27.06.2026

Shimoldagi qardoshlarimiz she’riyatidan


#Shimoldagi qardoshlarimiz she’riyatidan

Semyon Danilov

Sibirning cheksiz taygalari, qahraton ayozi va sirli shamanlik e’tiqodlari haqida eshitganmisiz? Bu qattiq iqlim sharoitida yashovchi yoqut (ular o‘zlarini saxa deyishadi) xalqining she’riyati ham xuddi ularning tabiati kabi kontrastlarga boy: u sovuq bo‘ronlar kabi shiddatli, ammo o‘choqdagi gulxan kabi taftli va samimiydir.

Yoqut she’riyatining o‘ziga xosligi shundaki, unda inson va tabiat hammavaqt uzviy bog‘liq holda tasvirlanadi. Barcha shoirlarning ijodiga nazar solsangiz, deyarli barchasida shimol bug‘ulari, muqaddas oq turnalar, muzlagan daryolar va inson matonati bosh mavzu hisoblanganligiga guvoh bo‘lasiz.

Yoqut adabiyotini dunyo miqyosiga olib chiqqan, yoqut xalqi va tilining ramzga aylangan ijodkor Semyon Danilov (1917–1978) hisoblanadi. U o‘z she’rlarida yoqut xalqining qadimiy mifologik tafakkurini zamonaviy she’riyat talablari bilan uyg‘unlashtira olgan. Semyon Danilov ijodi orqali dunyo kitobxonlari yoqut-saxa tilining jozibasini, shimolliklarning qalb olovi qahraton qishdan kuchliroq ekanini angladilar.

Quyida shoirning uch she’rini e’tiboringizga havola etamiz:

 

MENING TILIM

Saxa tilim mening

olmosim  yoqut tilim,

unda shamol shiddati

O‘rmonlar shovuri bor

 

Donishmand oq turna u

o‘ta tejamkor so‘zga.

Tarang tortilgan o‘q u

To‘g‘ri borar nishonga!

 

Unda bo‘ron gurlashi,

Kechmish janglar sadosi.

Tayga gulxani aro

Ajdodlar shivirlashi.

 

Ona tilim - qanotim,

Quyoshimsan, oyimsan:

Ayozlarda mo‘ynaday

Bag‘rimni isitgaysan!

 

AYOZ VA OLOV

Ayoz hukmron bo‘lgan

Bizning shimol ellarda,

Olov xuddi Tangriday

E’zozdadir dillarda.

 

Muzlay boshlasa yurak,

Qo‘shiq boshla, chekma g‘am.

Qalbning otashi kuchli

Qahraton qahridan ham!

 

YOQUT RAQSI

Kapalakdek qanot qoqib,

Bepoyon osmon bag‘rida.

Yulduz misoli porladi,

Hur fikrning uchqunlari,

Suluv qizlar raqs ayladi,

Dunyoni maftun ayladi.

 

Ohista qadamlar tashlar,

Raqsi ila gilam to‘qib.

Nafis qo‘llarin silkitib,

Baxt qo‘shig‘ini kuylashar...

Va nogoh, bir nasim esib

Ona yurtni yodga solar.

 

Sokin Lena mavji kabi,

Tundra oqqushlari kabi,

Noziknihol qayin kabi,

Yo bahorgi chechak kabi,

Buncha nozik, buncha go‘zal,

Buncha mayin jilvalanar.

 

Go‘yo ular tirik tarix

Ko‘hna bitik, doston bari.

Oshiqlarning dil izhori,

Yurak o‘ti, tuyg‘ulari.

Mening nafis yoqut raqsim —

Ona yurtning g‘urur, ori!

 

(Marufjon Yo‘ldoshev tarjimasi)


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder