BOLQONLARDAN BIR SAS
Gagauz (go‘kog‘uz) she’riyati Bolqon va Dunay havzasida yashovchi, pravoslav
nasroniylik diniga e’tiqod qilsa-da, o‘z turkiy o‘zligini va og‘uz lahjasini asrlar
davomida saqlab qolgan matonatli bir xalqning badiiy tafakkur ko‘zgusidir.
Gagauz she’riyatida o‘lka tabiatini kuylash, millatning tarixiy qismatini
anglash-anglatish va ona tilini o‘zga tillar ta’siridan asrash mavzulariga keng
e’tibor qaratiladi. Shu bois ham gagauz lirikasida didaktik ohang, vatanparvarlik
va millatparvarlik g‘oyalari yetakchi o‘rin tutadi.
Gagauz adabiyotining zamonaviy bosqichida mashhur shoir, dramaturg, tarjimon
va jamoat arbobi Todur Zanet (Todur Zanet, 1958 yilda tug‘ilgan) alohida maktab
yaratgan yirik siymo hisoblanadi. U nafaqat gagauz milliy madhiyasi muallifi, balki
millatning badiiy tafakkurini uyg‘otgan “Ana sozu” (“Ona so‘zi”) gazetasining asoschisi
va bosh muharriridir. Todur Zanet she’riyati og‘uz turkchasining ichki poetik imkoniyatlarini
kengaytirgani, an’anaviy folklor obrazlarini (masalan, Ko‘k bo‘ri timsolini) zamonaviy
falsafiy konnotatsiyalar bilan boyitgani bilan ahamiyatlidir. Uning lirikasida xalqning
asriy dardi, vatan tuprog‘ining muqaddasligi va millat qadriyati ramziy va hayotiy
bo‘yoqlarda mahorat bilan ifodalangan.
Todur Zanet ijodi o‘zbek kitobxoni uchun juda yaqin va tushunarlidir. Shoir
asarlarida qadimiy turkiy so‘z ildizlari, ohangdoshlik va barmoq vaznining go‘zal
shakllari namoyon bo‘ladi. Uning «Ana dili» kabi konseptual she’rlari mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘zbek adabiyotidagi
Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning til haqidagi qutlug‘ nidolari bilan uyg‘unlashib
ketadi. Todur Zanetning quyidagi she’rlari Bolqon
turkiy dunyosining nafasi va badiiy salohiyatini namoyon etishi bilan muhimdir.
ONA TILI
Onajonim, ona tilimsan,
Tilagimsan, to‘g‘ri yo‘limsan.
Dunyo sensiz tatimas menga,
Bitmas sensiz yurakdagi g‘am.
Tilim mening - totli bolimsan,
Azim chinorimsan, shoxlari osmon.
Omon bo‘lgin tilim, boru budimsan,
Sen bilan boqiydir Bujog‘im* omon.
(*Bujoq - joy nomi)
TILINGNI ASRAGIN, XALQIM!
Tilingni asragin, ey aziz xalqim,
Tiz cho‘kay qarshingda, yolvoray
o‘zim.
O‘g‘il-qizga insof, aql-xush tilay,
To tirikman takrorlayman duoda.
Tilingni avayla, ey aziz xalqim!
Tafakkur qil, atrofingga nazar sol,
Ona tili qanday rivoj
topgaydir?
Sen ishonsang bo‘lgay u madadkoring,
Yengolmaydi zo‘r bo‘lsa-da dushmaning.
Tilingni asragin, ey aziz xalqim!
Tiling bo‘lsa, bordir dunyoda noming,
Noming ila tilga olgaylar shoning.
Bolalaring, jondan aziz jigarlaring
So‘zlasinlar sevib-suyib ona tilda.
Tilingni asragin, ey aziz xalqim!
Suvdek oqib ketar, bor molu davlat
Bu dunyoda omon qolgay
ona til!
Ona tiling tomiringdagi qoning,
Borliging, birliging, qudratingdir u.
Tilingdan kechmagin, ey aziz xalqim!
Tilingni asragin, ey aziz xalqim!
Aytar so‘zlarimni qulog‘ingga ol,
O‘g‘il-qizlaringga es-xush tilayin,
Tiz cho‘kib yolvoray duolarimda,
Tilingni asragin, ey aziz xalqim!
Gagauz tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder