Assalomu alaykum!
Tun tongga ko‘p mahtal bo‘ldi… Tong
nozlandi-da nozlandi. Tun ko‘p siqildi, toqati toq bo‘ldi. Ammo kutishdan
charchamadi, charchamaydi ham. Chunki tong yaqin. Chunki tunning eng qorong‘i pallasi
tong otar mahalda bo‘lishini yaxshi biladi. Hademay ahli ma’no “subhi saodat”
deya ulug‘lagan tong otadi. Avval ko‘kda “bodi tajalliy” esadi. Dunyoni g‘uborlardan
tozalaydi, bedor qalblarga huzur va halovat ulashib tong shabadasi esadi. “Sahar
chog‘i tani junjikmagan kishi “bodi tajalliy”dan nasibini ololmaydi”
deyisharkan bilgichlar. Keyin qoraning ranggi pastdan ufq toqiga tomon ochila boshlaydi. Buni “subhi kozib” ya’ni “yolg‘onchi tong” deydilar. Yolg‘onchi desalar-da rostning darakchisidir “subhi kozib”. Chunki, “ey, zulmatdan ozurda banda, tong yaqin” degan mujdaning jilvasidir “subhi kozib”. Ko‘z ochib yumguncha qoraning bag‘ridan
lojuvardlar sizib ko‘kni qoplaydi. Oq ip ila qora ipni ajratish payiga
tushganlar allaqachon shukrona tadorigini boshlab yuborishgan bo‘ladi. Lojuvardning
erkalari, nozanin zarg‘aldoqlar ham ko‘p o‘tmay ko‘kning ko‘rpasini ko‘tara
boshlaydilar. Bulutlar uyatdan qizarib turlanadilar. Ko‘zilg‘arda paydo bo‘lgan
shafaqgun yoyni eskilar “dashnai subh” derlarmish. “Dashna” xanjar demak, “adolat
xanjari” hademay tun bilan tongning chekiga chiziq tortadi. Shafaqdagi qon izini
zarrin shu’lalar yuvib tozalaydi. Tong tadorigi tezlashadi. Husnini ko‘z-ko‘z qilib “subhi sodiq” yuz ochadi. Quyosh jingala sochlarini
taray boshlagach yer-u ko‘kda ranglar “bazmi junbish”ni boshlaydi. Subhidamda
borliq ranglar tilida so‘zlaydi. Sassiz savollarning javobi rangin sukut
qa’rida bo‘ladi. Osmon moviyning turfa tusini xaridoriga tortiq qiladi. So‘zga
aylanolmagan sevinchlar, hayratlar tong yelida uchadi, ko‘zlar fajri sodiqning oniy
go‘zalliklaridan mast, orzular fajri otiydan umidvor. Tuproq hidi dimog‘ni
ochadi, qushlar chug‘uri quloqni xush sadolarga to‘ldiradi. Uzoqlardan eshitilgan
samoviy nido ruhni erkalab yuksaklarga chorlaydi. Tiriklik g‘amini allaqachon
boshlab yuborgan parrandayu darrandalar bu ko‘hna dunyo ularning ham vatani
ekanligini esga soladi. Yer va ko‘k tongda juda go‘zal bo‘ladi…
Oq
ip qora ipdan ajralar pallani intiq kutganlar, ko‘zilg‘arda tani junjikkanlar, tuslar
va qushlar tilidan anglaganlar, bu salom sizga…
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder