13.07.2026

 


IKROM OTAMURODNING KANGUL KENGLIKLARIDA

 

XX asrning 80-90-yillari o‘zbek she’riyatida badiiy tafakkurning evrilishi va estetik paradigmalarning yangilanishi, shubhasiz, Ikrom Otamurod (1951-12.07.2026) nomi va ijodiy laboratoriyasi bilan ham uzviy bog‘liqdir. Shoir an’anaviy she’riy qoliplar va yuzaki lirizmdan voz kechib, milliy she’riyatga inson ruhiyatining egzistensial iztiroblarini, ichki olamning dramatik konfliktlarini olib kirdi. Uning ijodida o‘zbek modernistik she’riyatining eng go‘zal tamoyillari – so‘zning konnotativ imkoniyatlarini kengaytirish, matnni ramzlar va metafizik qatlamlar bilan boyitish hamda dunyoning lisoniy manzarasini milliy-falsafiy rakursda qayta kashf etish yetakchilik qiladi. Ikrom Otamurod she’riyati inson bilan bog‘liq mohiyatni tilning eng teran nuqtadaridan izlovchi intellektual va falsafiy she’riyat hisoblanadi.

Antropotsentrik tilshunoslik, xususan, lingvopoetik nuqtai nazaridan yondashilganda, Ikrom Otamurod lisoniy birliklarni sof dekonstruksiya qilish, ularning grafik va fonetik arxitektonikasini inson taqdiri, qalb va ko‘ngil amri bilan singdirib yuborish mahoratiga ega bo‘lgan o‘ziga xos ijodkordir. Uning she’riyatida lisoniy kodlar, tinish belgilari va tovushlar sinkretizmi orqali inson vujudi va ruhiyatining somatik manzarasi behad go‘zal tarzda chiziladi. Ayniqsa, shoirning qadimiy turkiy qatlamga xos leksemalarni zamonaviy she’riy kontekstda faollashtirishi va ularni yangi kognitiv freymlarga joylashtirishi bugungi o‘zbek kognitiv tilshunosligi uchun tuganmas nazariy manba hisoblanadi. Shoirning “Kanglum…” she’ri aynan mana shunday lingvopoetik kashfiyotlarning go‘zal bir namunasidir.

She’rning bosh tutumi an’anaviy “ko‘ngil” leksemasini qadimiy turkiy qatlamga xos “kangul” shaklida evrilishga uchratilishidir. Bu shunchaki eskirgan shaklni qo‘llash emas, balki konseptning yadroviy mazmunini metafizik va somatik darajada chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi lisoniy transformatsiyadir. Hatto bu so‘z shoirning idiostilini belgilovchi muhim birlikka aylandi.

 

Kanglum, mendan bo‘lak kiming bor sening,

Kanglum, sendan bo‘lak mening kimim bor?

 

Matn dastlabki satrdayoq an’anaviy ko‘ngil imlosidan voz kechib, qadimiy turkiy qatlamga xos singarmonik va tovush tizimi qat’iy bo‘lgan kanglum shaklini tiklaydi. Bu leksik transformatsiya so‘zga qadimiylik, asolat va vazminlik bag‘ishlaydi. Lingvopoetik jihatdan bu ikki misraning sintaktik parallelizm va xiazm usulida qurilganligini ta’kidlashimiz mumkin. Lirik Men va Kanglum leksemalarining o‘zaro solishtirilishi orqali inson ruhiyati ikki mustaqil sub’ektga ajratiladi. Bu sof pragmatik dialog modeli bo‘lib, insonning o‘z ichki olami bilan muloqot diskursini boshlab beradi. Ta’kidlash lozimki, mazkur ikki misrada ohangdosh tovushlardan hosil bo‘ladigan musiqiylik ham qulay ilg‘anadi. Matnda kanglum, mendan, sendan so‘zlari tarkibidagi m, n, l, ng tovushlarining tizimli takrori she’rga o‘ziga xos ohangdorlik bag‘ishlagan. Ayniqsa, kanglum so‘zidagi burun va lab tovushlari (ng, m) lirik qahramonning ichki xo‘rsinishi va hasratining ovozli ifodasiga aylangan. Shu tariqa, shoir tovushlarning tabiiy jozibasi orqali inson ruhiyatining eng nozik tebranishlarini ham behad aniq va ta’sirchan ifodalaydi.

 

Ne desang, deguvchi yolg‘izim mening,

Ne aytsang, aytguvchi o‘zing xokisor.

