2.01.2019

Азим Суюн қайирмалари


AZIM SUYUN QAYIRMALARI


Yaqinda "Akademnashr"da o‘zbekning donishmand shoiri Azim Suyunning "Ey do‘st yoxud Azimnoma" deb nomlangan kitobi qayta to'ldirilgan holda nashr qilindi. (Akademnashr, 2018) Bu kitobda oldingilariga kirmay qolgan she'r va aytimlar o‘rin olgan. Shoir o‘z asarlariga nisbatan "qayirmalar" ta'birini qo‘llaydi. Kitob ham ikki qismdan iborat bo‘lib "She'riy qayirmalar" va "Nasriy qayirmalar" deb nomlangan. "Qayirma" so‘zi izohli lug‘atda quyidagicha izohlanadi: 1. Qayiriladigan, qaytariladigan; bukiladigan; buklama. Qayirma pichoq. - Qayirma yoqa ko‘ylak ustidan, kiyib olgan yangi choponni. E.Rahim. 2. Egilgan, bukilgan, qayrilgan. Uzun yog‘och boshiga bog‘langan qayirma uchli o‘tkir temir oydinda yaltirardi. J.Sharipov. 3. Tepki (miltiq, to‘pponcha va sh.k.). Taniqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev esa mazkur so‘zni shunday ochiqlaydi: "Qayirma so‘zi tilimizda obdan yetilgan, tobiga kelgan narsa, ish, harakat, amal ma'nolarini anglatadi. Jumladan, qayirma patirni o‘zbek qishloqlarida tajribali kayvonilargina yopa oladi. barchaning ham qo‘lidan kelavermaydi. (...) Ko'rinadiki, qayirma so‘zida qayishlik, ya'ni pishiqlik, puxtalik ma'nosi bor. Qayirma  janridagi bitiklarning Azim Suyun ijodida aynan keyingi yillarda paydo bo‘lgani ham shu bilan izohlanadi. Ijodkor muayyan hayotiy bosqichlardan o‘tib, yetarli turmush tajribasi va kerakli poetik mahorat orttirgandan keyin o‘z ijodida yoniq yurak harorati bilan falsafiy fikrchanlikni uyg‘unlashtira olish imkoniga ega bo‘ladi. Shunda ijodkorning bitiklariga ko‘chgan tuyg‘ulari o‘qirmanlariga boshqacha ta'sir qiladi, ularni noyob sezimlar, hikmatomuz fikrlar bilan asir etadi."
Elimizning qahramon shoiri Abdulla Oripov Azim Suyunning qayirmalariga alohida e'tibor berib ularni mustaqil janr sifatida e'tirof qilinishi zarurligini ta'kidlagan edi. Mana o‘sha buyuk shoirning e'tirofi: 

Qayirma – mustaqil janr

Keyingi yillarda adabiyotda, xususan, she’riyatda yangilik yaratishga, ya’ni har xil uslub va shakllarni yangilashga bo‘lgan intilish kuchaydi. Bunday qiziqish nafaqat yosh qalamkashlar, balki bir qadar suyagi qotgan ijodkorlar orasida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Men, ayniqsa, atoqli shoirimiz Azim Suyunning bu boradagi izlanishlarini alohida ta’kidlashni istardim.

Azim Suyunning qayrilmalarini ko‘pdan buyon kuzatib kelaman. Bu qayrilmalar Sharq mumtoz she’riyati ummonidan “suv ichayotgani”, ya’ni Umar Xayyom, Sa’diy Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Bobur kabi ulug‘ donishmandlarimiz asarlaridagi donolik, teranlik, ixchamlik, lo‘ndaliy kabi fazilatlarga eshligi, ayni paytda, eng qadimiy davrlarda tog‘-toshlarga o‘yib yozilgan bitiklardek aniqligi bilangina emas, balki shakldagi yangiligi bilan ham e’tiborga loyiqdir.

Biz ruboiy, tuyuq, fard degan janrlarni bilar edik. Menimcha, bularning qatoriga “qayirma” ham alohida janr bo‘lib qo‘shiladi. Chunki Azim Suyunning g‘ayrati va mehnati bilan “qayirma” ham mustaqil janr xususiyatlariga ega bo‘ladi. “Ey do‘st” degan satr murojaatdangina iborat emas. U turli o‘rinlarda turlicha ohang va ma’no kasb etmoqda. To‘rtlikni ma’no va shakl jihatidan yangilamoqda. Shu bilan Sharqda ming yillardan beri o‘zgartirib bo‘lmaydiganday tuyulgan to‘rtlik, eng muhimi, yangicha ruhda ko‘rinmoqda. 

Shoirimizning bu yangiligi adabiyotda albatta e’tirof etiladi. Azim Suyunga ergashib bu yo‘lni davom ettirishga bel bog‘laydiganlar ham chiqishiga shubha qilmayman. 

Abdulla Oripov,
O‘zbekiston Qahramoni, 
O‘zbekiston xalq shoiri,
2003 yil “Tafakkur” jurnali
EY DO‘ST
(She’riy qayirmalar)

Ey do‘st!
Tangrim Odam Atoni odam yaratdi,
Momo Havoni unga hamdam yaratdi.
O, aslida, aqlu kuch egasini
Ishqu ilhom bilan ko‘rkam yaratdi.

***

Ey do‘st!
“Otam qarib qoldi, tan-joni malol...” –
Bir farzand qoshimda turibdi behol.
Men dedim: “Tez borgil, tan qarisa-da,
Aqli qarimaydi, suhbatini ol!”

***

Ey do‘st!
Yuksak tog‘lar qori mangu erimas,
Buloqlarning suvi zinhor qurimas.
Ziroat oboddir, bog‘-rog‘lar barpo,
Har yonda tiriklik – ziynat xosu mos!

***

Ey do‘st!
Ko‘z berding, olamning ko‘rdim suratin,
Aql ato etding, ochdim siyratin.
Til berding va lekin u shuncha ojiz – 
Sharhi yo‘qdir hamon ko‘ngil hayratin!

***

Ey do‘st!
Bir to‘g‘ri o‘q bo‘lsang, yoyda erursan,
Munosib kuy bo‘lsang, nayda erursan.
Qoya qatorida sen ham bir qoya,
Mayda tosh ichida mayda erursan.



EY DO‘ST 
(Nasriy qayirmalar)

Olam – hikmat kitobi. O‘qib va uqib yasha.

***

Unutilgan har bir so‘z yangi.

***
Yaxshi kitob - itoatkor olam.

***

Olam taqdiri – odam taqdiri.

***

Vatanim tog‘ida yotgan toshning ham tarixi bor. Faqat uning tilini uqmoq lozim.

***

Vatan tandir. Non-tuzin unutganlar ko‘r bo‘ladi!

***

Eng buyuk jasorat Vatan taqdiri yo‘lida qilingan jasoratdir.

***

Vatan kamoloti uchun amaliy faoliyat vatanparvarlikdir.

***

Zamin abadiy emas, zaminmonand makonlar abadiy. Inson abadiy emas, insoniyat abadiy.

***

Ona tilisiz xalq - chirog‘i o‘chgan xalq.

***

Ko‘klamni birovning bo‘sag‘asidan qidirma.

***

Alp otadan, zot onadan.

***

Bir daraxt mevasi bilan, ikkinchisi guli bilan, yana biri soyasi bilan aziz.

***

Munosib bo‘lsang "buyuk" desinlar, ammo "bu yuk" deyishlaridan qo‘rq.


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder