6.03.2016

Bo‘za


BO‘ZA

Ko‘b kishilarning uylarida musallas bilan bo‘zalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy suratda ichkulik sotish bilan tiriklik qilg‘uchilar ham yo‘q emas edilar. Toshkandning Chuqur qishloq degan yerida qozoqlar tomonidan ochilg‘an va hamisha rustamnamo kishilar bilan ayqirib yotqan bo‘zaxonalar ham yo‘q emas edi. Besh oylab Oqmasjid safarida yurib ketkach, Otabek to‘g‘ri shu Chuqur qishloq bo‘zaxonalaridan biriga kelib tushkandek bo‘ldi. Uni kunduz kunlari bo‘zaxonada uchratib bo‘lmasa-da, ammo bo‘zaxonag‘a kelmagan kechasi juda oz edi. Bo‘zagar Otabekning kimning bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma ishni uning tilagiga qarab qilar, ul keldi deguncha oddiy bo‘zaxo‘rlar yonig‘a o‘tquzmay o‘zining maxsus xujrasiga olib kirar, boshqalarg‘a berilaturgan loyqa bo‘zadan bermay, bo‘zaning guli bilan mehmon qilar edi.” (A.Qodiriy. O‘tkan kunlar)
“Bo‘za”, “bo‘zagar”, “bo‘zaxo‘r”, “bo‘zaxona” so‘zlarini, “bo‘zaning guli” tabirini dastlab Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida uchratganman. Matndan “bo‘za” so‘zning “mast qiluvchi ichimlik” ekanligi anglashilib turgani uchun ortiqcha bosh qotirmagan edim. Keyinchalik ham bu so‘zni ko‘p eshitdim, lekin bu qanday ichimlik ekan deb qiziqib ko‘rmadim. Toki 2010-yilgacha…
Turkiyada qish fasli boshlanishi bilan ko‘chalarda oqshomdan to yarim kechagacha bo‘zagarlarning ovozi tinmaydi. Xalqda “qish keldi, bo‘zagarga ish keldi” degan gap ham yuradi. Ular bo‘zalarini “Boooozaaa booozaaa” deb ko‘cahma-ko‘cha baqirib yurib sotishadi. Birinchi marta tatib ko‘rganimda “Otabekni shu biroz shirin, biroz chuchmal-nordon ichimlik mast qilgan ekanmi” deb xayron bo‘lganman. Qiziqib ko‘rsam, bo‘zaning ham turi ko‘p ekan. “Tatar bo‘za” deb ataladigan turi ko‘p achitilgani bois mast qilar ekan. Bunday bo‘zalar usmonli saltanati davrida sotilishi va iste’mol qililinishi taqiqlangan ichimliklar ro‘yxatiga kiritilgan ekan. “Totli bo‘za” deb atalgan turi esa g‘oyat foydali ichimlik sifatida qadimdan sevib tayyorlanar ve iste’mol qilinar ekan.
Xo‘sh, ota-boblarimiz tomonidan o‘ylab topilgan va hozirda dunyo oshxonasining shohona ichimliklaridan biri sifatida e’tirof qilinadigan bo‘za haqida nimalarni bilamiz? Bugun uning o‘zbek oshxonasidagi maqomi qanday? Bu haqda ma’lumot yig‘ish uchun o‘zbek tilidagi internet resurslarini ko‘zdan kechirdim. Bu ichimlik haqida, asosan, “xarom-xalol” bahslaridagina tilga olingan ekan. Faqat bir web sahifada uni qanday tayyorlash haqida ma’lumot berilgan: Bo‘za qilish uchun bir kilogrammcha bulg‘ur(maydalangan bug‘doy) yuviladi. U kastryulkaga solinib, unga ko‘proq suv qo‘yiladi. Bulg‘ur yumshaganigacha bir necha soat qaynatiladi. Suv bilan suzgichda suziladi. Unga shakar solib eritiladi. Xamirturush o‘rnida bir stakan bo‘za qo‘shib yuboriladi. Uni yopib plita oldiga qo‘yib qo‘yiladi. Bir kundan so‘ng uni nordon bir ichimlik sifatida icha boshlanadi. Bulardan kuch-quvvat olish maqsadida, ovqatning hazmi uchun mast bo‘lmaydigan miqdorda ichish halol bo‘lib, ularni ichgan mast bo‘ladigan bo‘lsa yoki chalg‘i bilan kayf uchun ozginagina ichilsa ham so‘z birligi bilan harom bo‘ladilar.” (samarqanduz.com)
Ko‘rinib turganidek, bunda ham mazkur ichimlikning tarixi, foydasi, tayyorlash usullari va turlari haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. Shu bois bu haqda qisqacha to‘xtab o‘tishni lozim topdik:
Bo‘za qadimdan sharq xalqlarining eng sevimli ichimliklardan hisoblanadi. Manbalarda bu ichimlikning miloddan avvalgi 9000-8000 yillarda Mesopotamiyada keng tarqalgani haqida qaydlar mavjud. Bo‘za so‘zining tilimizga fors tilida “don” ma’nosini anglatuvchi “buze”dan o‘zlashganligi aytiladi. Biroq buning aksini, turkiy tillardan forschaga o‘tganligini ta’kidlovchilar ham ko‘p. Eski turkiy tilda “buxum” o‘laroq qo‘llanilgan bu ichimlik mo‘g‘il tilida “bodso”, rus tilida “buza”, ingliz tilida “bosa”, Afrika tillarida “buha” yoki “merissa”, rumin tilida “braga tarzida qo‘llaniladi. Avliyo Chelebiy bu ichimlik ijodkori haqida o‘zining “Sayohatnoma” asarida shunday yozgan edi: “(Istanbulda) bo‘za sotuvchi do‘konlar soni 300 ta bo‘lib, bo‘zachisi 1005 tadir. Ilk daf’a bo‘zani ijod qilgan kishi esa Solsol Tatar edi...”
Arpa, bug‘doy kabi turli donlardan tayyorlanadigan nihoyatda shifobaxsh bu ichimlikning vatani O‘rta Osiyo ekanligi va Onado‘liga ko‘chib kelgan turkiy qavmlar vositasida boshqa xalqlarga o‘tgani ham tarixiy kitoblarda qayd qilingan.
Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining “Devoni lug‘otit turk” asarida bug‘doydan tayyorlanadigan “bekni” yoki “buxum”ni qoraxonlilarning “buxoun”, o‘g‘uzlarning “bo‘za” deb ataganliklari haqida ma’lumot bergan. Ayni asarda bu ichimlikni arablar “mizr” deb ataganliklarini yozgan.
Yunon tarixchisi Ksenofon miloddan avvalgi 401-yil poyonida sharqiy Onado‘lida ko‘chmanchi turklar tomonidan tayyorlangan bo‘zalar haqida atroflicha yozib qoldirgan. 1436-yilda Venetsiyalik sayyoh Giosapxat Barbaro esdaliklarida Ryazan shahrida yashovchi tatarlarning sevimli ichimligi “bossoi” ekanligini yozgan. Rus harbiysi F.S.Yefremov 1755-yilda Buxoro o‘zbeklarining sariq bug‘doydan bo‘za tayyorlashlarini qayd etgan. Nemis sayyohi J. Niebuxr esa 1701-1767-yillarda Qohira, Basra va sharqiy Onado‘lini kezib chiqadi va u yerlarda qish faslida eng ko‘p iste’mol qilinadigan ayronga o‘xshash ichimlikning bo‘za ekanligini aytib o‘tadi. Bugungi kunda “bo‘za” deyilganda sumalak quyuqligidagi oq-sariq rangli nordon va shirin ichimlik nazarda tutiladi.
Bo‘zaning qisqacha tarixi haqidagi fikrlarni shu joyda yakunlaymiz va uni uy sharoitida tayyorlash usuliga to‘xtalamiz.
2 litrlik totli bo‘za uchun:
250 gram bug‘doy
50 gram guruch
350 gram shakar
20 gram xamirturush (yoki tayyor bo‘zadan 100 gram)
Tortiq qilishdan oldin bezatish uchun dolchin va qovurilgan no‘xot.
Bug‘doy va guruch 3 litr suvda yaxshilab qaynatiladi. Quyuqlashib ketsa suv qo‘shib suyiltiriladi. Suzgichdan o‘tkaziladi va sovigandan keyin xamirturush (yoki tayyor bo‘zadan 100 gram), shakar qo‘shib aralashtiriladi. 2 kundan keyin yana aralashtirib sumalak quyuqligida bo‘lganda stakanlarga quyib ustiga dolchin va qovurilgan no‘xat qo‘shib tortiq qilinadi.
Ota-boblarimizni bo‘zqirning shiddatli sovuqlaridan asragan va tamoman o‘zimizning ichimlik bo‘lgan bo‘zani qadriyat sifatida saqlashimiz kerak degan fikrdaman.  
Endi uchunchi kuvachani tugatib, to‘rtinchini chaqirg‘an edi. Bo‘zagar kirdi:
- Bo‘za beraymi, bek? — deb so‘radi.
- Bering, — dedi va: — Mashshog‘ingizni ham kirgizing!
Vaqt yarim kechadan ham og‘qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag‘an xo‘randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo‘zaxona tinchigan edi. Qo‘lma-qo‘l yurib charchag‘an mashshoq ham bo‘shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko‘rgani uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush qo‘lidan bir piyola bo‘zani ichkach, dutorini chertib so‘radi:
- Qanday kuyni chalay, bek aka? 

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder