BUTIMOR
Bugun erta tongda shayх shoir Xoja Abulvafo Xorazmiy (vafoti 1432) ruboiylarini o‘qidim. Ruhim yengillab ko‘nglim yorishdi. Bugungi blog uchun mavzu ham topildi. Bu zoti muborak haqida Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida shunday ma’lumot bergan edi: “Xoja Abulvafo Xorazmiy... kibori avliyodindur. Xorazm xalqi g‘oyat malakiy sifotlig‘idin Xojani “Yer farishtasi” derlar erdi va Xoja ulumi zohiriy va botiniyni takmil qilib erdi. Va tasavvufda yaxshi musannafoti bor va mashhurdurkim, ulumi g‘ariba ham bilur erdi.”
Ba’zan arzimas dardga yo‘liqsak yo boshimizga biror
tashvish tushsa, chora izlab choryonu chorvujud bo‘lamiz. Tilimiz shukrni
unutib vovaylodan tasbih o‘gira boshlaydi. Ruhimizga bu badangina emas, hududsiz dunyoi dun ham torlik
qila boshlaydi. Shuurimiz “nega-nega”lardan karaxt bo‘ladi. Ahli ma’no esa buni
ilohiy ne’mat hisoblaydi va har qanday buyuk dardni ayyubona go‘zal ahloq bilan
kutib oladi. Hatto dardsiz qolmaslik kerakligini uqtiradilar. Abulvafo Xorazmiy
bir ruboiysida shunday yozadi:
“Darmon
tilama, dard qidir, ey miskin,
Dard
bo‘lmasa, darmonni topilmog‘i qiyin.
Miskinligu
nomurodligu dard izla,
Miskinlaru
dardmandlar ila bo‘l yaqin.”
Qish kunlarining birida Mavlono Rumiy qattiq betob
bo‘lib qolibdi. Habiblari eng kuchli tabiblardan eng yaxshi dorilarni topib
keltirishibdi ammo Mavlono ularni qabul qilmabdi. Sababini so‘rashsa shunday
izohlabdi: “Angladimki, tanga mehmon bo‘lgan bu og‘riq-azob naqadar muborak, na
qadar go‘zal. Naqadar xushholu, na qadar qutlug‘. Harorat, dard va bedorlik.
Yaratgan egam qarib-qartayganimda menga shunday dardni berdi. Bel og‘rig‘i
ehson aylab tunlari bedor qildi. “Tunlarni hayvon kabi uyquda o‘tkazolmayman”
deyishga arzigulik og‘riqlarga g‘arq qildi. Kulfat va dardga sabr obihayot
bulog‘i va sarmastlik qadahi kabidir. Chunki go‘zalliklar chirkinliklar ichida
pinhondir. Yaratganning pok ismini tilga olishing bilan barchasi unut bo‘ladi.
Tangri taolo mendan rozi bo‘lsa bas, balolarga ham dardlarga ham xaridor
bo‘laveraman.”
Abulvafo Xorazmiy ham bir ruboiysida dardning naqadar
qimmat ekanligini shunday izohlaydi:
“Bermam bu g‘amu g‘ussani
darmonga sira,
Bu
faqrni-da mulki Sulaymonga sira.
Bu
faqru fanoni olmadim arzon, bas,
Qimmatni
alishmagayman arzonga sira.”
Ma’lumki, tasavvufda eng yuqori maqom faqru fano vodiysidir. Bu maqom
toliblari avval talab, ishq, ma’rifat, istig‘no, hayrat va tavhid vodiylaridan
o‘tmog‘i kerak. So‘nggi vodiyga o‘z menligidan kechib, bor budini unutib, dunyo
ne’matlaridan voz kechib, tamoman yo‘q bo‘lgan holda yetib boriladi. Va bu maqomga yetgan solik Haqqa erishgan hisoblanadi. Abulvafo Xorazmiy ana shunday insoni komil edi.
Shoir ruboiylaridan birida
butimor qushi
timsolidan foydalanadi.
Bugungi blog mavzusi ayni shu timsolni o‘qigach tug‘ildi:
“Qilganmidi pashsha hech zamon
filni shikor?
Ummonni
simirganmi va yokim butimor?
Yo‘l
ochmasa o‘ziga qilib jonni nisor,
Olam
shohining zarra bilan ne ishi bor?”
Ruboiy ostida tarjimonning “baliqchi qush” tarzidagi izohi berilgan. Butimor afsonaviy bir qush. Ochig‘i, uning baliqchi qush ekanligi menga noma’lum. Albatta, tarjimon bunday izohni berayotib biror manbaga asoslangan bo‘lsa kerak degan fikrdaman. Menga ma’lum bo‘lgani shuki, fors mifologiyasida bu qush “ishq qushi” yoki “g‘am qushi” sifatida tasvirlanadi. She’riyatda oshiq va ma’shuqa ruhiyatidagi g‘am-g‘ussani ifodalashda tilga olinadi. Bu g‘aroyib qush dengizga oshiq. Inini ham sohilga quradi. Tongdan tungacha yolg‘iz o‘zi sohilda dengizni tomosha qilib o‘tiradi. Quyosh shu’lalarining jilvasiga maftun bu qush, aslida, dengiz suvidan boshqa suvni ichmaydi. Ammo “agar bunday ichaversam bu go‘zal dengizning suvi qurib qoladi-ku” degan andisha va hadik bilan suv ichishni kamaytiradi. Tashnalikdan madori qurib qolsa ham kamga qanoat qilishda davom etaveradi. Toki o‘lgunicha. Shuning uchun uni “g‘am qushi” deb ataydilar. Mumtoz she’riyatimizda muhabbatini oshkor qilolmagan sevgilining adoqsiz taraddudi bu g‘amboda qush misolida tasvirlanadi.

Hiç yorum yok:
Yorum Gönder