27.06.2026

ELBRUS SHE’RIYATI




ELBRUS SHE’RIYATI: AYSHAT KUSHETEROVA VA QORACHOY TILINING JOZIBASI

Kavkaz tizmalarining eng yuksak nuqtasi Elbrus tog‘lari bag‘rida yashovchi, tili va madaniyati bizga qondosh bo‘lgan o‘g‘uz-qipchoq urug‘iga mansub bir xalq bor. Bu Qorachoy-bolqorlardir. Ularning adabiyoti xuddi tog‘ sharsharalaridek shiddatli, tog‘ havosidek toza va sokin. Bugun sizlarni ana shu she’riyatning eng nafis vakilalaridan biri Ayshat Kuщeterova ijodi va uning ona tiliga bag‘ishlangan qutlug‘ nidosi bilan tanishtirmoqchimiz.

Ayshat Kusheterova zamonaviy qorachoy adabiyotining ko‘zga ko‘ringan, yorqin vakilalaridan biri. Uning eng katta ijodiy yutug‘i asarlarini ikki tilda qorachoy va rus tillarida birdek muvaffaqiyatli yozishidadir. Bu xususiyat shoiraga nafaqat o‘z millati, balki butun rusiyzabon kitobxonlar orasida qorachoy madaniyati, tarixi va falsafasini targ‘ib qilish imkonini beradi. Kusheterova she’riyatining o‘zak mavzusi ona tiliga muhabbat, tog‘liklarning asriy urf-odatlari va Vatan sog‘inchidir. Globallashuv davrida u o‘z xalqining asl qadriyatlarini, «o‘choq tafti»ni saqlab qolishga intiladigan ma’naviy tarbiyachi sifatida namoyon bo‘ladi. Uning asarlarida Kavkaz tog‘lari, afsonaviy Elbrus (Mingi tau) cho‘qqilari, tog‘ daryolari va tabiat manzaralari insonning ichki kechinmalari bilan parallel ravishda, teran lirizm bilan tasvirlanadi. Shoiraning she’rlari sodda, xalqchil ohangga ega bo‘lib, bevosita qorachoy xalq og‘zaki ijodi an’analaridan oziqlanadi. Shu bilan birga, ularda zamonaviy insonning ruhiy ziddiyatlari va falsafiy qarashlari ham aks etadi.

Aytish mumkinki, shoira she’riyatining bosh xususiyati undagi tog‘liklarga xos mag‘rurlik, odat-nomusga sodiqlik va eng asosiysi, o‘z milliy o‘zligini unutib yubormaslikka bo‘lgan ichki bir intilishdir.

Quyida Ayshat Kusheterovaning bir necha she’rini o‘zbek tilida taqdim qilamiz:

 

ONA TILIM

Ona tilim - beshikdanoq tuyganim,

Qutlug‘ tuhfam, sehrligim suyganim.

Millat ongi, o‘choqdagi yolqinim,

Kuch-qudrtim, mardona ochiq so‘zim.

 

Onam aytgan go‘zal allasan,

Otamning haq, dadil so‘zisan.

Odob-nomus, odat-o‘gitsan,

Tog‘dan esgan salqin shabboda.

 

Yo‘q bo‘lmaysan ganjim xazinam,

Bilim bergan tillo tilimsan.

Qalbim qo‘ri, shonli qo‘rg‘onim,

Baxt qal’asi, Ona tilimsan!

 

ONA YURTIM,  OLTIN BESHIGIM

Tug‘ilgan yurtimsan, oltin beshigim,

Umrlik ondimsan, yorug‘ taqdirim.

Bu keng dunyo ichra senga teng kelar

Biror makon yo‘qdir, bo‘lmog‘i dushvor.

Garchi xayollarga teran cho‘msam-da,

Sensan anglaganim qadrdon yurtim.

 

Musaffo havoyu, zilol suvingni,

Yiroq ketsam sog‘inaman, shoshaman.

Baxtimga qo‘rg‘onsan, huzurim senda,

Qorachoyim, seni doim alqab yasharman.

 

OTAM SO‘ZI

O‘tgan zamon qaytib kelmas,

Eshitgan so‘z esdan chiqmas.

Otam menga berardi pand:

Haq ishing hech yerda qolmas.

To‘g‘rilik-chun yasha, kurash,

Erking berma, o‘ylab so‘yla.

Xalq boshiga kelganda g‘am,

Jim turmagin uzoqda ham.

Tilim, ruhim deb asrasang,

Odat, nomusni qo‘ymasang,

Borar yo‘ling ochiq bo‘lar,

Yaxshi umidlaring unar.

Qarilarning qadrin bilgan,

Aytilganga quloq solgan,

Yashab turib, chekmas alam,

Qoqilsa ham, bo‘lmas xafa.

 

Qorachoy tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder