28.06.2026

INTERVYU

 


INTERVYU

“Nega shoirlikni tanlagansiz?” deb so‘radi, mahmadona muxbir qiz. “Nega she’r yozasiz?” qo‘shib qo‘ydi ortidan.

Shoir chuqur tin oldi.

Keyin nigohini qizning qora, kulrang va jigarrang qorishimidan iborat qorachiqlariga tikib, dedi:

“Oddiy jumlalarga sig‘magan dardlarim bor. Avvalo sizga ana shu dardlardan gapirib bersam, nima deysiz?”

“Bajonidil!” dedi bijirdoq muxbir.

“Men aytmoqchi bo‘lgan dardlar ulug‘ dardlar... Ta’rifsiz iztiroblar... Baland qayg‘ulardir... O‘zim bilan bog‘liq emas, dunyo haqida... Dunyoning ruhi haqida... Maddohlar, qo‘rqoqlar, johillar va yuzsizlar haqida...”

“Voy, bu juda qiziq, davom etavering, zo‘r maqola bo‘ladi” yana bijirladi muxbir qiz boshchasini omonat likillatib.

“Men g‘amfurushlik bosqichidan o‘tib bo‘lganman. Ha endi, mening ham boshimda ming bitta tashvish. Kimda yo‘q deysiz? Ammo shunchaki bir dardni doston qilish niyatida emasman. Dunyodan shikoyat qilib yig‘loqi bitiklar bitish ham emas niyatim. Bunday g‘amparastlar, diydagiryon shoirlar kammi atrofda. Pista po‘chog‘ini to‘ldirmaydigan dardni (agar uni dard deyish mumkin bo‘lsa) she’r deb, tomoq qirib, ko‘ringanga o‘qib qarsak kutadigan so‘z tujjorlarini ko‘rsam asabim buziladi. Mendagi dard katta bir isyon, aytsam tilim kuyadi, aytmasam iymonim qaqshaydi. Shunday isyonkor tuyg‘ular bilan qog‘oz qoralash umidida yashayapman necha zamondir!”

“Siz aytgan maqol aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, edi-a to‘g‘risi?” shoir so‘zini to‘g‘riladi bilag‘on muxbir.

Shoir unga qarab istehzoli kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:

“Ha, dil kuysa, chora topilar balki, ammo iymon qaqshasa, oqibati yomon bo‘ladi. Xalq unisiniyam, bunisiniyam ishlatadi o‘rniga ko‘ra. Siz so‘zlarga unchalik ham e’tibor bermang, men nima demoqchi ekanimni anglasangiz shuning o‘zi yetarli bo‘ladi.”

“Ha, albatta, tushunaman, shoirlar boshqacha bo‘lishadi, o‘zga olamlarda o‘z haqiqatlari ichida yashaydi, deyishadi. Shunga munosabatingizni bilsak bo‘ladimi?” chaynalmay aniqroq gapiring degandek kesib-kesib savol tashladi muxbir qiz.

Shoirning biroz ensasi qotdi, lekin bildirmadi. Ko‘zini yo‘l chetida o‘tirib skripka chalayotgan, g‘ilofiga ibrati olam uchun to‘rt-besh tanga va ikki ming so‘mlik tashlab qo‘ygan bolaning umidvor ko‘zlariga qaratdi. Uning ko‘zlari u chalayotgan musiqadan ko‘ra ta’sirli edi. Keyin sal narida plastik idishlarni yig‘ib saralab o‘tirgan bolaga qaradi. U atrofdagilarga butunlay befarq edi. Skripkadan taralayotgan kuyga e’tibor ham qilmasdi. Axlat quti atrofidagi tunika idishlarni olib ag‘darib ko‘radi, keyin yalang oyoqchalari bilan ezib pachoqlaydi va qopiga soladi. Plastik idishlarni ham ichini bo‘shatib, qopiga joylaydi. Yerda sochilib yotgan qog‘oz va boshqa buyumlarni to‘plab axlat qutisiga tashlaydi va yo‘lida xotirjam davom etadi.

Shoir muxbirning savoliga javob topganday gapirishga shoshdi: “Ko‘rdingizmi, ko‘rdingizmi, bolakayni ko‘rdingizmi?”

Muxbir ajablanib atrofga alangladi:

“Kimni? Qaysi birini? Hu anavi lo‘li bolanimi yo mashshoq bolani aytyapsizmi?”

“Mayli qo‘yavering, shoirlar yashaydigan o‘sha siz aytgan g‘ayritabiiy olam haqiqatan g‘alati. U olamda bolalarning na millati, na irqi, na jinsi bor. Bola! Bo‘ldi shu.”

“Shoir o‘zi kim? Keling shu savoldan davom etaylik, hozirgi ortiqcha gaplarni kesib tashlaymiz. Zaryadim kamroq, shunga aniq-aniq javob bersangiz. Chalg‘imaylik, iltimos!” oz qolsa urishdan ham toymaydigandek ovozini qattiqlashtirdi muxbir.

Shoir “kel, shuni bir xafsalasini pir qilay” dedi va atayin muxbir kutmagan ohang va mazmunda gapirdi:

“Hmm, shoir kim deng? Jamiyatga nima beradi, deysiz-da! Hamma mehnat qilib, ter to‘kib pul topadi, shoir nima ishlab chiqaradi demoqchisiz-da!”

“Vrode bii, da...” dedi muxbir zamonaviyligini ta’kidlagisi kelib.

“Ha, unda eshiting. Shoirlar ham bir navi novvoylardir. Xuddi novvoylardek, bug‘doydan un qiladi, xamir qorib, tandirga o‘t yoqadi, olov ichiga kirib kuyib-pishib non yopadi-uzadi. So‘z bilan ishlash ham shunday. Qay-qayerlardan topib-tutib olib kelishi bor, to‘rtta so‘zga qo‘shib ma’nili gap tuzishi bor, ohang degan tandirda toblashi bor. Uni maromini topib uzib olish uchun otash bilan yuzma-yuz turish kerak va yana allaqancha gap-da, qizim...” dedi shoir bularni koshki tushunaolsang, degandek qarab.

“Shoirlarga hamma xavas qiladi, ayniqsa yoshlar. Ularga nima degan bo‘lardingiz?” suhbat oxirlab qolganini bildirish uchun beriladi odatda bunday savol. Shoir angladi va gapni uzoqdan boshladi:

“Aslida shoirlar xuddi Don Kixot kabidirlar. Ular shafqatsiz va quruq moddiy voqelikni qabul qilishni rad etib, o‘z metaforalari va lisoniy kashfiyotlari vositasida mutlaqo yangi, go‘zal va adolatli dunyolarni bino qiluvchi oliyjanob ritsarlardir. Kundalik hayotning his-tuyg‘usiz sovuqligi va ijtimoiy adolatisizliklari singari zamonaviy “shamol tegirmonlari” qarshisiga ular qo‘lidagi ojizgina qalamni xuddi Don Kixotning singan nayzasidek baland tutib, umidsiz, ammo sharafli iqtisodiy-ekzistensial jangga kiradilar. Bu kurashda tashqi dunyo mezonlari bo‘yicha ular doimo mag‘lub va “hech narsa bo‘lolmaganlarning qiroli” bo‘lib ko‘rinsalar-da, o‘z nafsi va egosidan kechib, so‘z ortidagi sukunatni muqaddas bir idealga aylantira olganliklari bois, ularning mag‘lubiyati aslida insoniyat ruhiyati ustidan qozonilgan eng buyuk ma’naviy g‘alabadir.”

Muxbir qiz birdan to‘xtadi. Bu yerda nimalar bo‘layotganini anglolmay qoldi. Nega bu yerda ekanligi-yu, qarshisidagi odam kim, shu haqda o‘ylay boshlagan bo‘lsa ajabmas. Shoir esa buni fursat bilib yana shosha-shosha gapira boshladi:

“Shoirlar, agar bilsangiz, zodagonlar uchun yashaydi, eski zamonlarda ularni burjuy deyishardi, ha shunday, shoirlar o‘sha zodagonlarga taqlid qiladi. Suv bo‘yida soyabonli kokteyllar, yashil zaytunli martinilar, billur qadahlarda tortiq qilinadigan shampanlar, yengil shabadada ham Merilin Monronikidek havolanadigan harir etaklar, hovuz bo‘yidagi bog‘ bazmlarida so‘nayotgan yosh qizlarning umidlari...”

“Shoshmang, shoshshshm... Merilin Monroning nima aloqasi bor savolga? G‘alati emasmi? Tushuntiribroq gapirsangiz...” muxbirning hayrati oshdi.

“Iyeye qiziq ekansizuuu. She’riyat aynan o‘sha harir etaklarda-da!”

“Qanday? Voyy...”

“Tasvvvur qiling, oyqiz. O‘sha kadrni eslaysiz-a. O‘sha kadr adabiyot va san’atdagi “oniy go‘zallik” konsepsiyasining oliy ifodasi, axir. Shamol nazorat qilib bo‘lmaydigan tabiat kuchini ifodalasa, ko‘ylak etaklari insoniyat yaratgan estetikaning ramzi. Tabiat bilan go‘zallikning to‘satdan to‘qnashishi vizual bir portlashni yuzaga keltirganligini  butun dunyo biladi. Mana shu axir eng katta she’r edi. Rejissyorni ham rejissyor emas buyuk shoir deyish mumkin edi.”

“Shu sahnadan keyin uni eri tashlab ketgani rostmi?” Muxbir qiz shoirning tuzog‘iga tushib bo‘lgan edi. Endi shoir salmoqlab, so‘zlay boshladi:

“Ushbu kadr suratga olinayotganda ko‘chada minglab muxlislar to‘plangan edi va aktrisaning turmush o‘rtog‘i, mashhur beysbolchi Jo Di Madjio bu sahnani ko‘rib, qattiq rashk qiladi va qiyomat janjal ko‘taradi. Natijada, ushbu afsonaviy vizual lahza tufayli ularning nikohi buziladi. Ya’ni, san’atdagi eng chiroyli kadr ortida katta bir shaxsiy hayot inqirozi yashiringan edi.”

Shoir biroz tin oldi. Hech kimga tegishli bo‘lmagan bu so‘zlar, unga ham tegishli emas edi. U ham o‘zi emasdi zotan. Muxbir ham o‘z ishini hali topib ulgurmagani aniq edi.

Muxbir qiz odatdagidek o‘zini hech nima anglamayotganligini yashirish uchun “Nima demoqchi bo‘lganingizni angladim”, dedi tabassum bilan. Bu tabassum ayni paytda yolg‘onni yashirish uchun ishlatiladgan eng beg‘ubor qurol edi. Va so‘nggi savolni berdi: “Agar umumlashtiradigan bo‘lsak, kitobxon yoshlarga, muxlislaringizga shu savollarga javob bersangiz? Shoirlik nima, shoir bo‘lish uchun nima qilish kerak? Jamiyatga shoirlar nima uchun kerak?”

Shoir chuqur xo‘rsindi, uning nigohida ham shafqat, ham cheksiz bir isyon porladi:

“O‘zi bo‘lish o‘rniga o‘zgalarga taqlid qilgan kimsaga ko‘ngil qo‘yishga o‘xshaydi shoirlik. Umid tujjorligidir shoirlik. Shoir bo‘lish degani asl mohiyatini yo‘qotgan dunyoga arzon xayollar sotish degani va o‘sha xayollarni sotib olishga tayyor bo‘lgan badbaxtlarni topish deganidir!

Shoir bo‘lish uchun nima qilish kerak, deysizmi? Ichingizdagi halovatni o‘ldirishingiz kerak bo‘‘adi! Haqiqatlar ipak ko‘rpachalarda o‘tirib izlanmaydi. Mushtingizni tugib yuragingiz ustiga qo‘ying. Qay biri kuchli o‘zingiz anglaysiz. Shoir bo‘lish Merilin Monroning havoga uchgan etaklaridek lahzalik go‘zallikka aldanib yashamaslik, hayot haqiqatlarini ko‘ra bilish demakdir. Istasangiz shoirlarni podshoh deng, istasangiz masxaraboz, istasangiz shahar maydonlaridagi fontanlar oldida sepilgan don-dunlarni yeb kun ko‘radigan kabutarlar deng. Biz hammayoqni bosgan quruq shovqin ichida so‘z aytamiz va o‘sha so‘z tugagan joyda, so‘z ortidagi mutlaq sukunatni, o‘ta mahram “men”ni uyg‘otib ketamiz. Ehtimol, biz kimlarning nazdida hayotning mag‘lub kimsalaridirmiz, mag‘lub bo‘la turib ham g‘alaba na’rasini ayta oladigan Don Kixotlardirmiz! Shuning uchun, muxbir xonim, kimsasiz ko‘chalarda skripka chalinayotganda yoxud yalang oyoqlari bilan cho‘p to‘plab yurgan bolalarni ko‘rganingizda yig‘lashni bilmasangiz, she’rdan, shoirdan uzoqroq yuring. Va unutmang, dunyoga umid ulashgani kelgan, odamlarga xayol sotishni a’mol bilgan shoirlardan ko‘ra, qalb o‘rnida katta bir bo‘shliqni ko‘tarib yurgan va baxtsizligidan bexabar kimsalar ko‘proq zarar keltiradi.”

M.Y.

28/06/2026


SO‘Z ORTIDAGI SUKUNAT

 


SO‘Z ORTIDAGI SUKUNAT YOXUD SHANDOR VYOROSH SHE’RIYATIGA CHIZGILAR

 Venger (mojor) adabiyoti Yevropa madaniy makonida o‘zining lisoniy va estetik o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Fin-ugor tillari oilasiga mansub bo‘lgan venger tili o‘zining agglutinativ tabiati hamda boy leksiksemantik imkoniyatlari tufayli poetik eksperimentlar uchun nihoyatda qulay muhit yaratgan. Venger she’riyati deganda odatda Shandor Petefining jo‘shqin lirikasi ko‘z oldimizga kelsa-da, XX asr o‘rtalariga kelib bu adabiyotda butunlay boshqacha shakl va ohanglardagi falsafiy-konseptual qatlam shakllandi. Ushbu harakatning eng yirik namoyandasi shubhasiz Shandor Vyorosh (Sándor Weöres, 1913–1989) hisoblanadi.

Shandor Vyorosh ijodi sharq tasavvuf falsafasi, qadimgi hind madaniyati va ekzistensial falsafaning G‘arb adabiy an’analari bilan lingvistik sintezi hisoblanadi. Shoir o‘z ijodida tilni shunchaki vosita deb bilmaydi, balki til yordamida insoniyatning ekzistensial inqirozlarini va ruhning pinhona qatlamlarini nishonga oladi. Uning novatorligi mojor tilning shakliy va mazmuniy chegaralarini ijodiy transformatsiya qilishga urinish, inson ijtimoiy va individual psixologiyasini so‘z konstruksiyalari orqali tahlil qilish orqali milliy tafakkur tarzini yangilash kabilar bilan belgilanadi. Shoir ijodida inson ongi, uning soxta emotsional tabiati va borliqning subyekt-obyekt munosabatlari butunlay individual lisoniy mezonlar asosida o‘z ifodasini topdi. Quyida shoirning bir necha she’rini birinchi marta o‘zbek tilida taqdim qilamiz:

 

IKKILIK

Olam kitobida birgina chiziqman, chiziq.

Va o‘shal kitobning kotibiman, qiziq.

 

EGO

Ko‘zguga boq kimdir u?

Soya o‘zin nurman der.

Ko‘zguni sindirib ko‘r,

Faqat guvoh borman der.

 

CHEGARA

So‘zdan avval sukunat.

So‘zdan keyin sukunat.

Oraliqda hukmron

Men ismli shaytanat.

 

MAYMUNJON

Kuz tunlari

miltirar,

miltirar maymunjonning

zarrin ko‘ylagi.

Tikanlar shivirlar,

shabboda esar tinmay,

titrar maymunjon shoxi

nafis, mahzun, bechora.

Oy pardasin ko‘tardi,

buta qizga aylandi

va yig‘laydi betinim...

Kuz tunlari,

miltirar,

miltirar maymunjonning

zarrin ko‘ylagi.

 

MAYMUNLAR YURTI

O, olis Maymuniston, maymunlar o‘lkasidir,

Baobabda pishgani maymunlar kulchasidir,

Maymunpanjara ortidan, maymuntirqishdan esgan

Maymuniy shamollarning maymuniy kuychasidir.

Maymunmaydon, maymunbosh maymunboylarga to‘lar,

Maymunjang maydonida maymuniy urush bo‘lar,

Maymunsanatoriylar ichra maymunbemorlar

Maymuniy azob chekib, maymuniy faryod qilar.

Maymunqiz maymunona dars olar, o‘qir maktab,

Maymuniy alifboni olar u tezda yodlab.

Yovuz maymunamaki, kishanli oyog‘ini

Maymuniy qamoqlarda urar yerga g‘azabnok.

Maymuntegirmon tayyor, uning ishi unumdor,

Maymunmayonezlarga juda ko‘pdir talabgor.

Yutqazmas maymunzehn hech mag‘lub bo‘lgan emas,

Maymuniy daholarga madhlar, maqtov kam emas.

Maymuniy ustundagi maymuntiling maymunshoh,

Maymuntilida so‘zlar, maymunxalq unga ogoh.

Maymuntoshi yetganga maymunjannatdir o‘sha,

Yiqilgan badbaxtga ham maymundo‘zax kifoya.

Makaka, shimpanzeyu, gorilla va babunlar,

Orangutan barchasi, kechki maymuntaomda,

Maymuniy gazetasin qo‘lga olib gupurar,

Varaqlar har bir satrin mudrar, ko‘zlari do‘nar.

Maymunkechki ovqatning xotirasi bilan mast,

Maymunhojatxona ham mehmonlarga urar dam.

Maymunaskarlar esa saf tortishar, kelmay past,

"O‘ngga buril!", "So‘lga yur!", "Bo‘l, shaxdam!"

Maymunharbiy dahshatning sovuq, vahshiy soyasi

Maymuniy chehralarda aks etadi nafratlar.

Maymuniy mushtlarida maymuniy qurol bilan

Bizga qarab kelmoqda ongsiz gala maymunlar...

M.Yo‘ldoshev tarjimasi

 

Tarjimon izohi. Shandor Vyorosh ijodida antropologik inqiroz va insoniyat jamiyatining mexanizatsiyalashuvi o‘ziga xos tarzda fosh etiladi. Shoirning dunyoga mashhur “Maymunlar yurti” (Majomország) asari badiiy adabiyotda grotesk va ekzistensial absurdning oliy namunasidir.

Lisoniy nuqtayi nazardan, ushbu asarning butun karkasi bitta strukturaviy usul agressiv prefiksatsiya va leksik takror ustiga qurilgan. Har bir ijtimoiy, huquqiy, madaniy va harbiy termin oldiga vengercha majom- (maymun) so‘ziining sun’iy ravishda biriktirilishi matnda semantik bosim effektini hosil qilgan. Natijada, til o‘zining informativ-kommunikativ funksiyasini yo‘qotib, totalitar tizimlardagi mexanik signallarga taqlid qila boshlaydi.

Falsafiy jihatdan esa klassik adabiyotdagi an’anaviy antropomorfizm (hayvonlarni insonga o‘xshatish orqali tasvirlash) bu yerda tamoman teskari tendensiyaga ega, ya’ni inson va uning jamiyati borliq strukturasi bilan birga hayvoniy-instinktiv darajaga tushirib yuboriladi.

 

ATAJAN TAGAN



ZAMONAVIY TURKMAN SHE’RIYATI VA ATAJAN TAGAN 

Bugungi turkman she’riyati qadimiy va boy badiiy an’analarga, xususan, umumturkiy madaniyatning tamal toshlaridan biri bo‘lgan Maxtumquli Farog‘iy maktabiga tayanadi. Bu she’riyatning bosh xususiyati — sahro falsafasining kengligi, inson qalbi va nafsi orasidagi kurash, millatning tarixiy qismati va sufiyona ramzlar tizimi (majozlar) orqali hayotning mangu jumboqlariga javob izlashdir. Zamonaviy turkman she’riy tili o‘zining musiqiyligi, og‘uz lahjasining shirali tiniqligi bilan turkiy tilli kitobxonlar, ayniqsa, o‘zbek adabiy muhiti uchun nihoyatda yaqin va anglashilarlidir.

Ana shu boy va teran adabiy zaminning bugungi kundagi eng serqirra va salmoqli siymolaridan biri — mashhur shoir, dramaturg va prozaik Atajan Tagan (Otajon To‘g‘on) hisoblanadi. Adib 1940-yilda Turkmanistonning qadimiy Tejen vohasida tug‘ilgan bo‘lib, uning serqarrov ijodi allaqachon turkman milliy madaniyatining oltin fondidan mustahkam joy olgan. Muallif sifatida unda kuchli milliy tafakkur, etnografik xotira va tarixiy voqelikni badiiy umumlashtirish mahorati ustuvorlik qiladi. U nafaqat lirik meros, balki turkman xalqining ma’naviy suyagi bo‘lgan siymolar hayotiga bag‘ishlangan yirik tarixiy romanlar va falsafiy dramalar muallifi sifatida ham tanilgan.

Atajan Tagan she’riyati sharqona majozlarga, tasavvufiy ishoralarga va klassik g‘azaliyat an’analarining zamonaviy badiiy tafakkur bilan sinteziga boydir. Shoir inson ruhiyatining yashirin qatlamlariga kirib borar ekan, nafs va iymon, omonat dunyo va boqiylik, o‘tkinchi zamon va mangu makon o‘rtasidagi dramatik kurashni yuksak pardalarda ochib beradi. Shu bois ham uning nazmiy asarlari, undagi teran falsafiy xulosalar va vazn o‘yinlari o‘zbek kitobxoni va adabiyotshunosligi uchun ham qadrli va tanishdir. Quyida Atajaon Tagan qalamiga mansub she’rlardan namunalar keltiramiz.  

 

 YO‘LLAR

 

Ko‘p yo‘llarni ko‘rdi bu ko‘zim,

Qay biri tekisu, qay biri ravon.

Yo‘llar tugamaydi, tugarkan umr,

Har kim yo‘llaridan izlarkan o‘zni.

 

Kimdir soya izlar, kimdir issiq cho‘g‘,

Manzilga yetguncha sinar bu zamon.

Agar yo‘l yo‘qolsa, Vatan ham yo‘qdir,

Haq yo‘lni topganlar bo‘lmagay vayron.

 

KO‘NGIL

 

Ko‘ngil bir shishadir, sindirsang agar,

Dunyoning mulkini bersang ham bitmas.

Ichinda yashirin Allohning nuri,

Pok bo‘lmasa qalbing, duoing o‘tmas.

 

YaShAMOQ FALSAFASI

 

Bulbul oltin qafas ichra sayramas,

Erkin uchmoq uchun kengliklar kerak.

Inson ham zanjirda baxtni anglamas,

Unga sof muhabbat, sodiq yor kerak.

 

YILLAR VA YO‘LLAR

 

Ko‘p zahmatlar chekdim, ko‘p diyor kezdim,

Goho uyqusizlik, goh ochlik ko‘rdim.

Yurakda bir armon, ko‘zimda bir nur,

Vaqtning daryosida umrimni surdim.

 

Dunyoni aylansang, toparsan ma’no,

Odam qalbi bilan o‘lchagin doim.

Azaldan beridir bu ko‘hna qonun:

Haqiqat yashnagay dil bo‘lsa tanho.

 

Turkman tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi

27.06.2026

BOLQONLARDAN BIR SAS

BOLQONLARDAN BIR SAS

Gagauz (go‘kog‘uz) she’riyati Bolqon va Dunay havzasida yashovchi, pravoslav nasroniylik diniga e’tiqod qilsa-da, o‘z turkiy o‘zligini va og‘uz lahjasini asrlar davomida saqlab qolgan matonatli bir xalqning badiiy tafakkur ko‘zgusidir.

Gagauz she’riyatida o‘lka tabiatini kuylash, millatning tarixiy qismatini anglash-anglatish va ona tilini o‘zga tillar ta’siridan asrash mavzulariga keng e’tibor qaratiladi. Shu bois ham gagauz lirikasida didaktik ohang, vatanparvarlik va millatparvarlik g‘oyalari yetakchi o‘rin tutadi.

Gagauz adabiyotining zamonaviy bosqichida mashhur shoir, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Todur Zanet (Todur Zanet, 1958 yilda tug‘ilgan) alohida maktab yaratgan yirik siymo hisoblanadi. U nafaqat gagauz milliy madhiyasi muallifi, balki millatning badiiy tafakkurini uyg‘otgan “Ana sozu” (“Ona so‘zi”) gazetasining asoschisi va bosh muharriridir. Todur Zanet she’riyati og‘uz turkchasining ichki poetik imkoniyatlarini kengaytirgani, an’anaviy folklor obrazlarini (masalan, Ko‘k bo‘ri timsolini) zamonaviy falsafiy konnotatsiyalar bilan boyitgani bilan ahamiyatlidir. Uning lirikasida xalqning asriy dardi, vatan tuprog‘ining muqaddasligi va millat qadriyati ramziy va hayotiy bo‘yoqlarda mahorat bilan ifodalangan.

Todur Zanet ijodi o‘zbek kitobxoni uchun juda yaqin va tushunarlidir. Shoir asarlarida qadimiy turkiy so‘z ildizlari, ohangdoshlik va barmoq vaznining go‘zal shakllari namoyon bo‘ladi. Uning «Ana dili» kabi konseptual she’rlari mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘zbek adabiyotidagi Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning til haqidagi qutlug‘ nidolari bilan uyg‘unlashib ketadi. Todur Zanetning quyidagi she’rlari Bolqon turkiy dunyosining nafasi va badiiy salohiyatini namoyon etishi bilan muhimdir.

 

ONA TILI

Onajonim, ona tilimsan,

Tilagimsan, to‘g‘ri yo‘limsan.

Dunyo sensiz tatimas menga,

Bitmas sensiz yurakdagi g‘am.

 

Tilim mening - totli bolimsan,

Azim chinorimsan, shoxlari osmon.

Omon bo‘lgin tilim, boru budimsan,

Sen bilan boqiydir Bujog‘im* omon.

 

(*Bujoq - joy nomi)

 

TILINGNI ASRAGIN, XALQIM!

 

Tilingni asragin, ey aziz xalqim,

Tiz cho‘kay qarshingda, yolvoray o‘zim.

O‘g‘il-qizga insof, aql-xush tilay,

To tirikman takrorlayman duoda.

Tilingni avayla, ey aziz xalqim!

 

Tafakkur qil, atrofingga nazar sol,

Ona tili qanday rivoj topgaydir?

Sen ishonsang bo‘lgay u madadkoring,

Yengolmaydi zo‘r bo‘lsa-da dushmaning.

Tilingni asragin, ey aziz xalqim!

 

Tiling bo‘lsa, bordir dunyoda noming,

Noming ila tilga olgaylar shoning.

Bolalaring, jondan aziz jigarlaring

So‘zlasinlar sevib-suyib ona tilda.

Tilingni asragin, ey aziz xalqim!

 

Suvdek oqib ketar, bor molu davlat

Bu dunyoda omon qolgay ona til!

Ona  tiling tomiringdagi qoning,

Borliging, birliging, qudratingdir u.

Tilingdan kechmagin, ey aziz xalqim!

 

Tilingni asragin, ey aziz xalqim!

Aytar so‘zlarimni qulog‘ingga ol,

O‘g‘il-qizlaringga es-xush tilayin,

Tiz cho‘kib yolvoray duolarimda,

Tilingni asragin, ey aziz xalqim!

 

Gagauz tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi