13.03.2016

Tug‘ilgan kun...



TUG‘ILGAN KUN...

Har yili o‘zgacha tuyg‘ular bilan qutlanadi tug‘ilgan kun. Tabriklar ham shunga yarasha. Yoshlikda “orzularning amalga oshishi”, “porloq kelajak”, “muvaffaqiyat”, “zafar” va hokazolar bo‘ladi tilaklarning mazmun mundarijasida. Yosh ulg‘aygan sari tilaklarning ham hovuri bosila boradi. Endi ezgu tilaklar kuchini “baxtiyor oila” va “farzandlar” mavzusidan ola boshlaydi. 40ni to‘ldirib, 50 sari yo‘l olganingizda tug‘ilgan kun sizga “uzoq umr” va “mustahkam sog‘lik” haqidagi quchoq-quchoq tilaklarni sovg‘a qiladi. Eng vazmin tilaklar huddi mana shular bo‘ladi. Sizga bir marta shu tilaklarni yarashtirdilarmi, endi ulardan qochib qutilolmaysiz. Qochib qutilishni kim ham uddalabdi, deysiz? Faqat so‘zlarning ters yuzini ko‘rishga ham tayyor turishingiz kerak bo‘ladi, xolos. Sizga “uzoq umr, mustahkam sog‘lik” tilashsa, keksalik eshik qoqa boshladimi, deya o‘yga tolasiz. Endi tug‘ilgan kunning ma’nosidan ko‘ra umr mazmunini teranroq o‘ylay boshlaysiz. Bu yoshdan keyin tug‘ilgan kunlarning ma’nosi bosib o‘tilgan yo‘l va uddalashga erishgan ishlaringizga qarab o‘zgarib boradi. Tarozining qaysi pallasi og‘ir: yutuqlarmi yoki xatolar? Amal daftaringizda qaysi ishlaringiz ko‘proq bitildi: ezgu amallarmi yoki behuda mashg‘ulotlar? Topganlaringiz ko‘pmi, yo‘qotganlaringiz? Erishganlaringiz erishmaganlaringizdan ko‘ra muhimroqmi? Xullas, ortda qolgan yillar bugungi kuningizning mazmunini belgilab beradi. Biroq nadomatga o‘rin yo‘q. Yoshingizdan qat’i nazar tug‘ilgan kun eng yaxshi tilaklar bilan qutlanmog‘i kerak. Atrofingizda sizni qutlayotgan odamlar bor ekan, demak shukronaga qarzdorsiz. Sizga ikki og‘iz shirin so‘zini bildirayotgan insonlar bor ekan, demak yashayapsiz. Siz kimgadir kerak ekansiz. Shuning o‘zi katta baxt emasmi? Ertadan umidvorlik ruhni tashnalikdan qutqaradi. Insonga kuch beradi. Ulgurolmagan ishlaringizga yoki katta-kichik xatolaringizga nadomat qilib o‘tirish yarashmaydi. Har tug‘ilgan kun siz uchun milod bo‘lishi ham mumkin. Ertangi kun uchun yangi rejalar tuzing. Bu ertaga yap-yangi bir hayot boshlanadi degani, oldinda yashalishi kerak kunlar turibdi degani. Hali qiladigan ishlaringiz ko‘p degani. Bular sizga kuch bo‘ladi. Shunda tug‘ilgan kunlar siz uchun quvonchli kunlarga aylanishi shubhasiz.
Unutmang, tug‘ilgan kunlarda sizning yangi yoshingiz emas, balki dunyoga kelganingiz, borligingiz qutlanadi. Barcha tilaklarning ma’nosi, aslida, “Boringizga shukr!” degani. Baxt degani shu emasmi?!
Ma'rufjon Yo'ldoshev

3 yorum: