9.05.2015

Muhammad Iqbol


MUHAMMAD IQBOL


Shoir, mutafakkir va siyosiy arbob sifatida tanilgan Muhammad Iqbol 1877-yilning 9-noyabrida hozirgi Pokistonning Siyalkot shahrida tavallud topdi. Shoir tug‘ilgan kun bugungi kunda Pokistonning milliy bayramlaridan sanaladi. Dastlabki she'riy kitobi "Asrori Xodiy" 1915-yilda fors tilida nashr qilindi. Ilk kitobi bilan mislsiz shuhrat topgan alloma shoirning "Rumuzi Baxodi", "Payomi mashriq", "Zaburi ajam", "Jovidnoma", "Bangi Daro", "Zarbi Kalim" kabi o‘nlab kitoblari fors va urdu tillarida chop qilindi. Bugungi kunda mutafakkir shoirning asarlari dunyoning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan.
Shoir 1938-yilning 21-aprelida Lohur shahrida vafot etdi.
Quyidagi aforizmlar Muhammad Iqbolning turk tiliga tarjima qilingan she’rlaridan olindi:

Insonga sig‘adiganga koinot, koinotga sig‘maganga inson deyman.
Ikkovi uchun ham osmon bitta, ammo zog‘ning dunyosi boshqa, lochinniki boshqa.
Qadahsiz sharob ichilmas, ammo untmang, odamni sharob mast qiladi, qadah emas.
Hayot sharobdir, ammo eng taxiri va eng yaxshisi.
Burgut o‘lik suvsarni ovlamaydi.
Inson marvarid misoli ummon tubida, sohilga esa xas-cho‘p chiqadi.
Davlatlar shoirlarning qalbida tug‘iladi, siyosatchilarning qo‘lida o‘sadi va o‘ladi.
Ilm oshkora savoldir. Ishq esa sirli javob.
Taqlidni bas qil, o‘zingni izla.
Majnun shaharni tark aylab sahroga yuzlandi. Sen sahrodan ham voz kech. Orzuga yetmoq istasang Layloni ham terk et.
Olovdan chaqnagan uchqun kabi bebosh bo‘lma.
Ishq hayotning mag‘zidir, uni topganlarga o‘lim haromdir.
Ishq sharobdir, ayni damda ishq ulkan qadah ham.
Ishq yo‘lini aql bilan topmoqchimisan? Quyoshni sham yoqib qidirmoqchimisan?!
Men izlaganim yo‘l emas, yo‘ldosh. Naql bejiz emas: avval yo‘l, keyin yo‘ldosh.
Parvonadan yonishning hikmatini o‘rgan.

/Turk tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi. 

5.05.2015

Ismoil Gaspirali: Sultonlar suhbati




MUKOLAMAI SALOTIN

(ROSTI RASTI)

-1-

"TARJIMON" 22-DEKABR 1906. 144-SON


Samarqand’da.
Samarqand - ilm va adabning qubbasi!
Qadimiy shaharlarning eng eskisi, eng go‘zal shaharlarning eng go‘zali, mashhur shaharlar ichra eng mashhuri, ilm o‘chog‘i sanalguvchi shahar, jahongirlarga beshik bo‘lgan shaharlarning eng buyugi, dunyoni hayratga solgan ulug‘ baldalarning eng muazzami, salom, Samarqand!
Mashina pishqirdi, vagonlar to‘xtadi, tushdim. Samarqandga yetib kelgan edim. Ikki kun shaharni aylandim. Eng nafis va eng latif mahorat bilan bunyod qilingan qadimiy imoratlarni, madrasa, masjid va turbalarni, chinni devorlarga ikki qulochlik rangorang chinni naqshlar bilan kufiy yozuvida bitilgan oyatlarni sayr va mutolaa qildim. Shohi Zinda yonidan Afrosiyob obidasini tomosha qilgandan so‘ng Temur shoh maqbarasiga keldim. Oqshom cho‘kkan edi… Samarqandda nimaiki ko‘rgan bo‘lsam juda go‘zal, nimaiki ko‘rgan bo‘lsam juda xarob. Masalan, Bibixonim madrasasi aqllarni hayratga soladigan darajada latif imorat. Shu bilan birga chinnilarining ahvoliga insonning yig‘lagisi keladi.
Temur shoh maqbarasi… Naqadar muhtasham obida... Chin saddidan Oqdengizga qadar, qahraton Sibirdan jazirama Hindga qadar cho‘zilgan xududda yashab kelayotgan turkiy xalqlarni bir tug‘ ostiga jamlagan va buyuk bir turkiy davlat qurgan Temurning so‘nggi makonidir bu obida… Anchagina unniqib qolgan, ba’zi joylrai o‘pirilgan, ba’zi toshlari ko‘chgan, naqshin yozuvlari nuragan, eshiklari ochilib, unutilishga yuz tutgan turbai oliya…
Fotiha o‘qib ichkariga kirdim. Bir necha pog‘ona bosib pastga tushdim… Rahbari ruhoniysi (ma’naviy yo‘lboshchisi) Sayyid Baraka hazratlari ila yonma-yon yotibdi. Qabr toshlarini ziyorat va tomosha qilar ekanman, Amir Temurning tarixi va zamonasida ro‘y bergan voqealar silsilai nuroniy (nurli silsila) bo‘lib ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi.
Na qadar buyuk ishlar… Naqadar buyuk shaxs… Na qadar ajoyib davron… Va harobga aylangan makon! Dunyo aslı shundoq ekan!
Qalbimdagi turli tuyg‘u va o‘ylarga ko‘milib, boshim aylanib turganimda birdan Sayyid Baraka hazratlarining qabri ustidagi tosh ko‘tarila boshladi. Qo‘rqib, jon havlida zina sahniga otildim va burchakka suyanganimcha qotib qoldim… Tosh ko‘tarilishda davom etdi va ortidan qordek oppoq soqolli bir pir ko‘rindi. Maqbaraning ichi nurdan charog‘on bo‘ldi. Yo, Rab! Bu ne hol?! 
Davomi:  http://www.marufjonyuldashev.com                   

4.05.2015

Jamol Surayo: Yodda qolgan satrlar



   Taniqli shoir va adib Jamol Surayo (Cemal Süreya) 1931-yilda Tunjeli viloyatining Pulumur tumanida tug‘lgan. Istanbul Haydar Posho litseyida o‘rta ta'limni olgach, Anqara universitetining Siyosiy bilimlar fakultetiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillarida she'riyatga mehr qo‘yadi. Universitetni tamomlagandan so‘ng turli gazeta va jurnallarda ishlaydi. Ilk she'riy kitobi "Üvercinka" (Kabutar) nomi bilan 1958-yilda nashr qilingan. Shundan keyin shoirning "Göçebe" (Ko‘chmanchi, 1965-1966), Beni Öp Sonra Doğur Beni (Meni o‘p, keyin tug‘ meni, 1973), Sevda Sözleri (Sevgi so‘zlari, 1984), Sıcak Nal ve Güz Bitiği (Qaynoq taqa va kuz bitigi, 1988) kabi kitoblari chop qilindi. Uning o‘nlab nasriy, ilmiy va ommabop asarlari ham nashr qilingan.
   Jamol Surayo 1990-yilning 9-sentabrida 59 yoshida Istanbulda vafot etgan.   

YODDA QOLGAN SATRLAR...

SURAT

Bekatda uch kishi
Erkak, ayol va bola.
Erkak qo‘li cho‘ntakda,
Ayol bola qo‘lidan tutgan,
Erkak mahzun -
Mahzun qo‘shiqlar misoli mahzun...
Ayol go‘zal -
Go‘zal xotiralar kabi go‘zal...
Bola -
Go‘zal xotiralar kabi mahzun
Mahzun qo‘shiqlar misoli go‘zal...

* * *

O‘layapman, Tangrim...
Nima ham derdim.
Har o‘lim bevaqtdir.
Bilaman, Tangrim...
Ammo, ochig‘i, shu hayot ham,
Yomon emasdi...
Qaytimi kerakmas...

* * *

Hozir derazani ochsamu seni kutsam.
Sen kelsang...
Bo‘ldi-da, endi, kelaqol.
Hech nima so‘ramasang,
Hech nima gapirmasang.
Jim tursam...
Jim tursang...
Jim tursak...

* * *

Hozir, deyman...
Hozir...
Bir dengiz,
Dengizda kema,
Ko‘kda chag‘alay,
Samovarda choy bo‘lsa,
Hamda bir choy uzatadigan...

* * *

Yomg‘ir bo‘lsang minglab tomchilar ichidan seni topardim.
Chunki qo‘rqaman, tuproq olganini qaytib bermagay...

* * *

Umr qisqa,
Qushlar uchmoqda.

* * *

Soat o‘n ikkidan keyin,
Barcha ichimliklar
Sharobdir, inon.

* * *

Kim istamas baxtli bo‘lishni?
Ammo baxtsiz bo‘lishga ham
tayyormisan, men bilan birga!

* * *

Men bilan o‘ynamayapti, deb
yig‘layotgan bolakay.
Shoshma, hali, katta bo‘l oldin,
ko‘rasan shunday o‘yinlar
o‘ynashadiki sen bilan…

* * *

Uyg‘ondim, uyg‘ondim va seni o‘yladim
faqat seni, faqat ko‘zlaringni...

* * *

Ko‘rgan joyingda meni bag‘ringga bos...

* * *

Faqat sen bilan kuchliman,
Sen bo‘lmasang hech nimada ma'ni qolmaydi.
Meni sev!

* * *

Sen tomon sayohat qilmoq istayman.
Bir bilet ber, oyna yonidan emas,
Jonga yaqin joyidan bo‘lsin...

* * *

Qahvaxona oldidan mashinalar o‘tmoqda
va yana bir ot-arava…
Seni o‘ylaganda o‘sha ot ham
chiroyli ko‘rinadi ko‘zga.

* * *

Qushlarday chug‘urlaydi,
Chektirgan azoblaring…

* * *

Bir taqvim va bir shisha aroq yetadi menga.
Taqvim: sen keladigan kunlarni belgilash uchun.
Aroq: kelmagan kunlaringni unutish uchun…

* * *

Ovozingda nima bor bilasanmi?!
Aytolmagan so‘zlaring bordir...
Ovozingda nima bor bilasanmi?
Mudragan turkcha bor…

* * *

Ko‘rdimki kulishingdan go‘zal she'r chiqadi.
Sevdim, tavakkal qildim.

* * *

Bilasan men qayerda bo‘lsam
Yolg‘izlikning poytaxti o‘sha shahardir.

* * *

Tashqarida yomg‘ir,
Yuragimda hasrat,
Xotiramda sen...
Uchovingiz bir onda qanday yog‘yapsiz?!
Tushunmay qoldim...

* * *

Soyamga boq, soyamga
Menga oshiq, devona…

Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

3.05.2015

Mavlono Rumiydan yangi tarjimalar...


Shunday insonlarni ko‘rdimki, kiygani kiyimi yo‘q; shunday kiyimlarni ko‘rdimki, ichida inson yo‘q.
Dengiz it tekkani bilan bulg‘anib qolmaydi. Quyosh ham puflaganing bilan so‘nib qolmaydi. 
Yo‘ldagi shu tuya o‘rkachidek tepalikdan shikoyat qilyapsan, oldingdagi qanchadan qancha dovonlarni o‘ylamayapsanmi?
Ko‘ldagi suv necha bor almashdi, ammo yulduzlarning aksi aslo o‘zgarmadi. 
Til qozonning qopqog‘iga o‘xshaydi. Qozonda nima pishayotganini qopqoq ochilgach bilasan.
So‘zning ichidagi marjonlarni olmoq istasang, harflardan iborat qobiqni sindir.
Til ariqchadek gap, ma'no esa dengizdir. Dengiz ariqchaga qandoq sig‘sin, axir?
Oqilning ozori, johilning maqtovidan afzaldir.
Ilmga erishgan kishining oyoqlari qanotga aylanadi.

Davomini quyidagi sahifada: 
http://www.marufjonyuldashev.com