5.05.2015

Ismoil Gaspirali: Sultonlar suhbati




MUKOLAMAI SALOTIN

(ROSTI RASTI)

-1-

"TARJIMON" 22-DEKABR 1906. 144-SON


Samarqand’da.
Samarqand - ilm va adabning qubbasi!
Qadimiy shaharlarning eng eskisi, eng go‘zal shaharlarning eng go‘zali, mashhur shaharlar ichra eng mashhuri, ilm o‘chog‘i sanalguvchi shahar, jahongirlarga beshik bo‘lgan shaharlarning eng buyugi, dunyoni hayratga solgan ulug‘ baldalarning eng muazzami, salom, Samarqand!
Mashina pishqirdi, vagonlar to‘xtadi, tushdim. Samarqandga yetib kelgan edim. Ikki kun shaharni aylandim. Eng nafis va eng latif mahorat bilan bunyod qilingan qadimiy imoratlarni, madrasa, masjid va turbalarni, chinni devorlarga ikki qulochlik rangorang chinni naqshlar bilan kufiy yozuvida bitilgan oyatlarni sayr va mutolaa qildim. Shohi Zinda yonidan Afrosiyob obidasini tomosha qilgandan so‘ng Temur shoh maqbarasiga keldim. Oqshom cho‘kkan edi… Samarqandda nimaiki ko‘rgan bo‘lsam juda go‘zal, nimaiki ko‘rgan bo‘lsam juda xarob. Masalan, Bibixonim madrasasi aqllarni hayratga soladigan darajada latif imorat. Shu bilan birga chinnilarining ahvoliga insonning yig‘lagisi keladi.
Temur shoh maqbarasi… Naqadar muhtasham obida... Chin saddidan Oqdengizga qadar, qahraton Sibirdan jazirama Hindga qadar cho‘zilgan xududda yashab kelayotgan turkiy xalqlarni bir tug‘ ostiga jamlagan va buyuk bir turkiy davlat qurgan Temurning so‘nggi makonidir bu obida… Anchagina unniqib qolgan, ba’zi joylrai o‘pirilgan, ba’zi toshlari ko‘chgan, naqshin yozuvlari nuragan, eshiklari ochilib, unutilishga yuz tutgan turbai oliya…
Fotiha o‘qib ichkariga kirdim. Bir necha pog‘ona bosib pastga tushdim… Rahbari ruhoniysi (ma’naviy yo‘lboshchisi) Sayyid Baraka hazratlari ila yonma-yon yotibdi. Qabr toshlarini ziyorat va tomosha qilar ekanman, Amir Temurning tarixi va zamonasida ro‘y bergan voqealar silsilai nuroniy (nurli silsila) bo‘lib ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi.
Na qadar buyuk ishlar… Naqadar buyuk shaxs… Na qadar ajoyib davron… Va harobga aylangan makon! Dunyo aslı shundoq ekan!
Qalbimdagi turli tuyg‘u va o‘ylarga ko‘milib, boshim aylanib turganimda birdan Sayyid Baraka hazratlarining qabri ustidagi tosh ko‘tarila boshladi. Qo‘rqib, jon havlida zina sahniga otildim va burchakka suyanganimcha qotib qoldim… Tosh ko‘tarilishda davom etdi va ortidan qordek oppoq soqolli bir pir ko‘rindi. Maqbaraning ichi nurdan charog‘on bo‘ldi. Yo, Rab! Bu ne hol?! 
Davomi:  http://www.marufjonyuldashev.com                   

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder