27.05.2017

Hind asotirlarida ayol va erkakning yaratilishi

HIND ASOTIRLARIDA AYOL VA ERKAKNING YARATILISHI

Hind asotirlarida ayol va erkakning yaratilishi shunday tasvirlanadi: Tangri yaproqning yengilligini, ohuning boqishlarini, quyosh nurining quvonchini, tumanning ko‘z yoshini olib unga shamolning beqarorligini, quyonning hurkakligini qo‘shibdi... Ularning ustiga qimmatbaho toshlarning jilosini, asalning totini, qoplonning qahrini, qishning sovug‘ini, zag‘izg‘onning tovushini, musichaning sevgisini qo‘shibdi... Bularning barchasini qorishtirib eritibdi va ayolni yaratibdi...
Tangri toshbaqaning imillashini, buqaning boqishlarini, to‘fonlarning shiddatini, tulkining ayyorligini, bo‘ronning dahshatini olib unga zulukning yopishqoqligini, mushukning o‘yinqaroqligini, itning sayoqligini, karkidon terisining qattiqligini qo‘shibdi. Ustiga ayiqning qo‘polligini, buqalamunning turlanuvchanligini, chivinning g‘ingillashini qo‘shibdi va erkakni yaratibdi. 
     Keyin erkakni odam qilsin deya ayolga beribdi.

26.05.2017

Soyda oqar shamchiroq


SOYDA OQAR SHAMCHIROQ...


Aytishlaricha, bu voqea Elozig‘ning chekka bir qishlog‘ida ro‘y bergan ekan. Qishloqdan oqib o‘tuvchi soyning bir tomonida suluv qiz ikkinchi tomonida esa o‘ktam yigit yashar ekan. Qiz soydan suv olishga chiqqanida yigit uni ko‘rib sevib qolibdi. Ko‘zlar uchrashibdi, ko‘ngillar tillashibdi, orzular bo‘ylashibdi ammo o‘rtadagi soy ularning birlashishiga imkon bermas ekan. Yigit soydan suzib o‘tmoqchi ekanligini qizga aytibdi. Qiz tunda soy bo‘yiga chiqishga rozi bo‘libdi. Soyning sayoz joyiga borib shamchiroq yoqib kuta boshlabdi. Yigit qiz tomon suzib o‘tibdi. Shunday qilib har kecha oshiqlar soy bo‘yida uchrasha boshlashibdi. Kunlardan bir kun qizning otasi bundan xabar topibdi. Qizini uyga qamab o‘zi sohilga chiqibdi. Atrofni tun pardasi qoplaganda g‘azabnok ota soyning eng chuqur va tez oquvchi joyiga kelib shamchiroqni yoqibdi. Yigit shamchiroq ko‘ringan joyga suzib o‘tishga chog‘lanibdi ammo suvning shiddatiga dosh berolmay cho‘kib ketibdi. 
Qishloq ahli sham yoqib yigitni qidiribdi. Ammo undan nom-nishon topa olishmabdi. 
Oradan qancha yil, qancha zamon o‘tsa hamki Elozig‘liklar bu rivoyatni unutishmabdi. Haligacha qo‘shiq qilib kuylashar, eshitmaganlarga hikoya qilib aytib berishar, to‘ylarida shamchiroqli raqslari bilan yod etishar ekan. Rassomlari rasmi bilan, haykaltaroshi haykali bilan, bastakori bastasi, yozuvchisi hikoyasi bilan eslab yurarkan. 

Soyda oqar shamchiroq,
yonib-so‘nib boradi.
Soyda oqqan shamchiroq,
yordan darak beradi.
Ohista o‘ynagin yor,
hammaning ko‘zi senda.
Soyga chiroq oqizdim,
ko‘zim yorning yo‘lida.
Bir qiyo boqsa yorim
dunyolar olib bergum.
Yonar soyda shamchiroq,
qizlar o‘ynar ko‘ngli chog‘.
Kelinchak kelganida,
yallachi to‘plar oqcha.
Yonar soyda shamchiroq,
qizlar o‘ynar ko‘ngli chog‘.
Kelinchak kelganida,
yallachi to‘plar oqcha.
Soyda shamchiroq yonar,
Xumor ko‘zlar uyg‘onar.
Piligi juft, dardi bir,
yurak qanday chidaydir.
Soyda yonar shamchiroq,
yonib so‘ngaydir biroq.
Yorim kaklik men lochin,
ko‘p yomon xijron, firoq...