28.06.2026

SO‘Z ORTIDAGI SUKUNAT

 


SO‘Z ORTIDAGI SUKUNAT YOXUD SHANDOR VYOROSH SHE’RIYATIGA CHIZGILAR

 Venger (mojor) adabiyoti Yevropa madaniy makonida o‘zining lisoniy va estetik o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Fin-ugor tillari oilasiga mansub bo‘lgan venger tili o‘zining agglutinativ tabiati hamda boy leksiksemantik imkoniyatlari tufayli poetik eksperimentlar uchun nihoyatda qulay muhit yaratgan. Venger she’riyati deganda odatda Shandor Petefining jo‘shqin lirikasi ko‘z oldimizga kelsa-da, XX asr o‘rtalariga kelib bu adabiyotda butunlay boshqacha shakl va ohanglardagi falsafiy-konseptual qatlam shakllandi. Ushbu harakatning eng yirik namoyandasi shubhasiz Shandor Vyorosh (Sándor Weöres, 1913–1989) hisoblanadi.

Shandor Vyorosh ijodi sharq tasavvuf falsafasi, qadimgi hind madaniyati va ekzistensial falsafaning G‘arb adabiy an’analari bilan lingvistik sintezi hisoblanadi. Shoir o‘z ijodida tilni shunchaki vosita deb bilmaydi, balki til yordamida insoniyatning ekzistensial inqirozlarini va ruhning pinhona qatlamlarini nishonga oladi. Uning novatorligi mojor tilning shakliy va mazmuniy chegaralarini ijodiy transformatsiya qilishga urinish, inson ijtimoiy va individual psixologiyasini so‘z konstruksiyalari orqali tahlil qilish orqali milliy tafakkur tarzini yangilash kabilar bilan belgilanadi. Shoir ijodida inson ongi, uning soxta emotsional tabiati va borliqning subyekt-obyekt munosabatlari butunlay individual lisoniy mezonlar asosida o‘z ifodasini topdi. Quyida shoirning bir necha she’rini birinchi marta o‘zbek tilida taqdim qilamiz:

 

IKKILIK

Olam kitobida birgina chiziqman, chiziq.

Va o‘shal kitobning kotibiman, qiziq.

 

EGO

Ko‘zguga boq kimdir u?

Soya o‘zin nurman der.

Ko‘zguni sindirib ko‘r,

Faqat guvoh borman der.

 

CHEGARA

So‘zdan avval sukunat.

So‘zdan keyin sukunat.

Oraliqda hukmron

Men ismli shaytanat.

 

MAYMUNJON

Kuz tunlari

miltirar,

miltirar maymunjonning

zarrin ko‘ylagi.

Tikanlar shivirlar,

shabboda esar tinmay,

titrar maymunjon shoxi

nafis, mahzun, bechora.

Oy pardasin ko‘tardi,

buta qizga aylandi

va yig‘laydi betinim...

Kuz tunlari,

miltirar,

miltirar maymunjonning

zarrin ko‘ylagi.

 

MAYMUNLAR YURTI

O, olis Maymuniston, maymunlar o‘lkasidir,

Baobabda pishgani maymunlar kulchasidir,

Maymunpanjara ortidan, maymuntirqishdan esgan

Maymuniy shamollarning maymuniy kuychasidir.

Maymunmaydon, maymunbosh maymunboylarga to‘lar,

Maymunjang maydonida maymuniy urush bo‘lar,

Maymunsanatoriylar ichra maymunbemorlar

Maymuniy azob chekib, maymuniy faryod qilar.

Maymunqiz maymunona dars olar, o‘qir maktab,

Maymuniy alifboni olar u tezda yodlab.

Yovuz maymunamaki, kishanli oyog‘ini

Maymuniy qamoqlarda urar yerga g‘azabnok.

Maymuntegirmon tayyor, uning ishi unumdor,

Maymunmayonezlarga juda ko‘pdir talabgor.

Yutqazmas maymunzehn hech mag‘lub bo‘lgan emas,

Maymuniy daholarga madhlar, maqtov kam emas.

Maymuniy ustundagi maymuntiling maymunshoh,

Maymuntilida so‘zlar, maymunxalq unga ogoh.

Maymuntoshi yetganga maymunjannatdir o‘sha,

Yiqilgan badbaxtga ham maymundo‘zax kifoya.

Makaka, shimpanzeyu, gorilla va babunlar,

Orangutan barchasi, kechki maymuntaomda,

Maymuniy gazetasin qo‘lga olib gupurar,

Varaqlar har bir satrin mudrar, ko‘zlari do‘nar.

Maymunkechki ovqatning xotirasi bilan mast,

Maymunhojatxona ham mehmonlarga urar dam.

Maymunaskarlar esa saf tortishar, kelmay past,

"O‘ngga buril!", "So‘lga yur!", "Bo‘l, shaxdam!"

Maymunharbiy dahshatning sovuq, vahshiy soyasi

Maymuniy chehralarda aks etadi nafratlar.

Maymuniy mushtlarida maymuniy qurol bilan

Bizga qarab kelmoqda ongsiz gala maymunlar...

M.Yo‘ldoshev tarjimasi

 

Tarjimon izohi. Shandor Vyorosh ijodida antropologik inqiroz va insoniyat jamiyatining mexanizatsiyalashuvi o‘ziga xos tarzda fosh etiladi. Shoirning dunyoga mashhur “Maymunlar yurti” (Majomország) asari badiiy adabiyotda grotesk va ekzistensial absurdning oliy namunasidir.

Lisoniy nuqtayi nazardan, ushbu asarning butun karkasi bitta strukturaviy usul agressiv prefiksatsiya va leksik takror ustiga qurilgan. Har bir ijtimoiy, huquqiy, madaniy va harbiy termin oldiga vengercha majom- (maymun) so‘ziining sun’iy ravishda biriktirilishi matnda semantik bosim effektini hosil qilgan. Natijada, til o‘zining informativ-kommunikativ funksiyasini yo‘qotib, totalitar tizimlardagi mexanik signallarga taqlid qila boshlaydi.

Falsafiy jihatdan esa klassik adabiyotdagi an’anaviy antropomorfizm (hayvonlarni insonga o‘xshatish orqali tasvirlash) bu yerda tamoman teskari tendensiyaga ega, ya’ni inson va uning jamiyati borliq strukturasi bilan birga hayvoniy-instinktiv darajaga tushirib yuboriladi.

 

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder