KABIKACH
Internet
orqali kitob sotishga ixtisoslashgan kitapyurdu.com portalidan xarid qilingan
kitoblarga turli xatcho‘plardan qo‘shib beriladi. (Biz bolaligimizda xatcho‘pni
betlagich derdik. Kitob yoki daftarlarning varaqlanadigan burchaklariga
kiygazib qo‘yardik. O‘qiyotgan joyimizga belgi qo‘yish uchun ham qog‘ozdan
xatcho‘p-betlagichlar yasab olardik.) Xatcho‘plar har safar yangi mavzuda va
alohida e’tibor bilan ishlangan bo‘ladi. Bu galgi mavzu “kabikach duosi” ekan. Uni mashhur turk xattoti Fuat Bashar usmonli
xat san’ati uslubida o‘ziga xos tarzda ishlabdi. Xo‘sh, “kabikach duosi” qanday
duo? U nima maqsadda qo‘llaniladi? “Yo, kabikach!” ifodasi nimani bildiradi?
Bugungi blog shu haqda.
Xat,
yozuv, bitik insoniyat o‘ylab topgan eng buyuk tilsimdir. Zero, yozuvning
kashfi afsun va afsungarlik bilan bog‘liq. Yozuv faqat ma’lum bir kishilar
orasidagi aloqa vositasigina emas, balki insonni moddiy yoki nomoddiy
mavjudotlarning salbiy ta’siridan asrovchi sehrli kuch ham hisoblanadi.
Duonomalar, asrornomalar, tumorlar, asragichlar, qaytargichlar, isitgichlar,
sovitgichlar, boyitgichlar, toydirgichlar, ezibichkilar... Bularning bari bitik
shaklidagi tilsimlar hisoblanadi. Ularning har biri alohida bir hodisaga
aloqador bo‘lgan. Uni yonida olib yurgan yoki o‘sha bitik bilan bog‘liq ritualni
bajargan kishining niyati ijobat bo‘lishiga ishonilgan. Shunday tilsimlardan
birining nomi “kabikach” deb ataladi. Xattotlar bu yozuvni kitobni kuya va
turli hasharotlardan saqlaydi, deb ishonishadi. Shu bois “kitob tilsimi” deb
ham atashadi. Odatda, bu tilsim bitigi kitobning muqovasi ichiga yoki kitobning
ilk sahifasiga “Yo, Kabikach”
shaklida yozib qo‘yiladi. Rivoyat qilinishicha, bir qaysar xattot ustozining
ta’kidiga qaramay tilsimni kitobning so‘nggi sahifasiga yozibdi. Kuyalar
muqovada tilsim yo‘qligidan foydalanib kitobni yeya boshlashibdi, faqat so‘nggi
sahifaga yetishganida bitikni ko‘rishibdi-yu kitobni tark etishibdi.
Suryoniy
e’tiqodiga ko‘ra “Kabikach” bir farishtaning nomi bo‘lib, “jamiki
qurt-qumursqalarning sultoni” hisoblanadi. Afrika xalqlari mifologiyasida “Kabikanch”
yoki “Kabikax” deb ataluvchi afsonaviy qush “insondan boshqa jamiki
jonlilarning hukmdori” sifatida talqin qilinadi. Indoneziya xalq afsonalarida “Kix”
(hasharot malagi) deb ataluvchi ko‘rinmas qush ham shu vazifani ado etar ekan.
Fors xalqlari Kabikachni hudhud qushi timsolida tasavvur etishar ekan. Hatto
kitobga kuya tushmasin degan niyatda hudhudning patidan betlagichlar qo‘yishar
ekan. Fors tilida bitilgan “Burhoni qotig” lug‘atida kabikach so‘zi “ayiqtovon
(Ranunculus) o‘simligi” sifatida izohlangan. Mazkur so‘zga arab va usmonli
manbalarida “sudralib yuruvchi jonzotlar va qumursqalarni boshqaruvchi farishta
yoki jin” deb ta’rif berilgan ekan. Bundan tashqari, izohlarda “ko‘pgulli
ayiqtovon o‘simligining qadimiy nomi” ekanligi ham qayd qilinadi. Qadimiy
kitobat san’ati bilan bog‘liq manbalarda bu o‘simlik zaharli bo‘lgani uchun
uning suvidan himoya vositasi sifatida siyohlarga qo‘shib ishlatilgan degan
fikr ham uchraydi. Shunday suyuqlik vositasida “zirhlangan” kitoblarga ishorat
qo‘yishni xattotlar an’anaga aylantirishgan. Hatto avvallari qo‘lyozma kitobni
qaysi xattot yozganligi ham “Kitob tilsimi”ga qarab belgilangan ekan.
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder