MAQOLA YOZISHGA TAYYORMISIZ?
Maqola
yozishni o‘rganish, avvalo fikrlashni o‘rganish demakdir.
(Amiel
Suche)
1.
Maqsadingiz baland bo‘lsin!
O‘zingiz qiziqadigan sohaga oid adabiyotlarni muntazam
kuzatib borishni odat qiling. Biror sonini o‘tkazib yuborsangiz eng qiymatli
narsangizni yo‘qotib qo‘ygandek behuzur bo‘ling. Kun tartibida qanday ilmiy
munozaralar borayotgani, qaysi mavzularda jiddiy tadqiqotlar qilinayotgani,
qanday monografiya va risolalar chop etilgani haqida xabardor bo‘lishni
o‘rganing. Bularni do‘stlaringiz bilan muhokama qiling, ilmiy suhbatlar quring.
Boshqa tillardagi maqolalarni ham oʻqib mushohada qilishga harakat qiling. “Praga
to‘garagi”, “Fransuz to‘garagi”, “Metforistlar”, “Yangilar to‘garagi” bularning
bari universitetning idealist talabalari o‘zaro ilmiy suhbatlari natijasida
paydo boʻlgan va dunyo faniga yangi ufqlarni ochgan, filologiyaning
taraqqiyotini jadalashtirib yuborgan toza kuch boʻlganlar. Imom G‘azzoliy
deydiki: “Uzoq manzillarga yetmoq uchun yaqin masofalarni oshmoq kerak.”
Niyatlari ezgu, xayollari baland, ilm choʻqqilarini zabt etishga ishtiyoqi
yuksak yoshlar birlashsa, muayyan mavzular ustida fikr yuritsalar oʻzbek
fanining yangi davrini boshlab berishdek vazifani zimmalariga olgan boʻladilar.
Har asrda, ma’lum davrlar oraligʻida har qanday sohada yangi nafaslarga, yangi
soʻzga, toza ovozga, avvalgilarga oʻxshamagan fikrlarga ehtiyoj seziladi. Din
ilmida bunday insonlarni mujtahid va mujaddidlar deyishadi. Mujtahidlar
hijratdan keyingi 400 yil mobaynida mavjud edi va undan soʻng ehtiyoj qolmadi.
Qiyomatga qadar aytiladigan soʻz aytib boʻlindi. Buyogʻiga endi bu vazifani
mujaddidlar oʻz zimmasiga oladi. Hadisi sharifda “Har yuz yilda bir mujaddid
keladi va ummatimning ishlarini yangilab boradi” deyiladi. Mujaddidlar zamon
tufayli paydo boʻladigan savollarga javob izlaydi. Yangicha qarash nuqtalarini
kashf etadi va koʻrsatib beradi.
Dunyoviy ilmda ham vaqti vaqti bilan zamon
taraqqiyotiga hamohang fanda oʻzi yashayotgan davrga va oʻzidan keyingilarga
ilhom beradigan olimlar – mujaddidlar yetishib chiqadi. Koʻpincha bu holat bir
necha oydin fikrli kishilar birgalashganda namoyon boʻladi va biz bunday jamoa faoliyatining
hosilasini ilmiy maktab deymiz.
Istardimki, ma’naviyat universitetining iqtidorli
talabalari ana shunday ilmiy maktablarga asos soladilar.
2.
Ufqingizni kengaytiring.
Katta olimlar, oʻz sohasining professional kishilari
erta-yu kech kitob oʻqiydi deb oʻylasangiz yanglishasiz. Sizga zabardast, boʻy
yetmas boʻlib koʻringan olimlar ham hayotni faqat mutolaadan iborat deb
bilmagan. Suhbatlarida ham faqat oʻzi bilgan ilmiy sohadan gapiradi deb
oʻylasangiz ham yanglishasiz. Ular bir sohani yaxshi bilish barobarida hayotni
teran anglashga, goʻzallashtirishga harakat qiladigan insonlardir. Navoiydan,
Boburdan gapirmayman. Fitratni, Choʻlponni, Qodiriyni, Oybekni eslashning oʻzi
ham kifoyadir. Ular milliy adabiyot bilan birga jahon adabiyoti klassiklarini,
katta san’atni, musiqani, tarixni va insoniyatga aloqador qadriyatlarni yaxshi
anglagan zotlardir. Ularni mahobatli koʻrsatadigan jihatlar ham shundamikan deb
oʻylab qolaman. Oʻzbek ilmida ham adabiyotida ham ana shunday keng ufqli
shaxslar bor va ularni oʻrnak olib harakat qilish lozim. Bir san’at asarini
oʻqiy olmaydigan, biron bir musiqa asbobini chalishni bilmaydigan, rasm
chizishni uddalay olmaydigan, shaxmatni ham oʻynashni bilmaydigan yoki keng
ma’noda xobbisi boʻlmagan kishining jamiyat peshqadamlari hisoblangan
ziyolilari orasida, intelligentsiyasida hech qanday oʻrni boʻlmaydi. Bularning
ilmga nima aloqasi bor deb oʻylash notoʻgʻri. Bunday faoliyat inson miyasining
faolligini oshiradi. Ijodkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi. Hatto tilshunos,
adabiyotshunos yoki elshunos boʻlishni niyat qilgan talabalarga tasviriy san’at
galereyalariga, muzeylarga, xunarmand ustalarning ish joylariga koʻproq borib
turishlarini tavsiya qilgan boʻlardim. Men talabalarga ba’zan aytaman.
Fotografiyani yaxshi oʻrganing. Fotografiya ob’yektga qarab shunchaki tugmani
bosish degani emas. Aqlni, qalbni va nigohni bir nuqtaga jamlash degani.
Koʻrmoqchi va koʻrsatmoqchi boʻlgan narsani tez va aniq anglash, topish degani.
Masalaning mohiyatini oson idrok etish degani. Fotografiyani yaxshi bilgan
odamdan yaxshi tadqiqotchi chiqadi. Qisqasi, agar siz ilm yoʻliga kirishga azm
qilgan ekansiz, avvalo hayot falsafangizni belgilab oling.
3.
Yozishga odatlaning.
Odatlar, koʻnikmalar takrorlanuvchi harakatlar tufayli
paydo boʻladi. Ba’zan xayolingizga kutilmaganda zoʻr fikr kelib qoladi. Bir
qoyillatib maqola yozib hammani hayratga solgingiz keladi. Yozishni
boshlaganingizda haligina oltindek porlab turgan fikrlar tumtaroq jumlalar
ichida xiralashib, ta’sir kuchini yoʻqotib boradi. Shashtingiz qaytadi.
Osongina yigʻishtirib qoʻya qolasiz. Shunday boʻlmasligi uchun nima qilish
kerak? Menimcha har kuni nimanidir nimagadir yozishni odat qilish kerak.
Yoningizda daftarcha bilan qalam olib yuring, boʻlar-boʻlmas joyda sargʻayib
bujmaygan daftarchani chiqarib, yozib, atrofingizga “ilhom keldi” adabiyotini
qiling demayman. Bular eskirdi endi. Oʻqigan asaringiz, eshitgan gapingiz,
koʻrgan holat yoki hodisalaringiz haqida bloglarga, facebook, twitter va boshqa
tarmoqlardagi sahifalaringizga, shaxsiy web-sahifalaringizga yozib borishingiz
mumkin. Bu sizni ommaga tanitadi. Oʻzingizga ishonchingizni orttiradi. Yozgan
sari fikrlaringiz oson tilga keladi. Chiroyliroq ifodalashni oʻrganasiz.
Professionallashasiz. Shunda maqola degani faqat yaxshi fikrdangina iborat
qandaydir bitik degani emasligini anglaysiz. Shunda maqolaning yaxshi dizayn
qilingan fikr degani ekanligini toʻliq tasavvur qilasiz.
4.
Faol boʻling.
Kompyuter tepasida oʻtirib dunyoni anglashga harakat
qilish va ilmiy maqola yozishga tirishish sizni chegaralab qoʻyadi. Mashhur
ta’birni eslasak, “quduq tubidagi qurbaqa osmonni quduq ogʻzidek deb oʻylar
ekan.” Quduqdan chiqish yoʻllarini izlab toping. Buning uchun intellektual
doirangizni kengaytiradigan konferensiya, simpozium va turli ilmiy-adabiy
kechalarga qatnashga odatlaning. Izlamlaringizni, munosabatingizni faol tarzda
bildirib boring. Oʻz shaxsiy seminarlaringizni tashkil qiling. Sotsial
tarmoqdagi doʻstlaringizni, yaqinlaringizni chaqiring. Sizni kashf qilishlarini
kutib oʻtirmang. Kashf qilishlari uchun imkon yarating. Sizni qiziqtirgan
sohada ma’lum muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan ma’lum etiketlarga amal
qilgan holda tanishing, suhbatlashing. Bu motivatsiyangizga ijobiy ta’sir
qiladi. Hayotga baxtiyor qarashni oʻrganasiz. Yozishga va yozganlaringizni
baham koʻrishga ishtiyoqingiz ortadi.
5.
Sotsial tarmoqdan maqsadli foydalaning.
Zamonaviy texnika imkoniyatlaridan unumli va maqsadli
foydalanishni oʻrganing. Ayniqsa ilm kishilari koʻp murojaat qiladigan
Academia, Researchgate, Linkedin yoki Facebook, Twitter, Telegram, WhatsApp
kabi tarmoqlarda sizning maslagingiz, faoliyatingiz va qiziqishlaringizni aniq
koʻrsatuvchi shaxsiy sahifalaringiz boʻlishi zarur. Ularda profil rasmi
qoʻyiladigan joyga oʻzingizning rasmingizni qoʻying. Muloqat qilganda
qarshidagi odam siz bilan yuzma-yuz turib suhbat qilayotgandek his qilsin
oʻzini. Qandaydir gullar, bulbullar, aktrisalar, manzaralar rasmini
qoʻymaslikka harakat qiling. Chunki bu holat sizning oʻzingizga
ishonmasligingizni koʻrsatadi. Ismi sharifini ma’lum ma’noda markaga
aylantirishni istagan odam eng avvalo jiddiy bir elektron pochta manzilini
yaratadi. E-pochtaga ba’zan aloalo3596@mail.ru, kalmggsfacadssg@bk.ru ga
oʻxshagan manzillardan xabar keladi. Oʻzini va oʻzgani hurmat qiladigan odam,
aqliy imkoniyatlari chegaralanmagan inson bunaqa elektron manzillardan
foydalanmaydi. Siz yuborgan elektron manzil nomi siz haqingizdagi dastlabki
taassurotni beradi. Shuning uchun ochiq boʻling, aniq boʻling. Sizni
qidirganlar, xabar yoʻllashni istaganlar “manzili nima edi” deb oʻtirmasin.
6.
Zamon bilan hamqadam boʻling.
Ijodkorlar oldidagi eng kata toʻsiqlardan biri zamonga
hamqadam boʻlolmaslik. Nima qilayotgan boʻlsangiz ham bu ishni sizdan tez va
qulay yoʻllar bilan qilayotgan insonlar bor atrofingizda. Masalan, adabiyotlar
roʻyxatini haligacha qoʻlda tartiblaysizmi? Indeksni alifbo tartibida oʻzingiz
terib chiqasizmi? Sizdan iqtibos olinganligini tekshirish uchun internetda
soatlab vaqt sarflayapsizmi? Bunga hojat yoʻq. Hozir Googlening oʻzida soniyalar
ichida hal qilib beradigan dasturlar bor. Bulardan foydalanishga odatlaning.
7.
Kuzatuvchan boʻling.
Siz qiziqqan soha boʻyicha ilk maqolani siz
yozmadingiz, albatta. Oxirgisi ham siz boʻlmaymiz. Oldin yozilgan maqolalarni
qunt bilan oʻrganing. Eng muhimi metod, masalani yoritishda tanlangan
yondashuvlarga e’tibor qiling. Qaysi xususiyatlarni kashf qilgani, qanday
yoritgani, qaysi jihatlariga koʻproq e’tibor qilgani, qanday yechim taklif
qilgani, xulosa va tavsiyalari nimalardan iborat ekanligini jiddiy kuzating.
Siz masalaning qaysi tomonini yoritishingiz mumkinligi ana shunda
koʻrinadi.
8.
Rejalar tuzing va ularga sodiq qoling.
Muvaffaqiyatli insonlarning mushtarak xususiyatlaridan
biri rejali ishlashlaridir. Reja deganda soat yoki taqvimga qarab ishlashni
emas, biologik rejaga koʻra ishlashni nazarda tutaman. Har kuni erta tongda
turib ishlashga, oʻqishga odatlangan odam rejasini shunga koʻra shakllantiradi.
Tunda ishlashni yoqtiradigan odam ham eng zarur, eng jiddiy ishlarini tunga
qoldiradi. Qachon va qanday sharoitda ishlasangiz ham reja qiling va unga sodiq
boʻling. Ilhom parisi qachon kelarkan deb oʻtirmang. Shunday qilingki, uning
oʻzi siz istagan paytda qoshingizda muntazir boʻlsin.
9.
Koʻzingiz yuksaklarda boʻlsin.
Maqolani yozdingiz. Endi uni qayerda nashr qildirasiz?
Koʻpchilik ilk qadamlarda oʻziga ishonmaydi va yozgan maqolasini past profilli,
birov bilmaydigan jurnal va gazetalarga olib boradi. Shuni ham tanish-bilishi
boʻlsa bir amallab chiqarish ilinjida olib boradi. Mashhur jurnal va
gazetalarda bosilishiga ishonmaydi. Siz mukammaliyatchi boʻling. Avvalo
oʻzingizga soʻrang. Bu maqolani nima uchun oʻqishlari kerak? Kimlar oʻqishi
kerak? Oʻqigan inson siz aytmoqchi boʻlgan gapni oson ilgʻaydigan qilib
yozdingizmi? Ortiqcha uzundan-uzoq yoki oʻta qisqa jumlalarni koʻpaytirib
yubormadingizmi? Maydalashib ketmadingizmi? Uzuq-yuluq, oʻlda-joʻlda bayondan
iborat boʻlib qolmadimi? Bularga javob bera olsangiz qoʻrqmay eng katta jurnal
va sohaga oid peshqadam gazetaga olib borsangiz boʻladi. Sizga koʻrib
kamchiliklari bor desa aniqlab tuzatib qayta olib boring. To oʻsha nashrda
bosilmaguncha tinchimang.
Aziz
talabalar, bular sizga
aytmoqchi boʻlgan umumiy tavsiyalarimdir. Aslida har kimning ijod bogʻiga
boradigan yoʻli oʻzgacha boʻladi. Men aytgan gaplar matematik formulalar emas.
Ana shu manzilga borish yoʻlini tanlashga tashviqdan iborat xolos. Shu yoʻlga
tushib olsangiz, qarshingizdan uch yoʻl chiqadi. Biri borsa-kelar, ikkinchisi
borsa-kelmas, uchinchisi borsa-gumon. Siz Kenja botir boʻling borsa-kelmasni
tanlang. Buyogʻi peshonadagi boʻladi.
Ma’rufjon Yo'ldoshev
filologiya fanlari doktori