#баъзи_асарлар_шунчаки_ўқилмайди
XOTIRA VA O‘ZLIK ORASIDAGI MA’NAVIY SAFAR TALQINI
Ma’rufjon Yõldoshevning “Qaytish” hikoyasini o’qib…
Bugungi o‘zbek nasrida inson ruhiyati, xotira fenomeni va o‘zlikni anglash masalalariga bag‘ishlangan asarlar alohida o‘rin tutmoqda. Ma’rufjon Yõldoshevning “Qaytish” hikoyasi ham ana shu yo‘nalishdagi izlanishlarning o‘ziga xos namunasi bo‘lib, unda insonning o‘tmish bilan munosabati, xotira va haqiqat o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlik falsafiy-psixologik rakursda talqin etilgan.
Hikoya maktub janrida yozilgan bo‘lib, muallif bu shakl orqali qahramonning ichki dunyosini bevosita va samimiy ifodalashga muvaffaq bo‘lgan. Asarda tashqi voqealar silsilasidan ko‘ra ichki kechinmalar, ruhiy iztiroblar va falsafiy mushohadalar yetakchilik qiladi. Shu jihati bilan “Qaytish” voqeaband hikoyadan ko‘ra tafakkur hikoyasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Asarning markaziy konsepti — qaytish tushunchasidir. Biroq muallif mazkur tushunchani an’anaviy talqindan chiqarib, unga yangicha ma’no yuklaydi. Hikoyada qaytish tug‘ilib o‘sgan makonga, bolalik manzillariga yoki tanish insonlarga qaytish emas, balki insonning o‘z mohiyatini izlash jarayoni sifatida talqin qilinadi. Muallif qahramon tafakkuri orqali inson aslida o‘tmishni emas, o‘tmish bilan birga yo‘qotib qo‘ygan o‘zligini sog‘inishini teran falsafiy mushohadalar vositasida ochib beradi.
Hikoyaning eng muhim yutuqlaridan biri xotira fenomenining badiiy-falsafiy talqinida ko‘zga tashlanadi. Muallif xotirani mutlaq haqiqat emas, balki inson ongida qayta yaratiladigan, vaqt ta’sirida sayqallanadigan va ideal tus oladigan hodisa sifatida tasvirlaydi. Shu bois asarda bolalik va o‘tmish romantik ideal sifatida emas, balki inson ongining estetik konstruksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu esa hikoyaning g‘oyaviy-falsafiy qatlamini sezilarli darajada chuqurlashtirgan.
Muallif uslubining o‘ziga xosligi lirizm va intellektual mushohadalarning uyg‘unligida namoyon bo‘ladi. Matnda ritorik savollar, ichki dialoglar, falsafiy umumlashmalar va poetik tasvirlar bir-birini tabiiy ravishda to‘ldirib boradi. Ayniqsa, ayrim jumlalarning aforistik xarakter kasb etishi asarning badiiy-estetik qimmatini oshirgan. Jumladan, “Qaytish degani hamisha ham qaysidir eshikni qoqib, “men keldim” deyish emasligini anglaganingda haqiqat bilan yuzlashasan”, “Zamonning qaysidir pallasida ovozing haliyam akslanyotganini, qadamlaring tovushi haliyam eshitilayotganini biroq u ovoz ham qadamlar ham endi senga taalluqli emasligini anglaganingda rosmana ulgʻaygan, toʻgʻrirogʻi keksaygan boʻlasan” kabi jumlalar asarning magʻzini oʻzida butunlashtira olgan. Shuningdek, asar tilining sodda, ammo tagma’nolarga boyligi, fikrning obrazli ifodalanishi o‘quvchini mushohadaga undaydi.
“Qaytish” hikoyasining novatorligi, avvalo, syujet markazini voqeadan tafakkurga ko‘chira olganidadir. Muallif an’anaviy hikoyachilikdagi hodisalar rivoji o‘rniga ruhiy holatlar evolyutsiyasini tasvirlaydi. Natijada asar zamonaviy intellektual nasr talablariga mos keluvchi falsafiy-psixologik matn sifatida shakllangan. Qahramonning ichki monologi orqali umuminsoniy masalalar — vaqt, xotira, sog‘inch, haqiqat va o‘zlik muammolari yoritiladi.
Asarning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, unda muallif tayyor xulosalar bermaydi. Aksincha, o‘quvchini savollar bilan yuzlashtiradi. Qaytish nima? Inson nimani sog‘inadi? O‘tmishga qaytish mumkinmi? Xotira qanchalik haqiqat? kabi savollar matnning falsafiy mag‘zini tashkil etadi. Shu sababli hikoya o‘qib bo‘lingach ham o‘quvchi tafakkurida yashashda davom etadi.
Xulosa qilib aytganda, “Qaytish” hikoyasida xotira va haqiqat, o‘tmish va bugun, inson va uning ichki olami o‘rtasidagi murakkab munosabatlar badiiy mahorat bilan yoritilgan. Asar o‘zining psixologik teranligi, falsafiy salmog‘i hamda poetik uslubi bilan kitobxonni chuqur mushohadaga chorlaydi.
D.Andaniyazova
Filologiya fanlari doktori (DSc)
03.06.2026

Hiç yorum yok:
Yorum Gönder