Eng
qadimgi zamonlardan beri odamlar o‘zaro muloqotni qulaylashtirish, tezkor
xabarlashuv yo‘llarini topish, makon va zamon to‘siqlarini bartaraf qilish
ustida bosh qotirib keladilar. G‘or devorlari va qoyalarga ishlangan rasmlar,
piktografik yozuvlar, turli til tizimiga oid toshbitiklar ana shunday
intilishlarning natijalari hisoblanadi. Bu boradagi izlanishlar eng eski
chog‘lardan hozirgacha to‘xtagan emas. Aksincha, muntazam takomillashib, imkon
doiralari borgan sari kengayib bormoqda. Shubhasizki, insoniyatning bebaho
kashfi yozuv hisoblanadi. Biz yozuv orqali ajdodlarimiz so‘zlashgan tildan
xabardor bo‘libgina qolmay, ularning tafakkur olamidan, orzu va xayollaridan
ham boxabar bo‘lamiz. XIX asr adog‘ida turkiy runik yozuvining o‘qilishi kriptologik
tadqiqotlarni jadallashtirib yubordi. Shunga qaramay, hozirgacha o‘qilmagan,
siri ochilmagan, mazmuni anglanmagan asarlar bor. Yevropa hududida “Vinča”,
Yunonistonda “Linear-A”, Hindistonda “Indus”, Eronda “Elam” bitigi va
boshqalar ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Bunday tilsimli bitiklar soni
talaygina. Hozirgacha o‘qilmaganligining ham turli sabablari bor, albatta.
Ba’zilari yaxshi saqlanmaganligi, sistematik emasligi, matn parchalarining
to‘liq emasligi va boshqa sabablar tufayli “sirli yozuv” sifatida qayd etib
kelinadi. Quyida ana shunday sirli yozuvlardan birida bitilgan qo‘lyozma kitob
haqida ma’lumot bermoqchiman.
“Voynich
qo‘lyozmasi” deb ataladigan qo‘lyozma hozirgacha siri ochilmagan tilsimli
kitoblardan biri hisoblanadi. Ilmiy-laboratoriya tahlillariga ko‘ra 1404-1438
yillar orasida yozilgan. Kitob 15x22,5 hajmidagi qog‘ozga noma’lum alifboda
yozilgan bo‘lib, mavjud nusxa jami 240 betdan iboratdir. Kitobning nomi uni
1912 yilda topgan polshalik bibliofil Wilfrid Voynich familiyasi bilan bog‘liq.
Dastlab, Voynich nayrangi deb e’tibor berilmagan bu qo‘lyozma g‘ayrioddiy
rasmlar bilan bezalgan va sistematik alifbo asosida bitilgan edi. Rasmlardan
astrologiya, botanika va tibbiyot kabi mavzularda bitilgani bir qadar
anglashiladi. Qo‘lyozma ustida tilshunoslar, tarixchilar, kriptologlar va
boshqa turli soha vakillari izlanish olib borishgan. Ayniqsa, Birinchi va
Ikkinchi jahon urushi davrida faoliyat yuritgan mashhur kriptograflar tomonidan
ham katta qiziqish bilan tadqiq qilingan. Biroq farazlardan boshqa natijaga
erishilmagan. Ana shunday ilmiy gipotezalardan biri ingliz tilshunosi,
professor Stefan Baxga oid. Olim kitobdagi bir necha so‘zni o‘qigani haqida
shov-shuvli maqolalar e’lon qilgan. Turli ilmiy anjumanlarda kashfiyotini
jamoatchilik hukmiga havola qilgan. Biroq ilmiy jamoatchilik hanuzgacha
olimning bu kashfiyotini ishonarli ma’lumot sifatida tasdiqlagan emas.
Statistik va lisoniy tadqiqotlar matnning tasodifiy bir alifboda yozilgan,
ma’nosiz belgi va ishoratlar yig‘ini emasligini ko‘rsatadi. Ammo bu alifbo va
matn qaysi tilga oid ekanligi haqida hech qanday ilmiy dalil yo‘q. Mazkur
qo‘lyozma 1969 yilda Xans P. Kraus tomonidan AQShdagi Yale universitetining
qo‘lyozmalar kutubxonasiga taqdim qilingan. Yaxshi saqlangani holda tilsimi
ochilmagan mazkur qo‘lyozma o‘z kashshoflarini kutmoqda.
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder