Hind asotirlarida ayol va erkakning yaratilishi shunday
tasvirlanadi: Tangri yaproqning yengilligini, ohuning boqishlarini, quyosh
nurining quvonchini, tumanning ko‘z yoshini olib unga shamolning beqarorligini,
quyonning hurkakligini qo‘shibdi... Ularning ustiga qimmatbaho toshlarning
jilosini, asalning totini, qoplonning qahrini, qishning sovug‘ini,
zag‘izg‘onning tovushini, musichaning sevgisini qo‘shibdi... Bularning
barchasini qorishtirib eritibdi va ayolni yaratibdi...
Tangri toshbaqaning imillashini, buqaning boqishlarini,
to‘fonlarning shiddatini, tulkining ayyorligini, bo‘ronning dahshatini olib
unga zulukning yopishqoqligini, mushukning o‘yinqaroqligini, itning sayoqligini,
karkidon terisining qattiqligini qo‘shibdi. Ustiga ayiqning qo‘polligini,
buqalamunning turlanuvchanligini, chivinning g‘ingillashini qo‘shibdi va erkakni
yaratibdi. Keyin erkakni odam qilsin deya ayolga beribdi.
Aytishlaricha,
bu voqea Elozig‘ning chekka bir qishlog‘ida ro‘y bergan ekan. Qishloqdan oqib o‘tuvchi
soyning bir tomonida suluv qiz ikkinchi tomonida esa o‘ktam yigit yashar ekan.
Qiz soydan suv olishga chiqqanida yigit uni ko‘rib sevib qolibdi. Ko‘zlar
uchrashibdi, ko‘ngillar tillashibdi, orzular bo‘ylashibdi ammo o‘rtadagi soy
ularning birlashishiga imkon bermas ekan. Yigit soydan suzib o‘tmoqchi
ekanligini qizga aytibdi. Qiz tunda soy bo‘yiga chiqishga rozi bo‘libdi. Soyning
sayoz joyiga borib shamchiroq yoqib kuta boshlabdi. Yigit qiz tomon suzib o‘tibdi.
Shunday qilib har kecha oshiqlar soy bo‘yida uchrasha boshlashibdi. Kunlardan
bir kun qizning otasi bundan xabar topibdi. Qizini uyga qamab o‘zi sohilga
chiqibdi. Atrofni tun pardasi qoplaganda g‘azabnok ota soyning eng chuqur va
tez oquvchi joyiga kelib shamchiroqni yoqibdi. Yigit shamchiroq ko‘ringan joyga suzib o‘tishga
chog‘lanibdi ammo suvning shiddatiga dosh berolmay cho‘kib ketibdi. Qishloq
ahli sham yoqib yigitni qidiribdi. Ammo undan nom-nishon topa olishmabdi. Oradan qancha yil, qancha zamon o‘tsa hamki Elozig‘liklar bu rivoyatni unutishmabdi. Haligacha qo‘shiq qilib kuylashar, eshitmaganlarga hikoya qilib aytib berishar, to‘ylarida shamchiroqli raqslari bilan yod etishar ekan. Rassomlari rasmi bilan, haykaltaroshi haykali bilan, bastakori bastasi, yozuvchisi hikoyasi bilan eslab yurarkan.