3.03.2016

Metin Oltio'q

METIN OLTIO‘Q

(14.03.1941-9.07.1993)

Metin Oltioq 1941-yilning 14-martida İzmirning Bergama tumanida dunyoga keldi. O‘rta maktabni tamomlagach tahsilini Anqara universitetida davom ettirdi. 1971-yilda mazkur universitetining Falsafa bo‘limini tamomladi. Ilk she’rlar to‘plami 1976-yilida Darbadar nomi bilan nashr qilindi. Shoir 1990-yilgacha Anqara va Bingo‘ldagi ta’lim dargohlarida falsafa fanidan dars berdi. Shoir 1993-yilning 2-iyul kuni Pir Abdol Madaniyat kunlarini o‘tkazish uchun Sivas shahriga boradi. Tantana ishtirokchilari uchun hozirlangan mehmonxonada katta yong‘in chiqadi. Shoir ham yong‘inda og‘ir jarohatlanadi. Fojiadan bir hafta o‘tgach vafot etadi. O‘sha mash’um yong‘inda jami 34 kishi halok bo‘lgan edi.  

YO‘L
Menga shivirlar shamol
-Ketaylik bu yerlardan.
Ipni o‘tkazmish mahol
Iztirob ignasidan.
Ismimning bosh harfini
Tikkanmish-ey ko‘ksiga.
Menga shivirlar shamol
-Ketaylik bu yerlardan.
Puflar yo‘llarning changin
O‘tib uzuk ichidan
Uzib olmish sochimning
Uch dona oq tolasin.
Senga aytadur shamol
-Ketaylik bu yerlardan.

SOYA
O‘rgimchak to‘riga ilinganicha
Shivirlab so‘raydi daraxtdan shamol:
-Kim u kutayotgan qorong‘u tunda
Yolg‘iz o‘zi turar qaqqayganicha?
Daraxt shovillaydi holsiz, bemajol
Hurkak yaproqlarin titratganicha:
-Bir yo‘lchining soyasi u gavdasini
Kutayotir zulmatga tik boqqanicha.

MENDAN NIMA QOLUR?

Mendan senga nima qolur?
Simillagan simobdayin
Jimirlagan ko‘llar qolur
Sirdoshing bo‘lur mendayin

Mendan senga nima qolur?
Jiyda isli nafasdayin
Jingala soch yellar qolur
Sirdoshing bo‘lur mendayin.

Mendan senga nima qolur?
Kul tagida miltiragan
Umrimdan jindak cho‘g‘ qolur
Sirdoshing bo‘lur mendayin.

OVOZINGNI MAYIN O‘R

So‘zla, tinmasdan so‘zla
Ovozingni mayin o‘r
Sevging ila yashnasin
Ma’nolari birma-bir.
Qara, so‘zlarni ko‘rgin
Navbat kutishar, tayin
So‘zla, tinmasdan so‘zla
Ishq va hayot yashnasin
Tishlaring injusidan.
Ismim kutar, unutma
Men bilan birga kutar
Ovozingga muntazir.

DILEMMA
Bitta qobiq ichida
Bir-biridan ajralmas.
(:)
Ishq va dard yuragimda
Egiz bodom mag‘zidek.

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder