4.05.2015

Jamol Surayo: Yodda qolgan satrlar



   Taniqli shoir va adib Jamol Surayo (Cemal Süreya) 1931-yilda Tunjeli viloyatining Pulumur tumanida tug‘lgan. Istanbul Haydar Posho litseyida o‘rta ta'limni olgach, Anqara universitetining Siyosiy bilimlar fakultetiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillarida she'riyatga mehr qo‘yadi. Universitetni tamomlagandan so‘ng turli gazeta va jurnallarda ishlaydi. Ilk she'riy kitobi "Üvercinka" (Kabutar) nomi bilan 1958-yilda nashr qilingan. Shundan keyin shoirning "Göçebe" (Ko‘chmanchi, 1965-1966), Beni Öp Sonra Doğur Beni (Meni o‘p, keyin tug‘ meni, 1973), Sevda Sözleri (Sevgi so‘zlari, 1984), Sıcak Nal ve Güz Bitiği (Qaynoq taqa va kuz bitigi, 1988) kabi kitoblari chop qilindi. Uning o‘nlab nasriy, ilmiy va ommabop asarlari ham nashr qilingan.
   Jamol Surayo 1990-yilning 9-sentabrida 59 yoshida Istanbulda vafot etgan.   

YODDA QOLGAN SATRLAR...

SURAT

Bekatda uch kishi
Erkak, ayol va bola.
Erkak qo‘li cho‘ntakda,
Ayol bola qo‘lidan tutgan,
Erkak mahzun -
Mahzun qo‘shiqlar misoli mahzun...
Ayol go‘zal -
Go‘zal xotiralar kabi go‘zal...
Bola -
Go‘zal xotiralar kabi mahzun
Mahzun qo‘shiqlar misoli go‘zal...

* * *

O‘layapman, Tangrim...
Nima ham derdim.
Har o‘lim bevaqtdir.
Bilaman, Tangrim...
Ammo, ochig‘i, shu hayot ham,
Yomon emasdi...
Qaytimi kerakmas...

* * *

Hozir derazani ochsamu seni kutsam.
Sen kelsang...
Bo‘ldi-da, endi, kelaqol.
Hech nima so‘ramasang,
Hech nima gapirmasang.
Jim tursam...
Jim tursang...
Jim tursak...

* * *

Hozir, deyman...
Hozir...
Bir dengiz,
Dengizda kema,
Ko‘kda chag‘alay,
Samovarda choy bo‘lsa,
Hamda bir choy uzatadigan...

* * *

Yomg‘ir bo‘lsang minglab tomchilar ichidan seni topardim.
Chunki qo‘rqaman, tuproq olganini qaytib bermagay...

* * *

Umr qisqa,
Qushlar uchmoqda.

* * *

Soat o‘n ikkidan keyin,
Barcha ichimliklar
Sharobdir, inon.

* * *

Kim istamas baxtli bo‘lishni?
Ammo baxtsiz bo‘lishga ham
tayyormisan, men bilan birga!

* * *

Men bilan o‘ynamayapti, deb
yig‘layotgan bolakay.
Shoshma, hali, katta bo‘l oldin,
ko‘rasan shunday o‘yinlar
o‘ynashadiki sen bilan…

* * *

Uyg‘ondim, uyg‘ondim va seni o‘yladim
faqat seni, faqat ko‘zlaringni...

* * *

Ko‘rgan joyingda meni bag‘ringga bos...

* * *

Faqat sen bilan kuchliman,
Sen bo‘lmasang hech nimada ma'ni qolmaydi.
Meni sev!

* * *

Sen tomon sayohat qilmoq istayman.
Bir bilet ber, oyna yonidan emas,
Jonga yaqin joyidan bo‘lsin...

* * *

Qahvaxona oldidan mashinalar o‘tmoqda
va yana bir ot-arava…
Seni o‘ylaganda o‘sha ot ham
chiroyli ko‘rinadi ko‘zga.

* * *

Qushlarday chug‘urlaydi,
Chektirgan azoblaring…

* * *

Bir taqvim va bir shisha aroq yetadi menga.
Taqvim: sen keladigan kunlarni belgilash uchun.
Aroq: kelmagan kunlaringni unutish uchun…

* * *

Ovozingda nima bor bilasanmi?!
Aytolmagan so‘zlaring bordir...
Ovozingda nima bor bilasanmi?
Mudragan turkcha bor…

* * *

Ko‘rdimki kulishingdan go‘zal she'r chiqadi.
Sevdim, tavakkal qildim.

* * *

Bilasan men qayerda bo‘lsam
Yolg‘izlikning poytaxti o‘sha shahardir.

* * *

Tashqarida yomg‘ir,
Yuragimda hasrat,
Xotiramda sen...
Uchovingiz bir onda qanday yog‘yapsiz?!
Tushunmay qoldim...

* * *

Soyamga boq, soyamga
Menga oshiq, devona…

Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder