INTERVYU
“Nega shoirlikni
tanlagansiz?” deb so‘radi, mahmadona muxbir qiz. “Nega she’r yozasiz?” qo‘shib qo‘ydi
ortidan.
Shoir chuqur
tin oldi.
Keyin nigohini
qizning qora, kulrang va jigarrang qorishimidan iborat qorachiqlariga tikib, dedi:
“Oddiy jumlalarga
sig‘magan dardlarim bor. Avvalo
sizga ana shu dardlardan gapirib bersam, nima deysiz?”
“Bajonidil!”
dedi bijirdoq muxbir.
“Men aytmoqchi
bo‘lgan dardlar ulug‘ dardlar... Ta’rifsiz iztiroblar... Baland qayg‘ulardir...
O‘zim bilan bog‘liq emas, dunyo haqida... Dunyoning ruhi haqida... Maddohlar, qo‘rqoqlar,
johillar va yuzsizlar haqida...”
“Voy, bu juda
qiziq, davom etavering, zo‘r maqola bo‘ladi” yana bijirladi muxbir qiz boshchasini
omonat likillatib.
“Men g‘amfurushlik
bosqichidan o‘tib bo‘lganman. Ha endi, mening ham boshimda ming bitta tashvish.
Kimda yo‘q deysiz? Ammo shunchaki bir dardni doston qilish niyatida emasman. Dunyodan
shikoyat qilib yig‘loqi bitiklar bitish ham emas niyatim. Bunday g‘amparastlar,
diydagiryon shoirlar kammi atrofda. Pista po‘chog‘ini to‘ldirmaydigan dardni (agar
uni dard deyish mumkin bo‘lsa) she’r deb, tomoq qirib, ko‘ringanga o‘qib qarsak
kutadigan so‘z tujjorlarini ko‘rsam asabim buziladi. Mendagi dard katta bir isyon,
aytsam tilim kuyadi, aytmasam iymonim qaqshaydi. Shunday isyonkor tuyg‘ular bilan
qog‘oz qoralash umidida yashayapman necha zamondir!”
“Siz aytgan
maqol aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, edi-a to‘g‘risi?” shoir so‘zini to‘g‘riladi
bilag‘on muxbir.
Shoir unga
qarab istehzoli kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Ha, dil kuysa,
chora topilar balki, ammo iymon qaqshasa, oqibati yomon bo‘ladi. Xalq unisiniyam,
bunisiniyam ishlatadi o‘rniga ko‘ra. Siz so‘zlarga unchalik ham e’tibor bermang,
men nima demoqchi ekanimni anglasangiz shuning o‘zi yetarli bo‘ladi.”
“Ha, albatta,
tushunaman, shoirlar boshqacha bo‘lishadi, o‘zga olamlarda o‘z haqiqatlari ichida
yashaydi, deyishadi. Shunga munosabatingizni bilsak bo‘ladimi?” chaynalmay aniqroq
gapiring degandek kesib-kesib savol tashladi muxbir qiz.
Shoirning biroz
ensasi qotdi, lekin bildirmadi. Ko‘zini yo‘l chetida o‘tirib skripka chalayotgan,
g‘ilofiga ibrati olam uchun to‘rt-besh tanga va ikki ming so‘mlik tashlab qo‘ygan
bolaning umidvor ko‘zlariga qaratdi. Uning ko‘zlari u chalayotgan musiqadan ko‘ra
ta’sirli edi. Keyin sal narida plastik idishlarni yig‘ib saralab o‘tirgan bolaga
qaradi. U atrofdagilarga butunlay befarq edi. Skripkadan taralayotgan kuyga e’tibor
ham qilmasdi. Axlat quti atrofidagi tunika idishlarni olib ag‘darib ko‘radi, keyin
yalang oyoqchalari bilan ezib pachoqlaydi va qopiga soladi. Plastik idishlarni ham
ichini bo‘shatib, qopiga joylaydi. Yerda sochilib yotgan qog‘oz va boshqa buyumlarni
to‘plab axlat qutisiga tashlaydi va yo‘lida xotirjam davom etadi.
Shoir muxbirning
savoliga javob topganday gapirishga shoshdi: “Ko‘rdingizmi, ko‘rdingizmi, bolakayni
ko‘rdingizmi?”
Muxbir ajablanib
atrofga alangladi:
“Kimni? Qaysi
birini? Hu anavi lo‘li bolanimi yo mashshoq bolani aytyapsizmi?”
“Mayli qo‘yavering,
shoirlar yashaydigan o‘sha siz aytgan g‘ayritabiiy olam haqiqatan g‘alati. U olamda
bolalarning na millati, na irqi, na jinsi bor. Bola! Bo‘ldi shu.”
“Shoir o‘zi
kim? Keling shu savoldan davom etaylik, hozirgi ortiqcha gaplarni kesib tashlaymiz.
Zaryadim kamroq, shunga aniq-aniq javob bersangiz. Chalg‘imaylik, iltimos!” oz qolsa
urishdan ham toymaydigandek ovozini qattiqlashtirdi muxbir.
Shoir “kel,
shuni bir xafsalasini pir qilay” dedi va atayin muxbir kutmagan ohang va mazmunda
gapirdi:
“Hmm, shoir
kim deng? Jamiyatga nima beradi, deysiz-da! Hamma mehnat qilib, ter to‘kib pul topadi,
shoir nima ishlab chiqaradi demoqchisiz-da!”
“Vrode bii,
da...” dedi muxbir zamonaviyligini ta’kidlagisi kelib.
“Ha, unda eshiting.
Shoirlar ham bir navi novvoylardir. Xuddi novvoylardek, bug‘doydan un qiladi, xamir qorib,
tandirga o‘t yoqadi, olov ichiga kirib kuyib-pishib non yopadi-uzadi. So‘z bilan
ishlash ham shunday. Qay-qayerlardan topib-tutib olib kelishi bor, to‘rtta so‘zga qo‘shib
ma’nili gap tuzishi bor, ohang degan tandirda toblashi bor. Uni maromini topib uzib
olish uchun otash bilan yuzma-yuz turish kerak va yana allaqancha gap-da, qizim...”
dedi shoir bularni koshki tushunaolsang, degandek qarab.
“Shoirlarga
hamma xavas qiladi, ayniqsa yoshlar. Ularga nima degan bo‘lardingiz?” suhbat oxirlab
qolganini bildirish uchun beriladi odatda bunday savol. Shoir angladi va gapni uzoqdan
boshladi:
“Aslida shoirlar
xuddi Don Kixot kabidirlar. Ular shafqatsiz va quruq moddiy voqelikni qabul qilishni
rad etib, o‘z metaforalari va lisoniy kashfiyotlari vositasida mutlaqo yangi, go‘zal
va adolatli dunyolarni bino qiluvchi oliyjanob ritsarlardir. Kundalik hayotning
his-tuyg‘usiz sovuqligi va ijtimoiy adolatisizliklari singari zamonaviy “shamol
tegirmonlari” qarshisiga ular qo‘lidagi ojizgina qalamni xuddi Don Kixotning singan
nayzasidek baland tutib, umidsiz, ammo sharafli iqtisodiy-ekzistensial jangga kiradilar.
Bu kurashda tashqi dunyo mezonlari bo‘yicha ular doimo mag‘lub va “hech narsa bo‘lolmaganlarning
qiroli” bo‘lib ko‘rinsalar-da, o‘z nafsi va egosidan kechib, so‘z ortidagi sukunatni
muqaddas bir idealga aylantira olganliklari bois, ularning mag‘lubiyati aslida insoniyat
ruhiyati ustidan qozonilgan eng buyuk ma’naviy g‘alabadir.”
Muxbir qiz
birdan to‘xtadi. Bu yerda nimalar bo‘layotganini anglolmay qoldi. Nega bu yerda
ekanligi-yu, qarshisidagi odam kim, shu haqda o‘ylay boshlagan bo‘lsa ajabmas. Shoir
esa buni fursat bilib yana shosha-shosha gapira boshladi:
“Shoirlar,
agar bilsangiz, zodagonlar uchun yashaydi, eski zamonlarda ularni burjuy deyishardi,
ha shunday, shoirlar o‘sha zodagonlarga taqlid qiladi. Suv bo‘yida soyabonli kokteyllar,
yashil zaytunli martinilar, billur qadahlarda tortiq qilinadigan shampanlar, yengil
shabadada ham Merilin Monronikidek havolanadigan harir etaklar, hovuz bo‘yidagi
bog‘ bazmlarida so‘nayotgan yosh qizlarning umidlari...”
“Shoshmang,
shoshshshm... Merilin Monroning nima aloqasi bor savolga? G‘alati emasmi? Tushuntiribroq
gapirsangiz...” muxbirning hayrati oshdi.
“Iyeye
qiziq ekansizuuu. She’riyat aynan o‘sha harir etaklarda-da!”
“Qanday? Voyy...”
“Tasvvvur qiling,
oyqiz. O‘sha kadrni eslaysiz-a. O‘sha kadr adabiyot va san’atdagi “oniy go‘zallik”
konsepsiyasining oliy ifodasi, axir. Shamol nazorat qilib bo‘lmaydigan tabiat kuchini
ifodalasa, ko‘ylak etaklari insoniyat yaratgan estetikaning ramzi. Tabiat bilan
go‘zallikning to‘satdan to‘qnashishi vizual bir portlashni yuzaga keltirganligini butun dunyo biladi. Mana shu axir eng katta she’r
edi. Rejissyorni ham rejissyor emas buyuk shoir deyish mumkin edi.”
“Shu sahnadan
keyin uni eri tashlab ketgani rostmi?” Muxbir qiz shoirning tuzog‘iga tushib bo‘lgan
edi. Endi shoir salmoqlab, so‘zlay boshladi:
“Ushbu kadr
suratga olinayotganda ko‘chada minglab muxlislar to‘plangan edi va aktrisaning turmush
o‘rtog‘i, mashhur beysbolchi Jo Di Madjio bu sahnani ko‘rib, qattiq rashk qiladi
va qiyomat janjal ko‘taradi. Natijada, ushbu afsonaviy vizual lahza tufayli ularning
nikohi buziladi. Ya’ni, san’atdagi eng chiroyli kadr ortida katta bir shaxsiy hayot
inqirozi yashiringan edi.”
Shoir biroz
tin oldi. Hech kimga tegishli bo‘lmagan bu so‘zlar, unga ham tegishli emas edi.
U ham o‘zi emasdi zotan. Muxbir ham o‘z ishini hali topib ulgurmagani aniq edi.
Muxbir qiz
odatdagidek o‘zini hech nima anglamayotganligini yashirish uchun “Nima demoqchi
bo‘lganingizni angladim”, dedi tabassum bilan. Bu tabassum ayni paytda yolg‘onni
yashirish uchun ishlatiladgan eng beg‘ubor qurol edi. Va so‘nggi savolni berdi:
“Agar umumlashtiradigan bo‘lsak, kitobxon yoshlarga, muxlislaringizga shu savollarga
javob bersangiz? Shoirlik nima, shoir bo‘lish uchun nima qilish kerak? Jamiyatga
shoirlar nima uchun kerak?”
Shoir chuqur
xo‘rsindi, uning nigohida ham shafqat, ham cheksiz bir isyon porladi:
“O‘zi bo‘lish
o‘rniga o‘zgalarga taqlid qilgan kimsaga ko‘ngil qo‘yishga o‘xshaydi shoirlik. Umid
tujjorligidir shoirlik. Shoir bo‘lish degani asl mohiyatini yo‘qotgan dunyoga arzon
xayollar sotish degani va o‘sha xayollarni sotib olishga tayyor bo‘lgan badbaxtlarni
topish deganidir!
Shoir bo‘lish
uchun nima qilish kerak, deysizmi? Ichingizdagi halovatni o‘ldirishingiz kerak bo‘‘adi! Haqiqatlar
ipak ko‘rpachalarda o‘tirib izlanmaydi. Mushtingizni tugib yuragingiz ustiga qo‘ying.
Qay biri kuchli o‘zingiz anglaysiz. Shoir bo‘lish Merilin Monroning havoga uchgan
etaklaridek lahzalik go‘zallikka aldanib yashamaslik, hayot haqiqatlarini
ko‘ra bilish demakdir. Istasangiz shoirlarni podshoh deng, istasangiz masxaraboz,
istasangiz shahar maydonlaridagi fontanlar oldida sepilgan don-dunlarni yeb kun
ko‘radigan kabutarlar deng. Biz hammayoqni bosgan quruq shovqin ichida so‘z aytamiz
va o‘sha so‘z tugagan joyda, so‘z ortidagi mutlaq sukunatni, o‘ta mahram “men”ni
uyg‘otib ketamiz. Ehtimol, biz kimlarning nazdida hayotning mag‘lub kimsalaridirmiz,
mag‘lub bo‘la turib ham g‘alaba na’rasini ayta oladigan Don Kixotlardirmiz! Shuning
uchun, muxbir xonim, kimsasiz ko‘chalarda skripka chalinayotganda yoxud yalang oyoqlari
bilan cho‘p to‘plab yurgan bolalarni ko‘rganingizda yig‘lashni bilmasangiz, she’rdan,
shoirdan uzoqroq yuring. Va unutmang, dunyoga umid ulashgani kelgan, odamlarga xayol
sotishni a’mol bilgan shoirlardan ko‘ra, qalb o‘rnida katta bir bo‘shliqni ko‘tarib
yurgan va baxtsizligidan bexabar kimsalar ko‘proq zarar keltiradi.”
M.Y.
28/06/2026

Hiç yorum yok:
Yorum Gönder