31.12.2015

Yangi yil ostonasida...

Eski yil bir necha soatlik mehmon endi bizga.
Yo biz mehmonmiz uning poyoniga yetgan saltanatida.
Eskisi bilan xayr-xo'shni qoyillatmay yangisini kutib olishga oshiqadi ko'ngil
xuddi bolalikdagi kabi: yangiga o'ch, yangisiga och ko'zlarimiz...
Nima karomatini ko'rdingki bunchalik oshiqasan yangi yilni qutlashga,
eskini qadriga munosib kuzatishni o'yla, deyayotgandek bo'ladi, andisha.
Andishaning oti qo'rqoq, o'zi durust. Shunisiga ham shukr...
Eski yilda nimalarga ulgurdimu, qay biriga ulgurolmadim...
İmkonlarimning qanchasini ishga sololdimu, qanchasini ertangi kunga omonat qildim...
Atrofda shuncha yaxshilar bo'laturib ular haqidami ko'proq o'yladim, yo kimdandir qolgan ko'ngil haqidami...
Yaxshilar shukri og'irmi pallada, yo yomonlar haqida o'ylab zoye bo'lgan vaqtmi...
Xullas, hali tanimagan yilni qutlashdan ko'ra, o'zim bilgan, tanigan, har kunini, har onini yashab his qilganim eski yilni qutlash osonroq men uchun: shu kunlarga yetib kelishning o'zi bir mo'jiza! Ming shukr...
Yangi yilingiz qutlug' bo'lsin! :)
M.Yuldashev