“KICHKINA ODAM”NING HAYQIRIG‘I
Jazoirlik mashhur
qo‘shiqchi Idir taxallusi bilan ijod
qilgan Hamid Jeryat (1949-2020) ona tilining
chin ma’nodagi oshig‘i edi. Umri davomida eng go‘zal qo‘shiqlarini ona tili bo‘lgan
barbar tilida kuyladi. Uning qo‘shiqlari Afrikaning turli mintaqalariga tarqalib
ketgan barbarlarning milliy madhiyasiga aylandi. Ular Idir qo‘shiqlari ostida ona tilini asrab qolish uchun kurashish kerakligini
anglagan edilar. Idir bir intervyusida shunday degan edi: “Men general emasman, ortimda qo‘shinim
ham yo‘q. Xalq birdamligini ko‘rishdan boshqa dardi bo‘lmagan bir odamman. Faqatgina
ona tilimda qo‘shiqlar kuylashni istayman. Chunki qo‘shiq aytish mening nazarimda
tilni yashatmoq demakdir. Va bu til ortida muhtasham madaniyat bor”.
“A Vava Inouva” barbar tilida “Kichkina odamman” degan ma’noni bildiradi
va o‘tgan asrning eng go‘zal qo‘shig‘i sifatida e’tirof qilingan.
Ota va qiz o‘rtasidagi
suhbat tarzidagi qo‘shiq so‘zlari barbar xalqining qadim afsonasi asosiga qurilgan. Afsonaning qisqacha
mazmuni shunday:
O‘rmon yaqinidagi
kichik bir qishloqda ko‘zi ojiz chol va uning G‘ariba ismli qizi yashar ekan. Ular
birga o‘rmondan o‘tin, qo‘ziqorin va meva-cheva terib kelib kun kechirishar ekan.
Chol kasal bo‘lib yotib qolibdi. O‘rmonga qizning o‘zi borishga qo‘rqar ekan. Ayni
o‘sha kunlari qishloqda bir mahluq paydo bo‘lgani va yolg‘iz kimsalarni uyidan o‘g‘irlab
ketayotgani haqida mish-mish tarqagan ekan. Shunday bo‘lsa-da, G‘ariba o‘rmonga
borishga qaror qilibdi. Bo‘lmasa, mahluq yeb ketishidan emas, ochlikdan o‘lishi
aniq ekan. Ketayotib, - otajon, men yo‘qligimda kim kelsa ham eshikni ochmang, o‘zim
kelganimda bilaguzuklarimni shiqirlataman, shunda eshikni oching, odamxo‘r mahluq
insonlarning ovoziga taqlid qilib uyga kirib olar emish - debdi. Ota “bormay qo‘ya qol”, - desa ham G‘ariba
o‘rmonga ketibdi. U o‘rmonda adashib qolib, yarim tunda arang uyiga yetib kelibdi.
Bilaguzuklarini ham o‘rmonda yo‘qotib qo‘yibdi. Eshigini taqillatib, “ota, eshikni
oching, bu men kichik odamcha - qizingiz G‘aribaman” -desa, ota “bilaguzingni shiqirlat-chi”
-dermish. “Ota, men o‘rmondagi mahluqlardan qo‘rqyapman, eshikni oching” -desa,
ota “men ham qo‘rqaman o‘sha mahluqlardan”, -dermish.
Ushbu qo‘shiq Jazoir
xalqining Fransiya ishg‘oliga qarshi kurash boshlagan yillarda yangradi. Bu esa
ishg‘olchilarga qarshi barbar tilida “Men borman!” deyishning eng yaxshi usuli edi.
Shu bois “Kichkina odamman” qo‘shig‘i barbar xalqining ishg‘olchi “o‘rmon mahluqlari”ga
qarshi birlashishga chorlovchi madhiyaga
aylangan edi.
2020-yilning
may oyida 71 yoshida tug‘ilgan yurtidan uzoq bir diyorda vafot etdi. Darvoqe,
qo‘shiqchining taxallusi barbar tilida “yashaydi,
tirik” degan ma’noni bildirar ekan. Uning muhiblaridan biri shunga ishora
qilib “Hamid Jeryat vafot etdi, ammo Idir yashaydi” degan edi. Darhaqiqat,
Idir milliy mujodalaning
mangu ovozi sifatida qalblarda yashayveradi.
Qo‘shiq so‘zlari
shunday boshlanadi:
Qiz: Tsxilek lliyin tabburt, a vava inouva, a vava inouva
(Iltimos, eshikni oching, Inouva ota, Inouva ota)
Ota: Tchcen tchcen tizzebgatin im, a yelli ghriba
(Oh, G‘ariba qizim, bilaguzigingni shiqirlat, eshitay avval)
Qiz: Uggadegh lwahch lghaba a vava inouva
(O‘rmon mahluqlaridan qo‘rqyapman, tezroq oching Inouva
ota)
Ota: Uggadegh ula d’nekkini ,a yelli ghriba
(Oh, G‘ariba qizim, men ham ulardan qo‘rqaman)
# A_Vava_Inouva #Kichkina_odam #Idir #Hamid_Jeryat
M.Yo‘ldoshev
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder