kech kitob oʻqiydi deb oʻylasangiz yanglishasiz. Sizga zabardast, boʻy yetmas boʻlib koʻringan olimlar ham hayotni faqat mutolaadan iborat deb bilmagan. Suhbatlarida ham faqat oʻzi bilgan ilmiy sohadan gapiradi deb oʻylasangiz ham yanglishasiz. Ular bir sohani yaxshi bilish barobarida hayotni teran anglashga, goʻzallashtirishga harakat qiladigan insonlardir. Navoiydan, Boburdan gapirmayman. Fitratni, Choʻlponni, Qodiriyni, Oybekni eslashning oʻzi ham kifoyadir. Ular milliy adabiyot bilan birga jahon adabiyoti klassiklarini, katta san’atni, musiqani, tarixni va insoniyatga aloqador qadriyatlarni yaxshi anglagan zotlardir. Ularni mahobatli koʻrsatadigan jihatlar ham shundamikan deb oʻylab qolaman. Oʻzbek ilmida ham adabiyotida ham ana shunday keng ufqli shaxslar bor va ularni oʻrnak olib harakat qilish lozim. Bir san’at asarini oʻqiy olmaydigan, biron bir musiqa asbobini chalishni bilmaydigan, rasm chizishni uddalay olmaydigan, shaxmatni ham oʻynashni bilmaydigan yoki keng ma’noda xobbisi boʻlmagan kishining jamiyat peshqadamlari hisoblangan ziyolilari orasida, intelligentsiyasida hech qanday oʻrni boʻlmaydi. Bularning ilmga nima aloqasi bor deb oʻylash notoʻgʻri. Bunday faoliyat inson miyasining faolligini oshiradi. Ijodkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi. Hatto tilshunos, adabiyotshunos yoki elshunos boʻlishni niyat qilgan talabalarga tasviriy san’at galereyalariga, muzeylarga, xunarmand ustalarning ish joylariga koʻproq borib turishlarini tavsiya qilgan boʻlardim. Men talabalarga ba’zan aytaman. Fotografiyani yaxshi oʻrganing. Fotografiya ob’yektga qarab shunchaki tugmani bosish degani emas. Aqlni, qalbni va nigohni bir nuqtaga jamlash degani. Koʻrmoqchi va koʻrsatmoqchi boʻlgan narsani tez va aniq anglash, topish degani. Masalaning mohiyatini oson idrok etish degani. Fotografiyani yaxshi bilgan odamdan yaxshi tadqiqotchi chiqadi. Qisqasi, agar siz ilm yoʻliga kirishga azm qilgan ekansiz, avvalo hayot falsafangizni belgilab oling.

3. Yozishga odatlaning.
Odatlar, koʻnikmalar takrorlanuvchi harakatlar tufayli paydo boʻladi. Ba’zan xayolingizga kutilmaganda zoʻr fikr kelib qoladi. Bir qoyillatib maqola yozib hammani hayratga solgingiz keladi. Yozishni boshlaganingizda haligina oltindek porlab turgan fikrlar tumtaroq jumlalar ichida xiralashib, ta’sir kuchini yoʻqotib boradi. Shashtingiz qaytadi. Osongina yigʻishtirib qoʻya qolasiz. Shunday boʻlmasligi uchun nima qilish kerak? Menimcha har kuni nimanidir nimagadir yozishni odat qilish kerak. Yoningizda daftarcha bilan qalam olib yuring, boʻlar-boʻlmas joyda sargʻayib bujmaygan daftarchani chiqarib, yozib, atrofingizga “ilhom keldi” adabiyotini qiling demayman. Bular eskirdi endi. Oʻqigan asaringiz, eshitgan gapingiz, koʻrgan holat yoki hodisalaringiz haqida bloglarga, facebook, twitter va boshqa tarmoqlardagi sahifalaringizga, shaxsiy web-sahifalaringizga yozib borishingiz mumkin. Bu sizni ommaga tanitadi. Oʻzingizga ishonchingizni orttiradi. Yozgan sari fikrlaringiz oson tilga keladi. Chiroyliroq ifodalashni oʻrganasiz. Professionallashasiz. Shunda maqola degani faqat yaxshi fikrdangina iborat qandaydir bitik degani emasligini anglaysiz. Shunda maqolaning yaxshi dizayn qilingan fikr degani ekanligini toʻliq tasavvur qilasiz.

4. Faol boʻling.
Kompyuter tepasida oʻtirib dunyoni anglashga harakat qilish va ilmiy maqola yozishga tirishish sizni chegaralab qoʻyadi. Mashhur ta’birni eslasak, “quduq tubidagi qurbaqa osmonni quduq ogʻzidek deb oʻylar ekan.” Quduqdan chiqish yoʻllarini izlab toping. Buning uchun intellektual doirangizni kengaytiradigan konferensiya, simpozium va turli ilmiy-adabiy kechalarga qatnashga odatlaning. Izlamlaringizni, munosabatingizni faol tarzda bildirib boring. Oʻz shaxsiy seminarlaringizni tashkil qiling. Sotsial tarmoqdagi doʻstlaringizni, yaqinlaringizni chaqiring. Sizni kashf qilishlarini kutib oʻtirmang. Kashf qilishlari uchun imkon yarating. Sizni qiziqtirgan sohada ma’lum muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan ma’lum etiketlarga amal qilgan holda tanishing, suhbatlashing. Bu motivatsiyangizga ijobiy ta’sir qiladi. Hayotga baxtiyor qarashni oʻrganasiz. Yozishga va yozganlaringizni baham koʻrishga ishtiyoqingiz ortadi.

5. Sotsial tarmoqdan maqsadli foydalaning.
Zamonaviy texnika imkoniyatlaridan unumli va maqsadli foydalanishni oʻrganing. Ayniqsa ilm kishilari koʻp murojaat qiladigan Academia, Researchgate, Linkedin yoki Facebook, Twitter, Telegram, WhatsApp kabi tarmoqlarda sizning maslagingiz, faoliyatingiz va qiziqishlaringizni aniq koʻrsatuvchi shaxsiy sahifalaringiz boʻlishi zarur. Ularda profil rasmi qoʻyiladigan joyga oʻzingizning rasmingizni qoʻying. Muloqat qilganda qarshidagi odam siz bilan yuzma-yuz turib suhbat qilayotgandek his qilsin oʻzini. Qandaydir gullar, bulbullar, aktrisalar, manzaralar rasmini qoʻymaslikka harakat qiling. Chunki bu holat sizning oʻzingizga ishonmasligingizni koʻrsatadi. Ismi sharifini ma’lum ma’noda markaga aylantirishni istagan odam eng avvalo jiddiy bir elektron pochta manzilini yaratadi. E-pochtaga ba’zan aloalo3596@mail.ru, kalmggsfacadssg@bk.ru ga oʻxshagan manzillardan xabar keladi. Oʻzini va oʻzgani hurmat qiladigan odam, aqliy imkoniyatlari chegaralanmagan inson bunaqa elektron manzillardan foydalanmaydi. Siz yuborgan elektron manzil nomi siz haqingizdagi dastlabki taassurotni beradi. Shuning uchun ochiq boʻling, aniq boʻling. Sizni qidirganlar, xabar yoʻllashni istaganlar “manzili nima edi” deb oʻtirmasin.

6. Zamon bilan hamqadam boʻling.
Ijodkorlar oldidagi eng kata toʻsiqlardan biri zamonga hamqadam boʻlolmaslik. Nima qilayotgan boʻlsangiz ham bu ishni sizdan tez va qulay yoʻllar bilan qilayotgan insonlar bor atrofingizda. Masalan, adabiyotlar roʻyxatini haligacha qoʻlda tartiblaysizmi? Indeksni alifbo tartibida oʻzingiz terib chiqasizmi? Sizdan iqtibos olinganligini tekshirish uchun internetda soatlab vaqt sarflayapsizmi? Bunga hojat yoʻq. Hozir Googlening oʻzida soniyalar ichida hal qilib beradigan dasturlar bor. Bulardan foydalanishga odatlaning.

7. Kuzatuvchan boʻling.
Siz qiziqqan soha boʻyicha ilk maqolani siz yozmadingiz, albatta. Oxirgisi ham siz boʻlmaymiz. Oldin yozilgan maqolalarni qunt bilan oʻrganing. Eng muhimi metod, masalani yoritishda tanlangan yondashuvlarga e’tibor qiling. Qaysi xususiyatlarni kashf qilgani, qanday yoritgani, qaysi jihatlariga koʻproq e’tibor qilgani, qanday yechim taklif qilgani, xulosa va tavsiyalari nimalardan iborat ekanligini jiddiy kuzating. Siz masalaning qaysi tomonini yoritishingiz mumkinligi ana shunda koʻrinadi.   

8. Rejalar tuzing va ularga sodiq qoling.
Muvaffaqiyatli insonlarning mushtarak xususiyatlaridan biri rejali ishlashlaridir. Reja deganda soat yoki taqvimga qarab ishlashni emas, biologik rejaga koʻra ishlashni nazarda tutaman. Har kuni erta tongda turib ishlashga, oʻqishga odatlangan odam rejasini shunga koʻra shakllantiradi. Tunda ishlashni yoqtiradigan odam ham eng zarur, eng jiddiy ishlarini tunga qoldiradi. Qachon va qanday sharoitda ishlasangiz ham reja qiling va unga sodiq boʻling. Ilhom parisi qachon kelarkan deb oʻtirmang. Shunday qilingki, uning oʻzi siz istagan paytda qoshingizda muntazir boʻlsin.

9. Koʻzingiz yuksaklarda boʻlsin.
Maqolani yozdingiz. Endi uni qayerda nashr qildirasiz? Koʻpchilik ilk qadamlarda oʻziga ishonmaydi va yozgan maqolasini past profilli, birov bilmaydigan jurnal va gazetalarga olib boradi. Shuni ham tanish-bilishi boʻlsa bir amallab chiqarish ilinjida olib boradi. Mashhur jurnal va gazetalarda bosilishiga ishonmaydi. Siz mukammaliyatchi boʻling. Avvalo oʻzingizga soʻrang. Bu maqolani nima uchun oʻqishlari kerak? Kimlar oʻqishi kerak? Oʻqigan inson siz aytmoqchi boʻlgan gapni oson ilgʻaydigan qilib yozdingizmi? Ortiqcha uzundan-uzoq yoki oʻta qisqa jumlalarni koʻpaytirib yubormadingizmi? Maydalashib ketmadingizmi? Uzuq-yuluq, oʻlda-joʻlda bayondan iborat boʻlib qolmadimi? Bularga javob bera olsangiz qoʻrqmay eng katta jurnal va sohaga oid peshqadam gazetaga olib borsangiz boʻladi. Sizga koʻrib kamchiliklari bor desa aniqlab tuzatib qayta olib boring. To oʻsha nashrda bosilmaguncha tinchimang.  

Aziz talabalar, bular sizga aytmoqchi boʻlgan umumiy tavsiyalarimdir. Aslida har kimning ijod bogʻiga boradigan yoʻli oʻzgacha boʻladi. Men aytgan gaplar matematik formulalar emas. Ana shu manzilga borish yoʻlini tanlashga tashviqdan iborat xolos. Shu yoʻlga tushib olsangiz, qarshingizdan uch yoʻl chiqadi. Biri borsa-kelar, ikkinchisi borsa-kelmas, uchinchisi borsa-gumon. Siz Kenja botir boʻling borsa-kelmasni tanlang. Buyogʻi peshonadagi boʻladi. 
Ma’rufjon Yo'ldoshev

filologiya fanlari doktori