 

Bu satrlarda deguvchi va aytguvchi sifatdoshlari sinonim sifatida kelayotgandek tuyulsa-da, kognitiv semantikada ularning vazifasi farqlanadi. Deguvchi insonning ichki nidosi, vijdon ovozi bo‘lsa, aytguvchi o‘sha ovozni tashqi dunyoga, tilga ko‘chiruvchi vositadir. Xokisor epiteti esa korporal lingvistika rakursidan ko‘ngilning sof tuproq materiyasiga yaqinligini, inson nafsidan yuqori turuvchi poklilik kodini anglatadi.

 

Kanglum, meni tushunguvchi o‘zingsan faqat,

Kanglum, faqat seni anglab yetguvchi o‘zim.

 

Tushunmoq va anglab yetmoq leksemalari orqali inson tafakkurining ikki bosqichli kognitiv zanjiri voqelanadi. Ko‘ngil insonni hissiy-intuitiv darajada tushunadi, inson esa ko‘ngilni mantiqiy-falsafiy darajada anglab etadi. Ikkala misrada ham qo‘llanilgan faqat ta’kid yuklamasi lisoniy makonni butunlay toraytiradi va tashqi dunyoni bu muloqotdan uzib qo‘yadi.

 

Mening vujudimda ulg‘ayar toqat,

Sening vujudingda g‘unchalar to‘zim.

 

Shoir inson tanasi bilan bir qatorda, ko‘ngilning ham alohida a’zoviy borlig‘i mavjudligini ko‘rsatadi. Ulg‘ayar toqat metaforasi jismoniy vaqt omili bilan bog‘lansa, g‘unchalar to‘zim kognitiv metaforasi nafislik va go‘zallik omilini aks ettiradi. Jismoniy tana qariydi (toqat ulg‘ayadi), ammo ko‘ngil vujudi doimo barq urib turadi (to‘zim g‘unchalaydi).

 

Kanglum, g‘amlarimning ashklari dayro,

kanglum, armonlaring qayg‘ulari tog‘.

 

Bu yerda an’anaviy folklor stilizatsiyasi dayro va tog‘ arxetipik kodlari namoyon bo‘ladi. Misralardagi g‘am va ashk (ko‘z yoshi) leksemalari dayro konseptual metaforasi doirasida harakat ma’nosini hosil qilsa, armon va qayg‘u birliklari tog‘ metaforasi orqali statik, og‘ir va turg‘un makon sifatida konseptuallashadi.

 

Kanglum, seni qa’riga tortar bu dayro,

Kanglum, meni yanchib ketadi bu tog‘.

 

Bu satrlarda yuqoridagi metaforalarning destruktiv transformatsiyasi sodir bo‘ladi. Ijodkor yaratgan ramzlar endi lirik qahramonlarning boshiga balo bo‘lib qaytadi. Daryo suyuqlik tabiatiga ko‘ra qa’riga tortadi (ko‘ngilni yutadi), tog‘ esa jismoniy og‘irligi bilan yanchib ketadi (inson jismini ezadi). Bu inson ruhiy olamining o‘z armonlari ichida halokatga uchrashi jarayonining lisoniy manzarasidir.

 

Dahri dun dayrida chirpiragan gard –

Kanglum, bir kun ketarmiz chiqarmay na tog‘.

 

Dahri dun dayri birikmasi alliteratsiya orqali bevafo dunyoning tinimsiz aylanishi va ohangini vizuallashtiradi. Chirpiragan gard inson borlig‘ining koinot miqyosidagi omonat maqomidir. Chiqarmay na tog‘ (hech qanday ovoz, sado chiqarmay) iborasi esa o‘lim lahzasidagi mutlaq sukut va taslimiyat ma’nosini anglatadi.

 

Kimgadir qoldirib g‘aribgina dard,

Kimgadir qoldirib g‘aribgina dog‘.

 

misralardagi g‘aribgina sifatlashining takrorlanishi matnning emotsional fonini pasaytiradi, uni sokinlashtiradi. Inson borliqdan ketar ekan, o‘zidan moddiy boylik emas, sof lisoniy va semantik unsur dard va dog‘ (armon ramzlarini) meros qoldiradi.

 

Kanglum… kang… lum…

 

She’rning oxirgi satrida so‘z parchalanadi, ko‘ngil bo‘laklarga ajraladi. Bu tilshunoslikda lingvistik dekonstruksiya hodisasi hisoblanadi. Lirik qahramonning jismoniy o‘limi, nafasining uzilishi til birligining grafik va fonetik parchalanishi orqali ko‘rsatiladi. “Kanglum so‘zi avval nuqtalar bilan uziladi, keyin bo‘g‘inlarga ajralib eliziyaga yuz tutadi. So‘zning parchalanishi, ayni paytda, inson ruhi va tanasining ajralish lahzasini ifodalovchi o‘ziga xos grafik transformatsiya hamdir.

M.Y. 12.07.2026

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder