SAMOLARGA OMONAT JONLAR
O‘nqo‘rg‘on. Toshkentdan olti chaqirim naridagi mo‘jaz
qishloq. Aytishlaricha, shahar atrofidagi o‘nta qo‘rg‘ondan biri. Menimcha, bu nomdagi
“o‘n” unsuri aniq sonni emas, “old, oldin, dastlabki” ma’nosidagi qadimiy “o‘n”
so‘zini anglatsa kerak. Asl mavzuga kelsak. Shu qishloqning eng baland tepaligida
bir choyxona bor. Nomi choyxona ammo taomlarining turiga qarab, dunyo tamaddixonasimi,
deysiz. Shahar shovqinidan bezganlar hafta yakunida shu choyxonaga kelishadi. Abdishukur
oshpaz tayyorlagan taomlarning ta’rifi butun Toshkentga yoyilganidanmi, katta-katta
lavozimdagi odamlar ham shu yerga kelib turishadi. Odatdagidek, shanba. Choyxona
gavjum. Qaysi bir xonaga bosh suqsangiz hammasida bitta masala: Gurjiston hududida
halokatga uchragan turk harbiy yuk samolyoti.
Odatda, har bir davraning o‘rtaga mavzu tashlagich
kayvonisi bo‘ladi. Men mehmon bo‘lgan davraning kayvonisi Murod rais mavzuni “Eshitgandirsizlar,
turklarning samolyoti qulabdi” deya boshlab berdi. Endigina yig‘ilganlar salom-alikni
ham yig‘ishtirib, o‘rtaga tashlangan mavzudagi xabardorliklarini peshlashga tushib
ketishdi.
“Ee, haa, aytmang, juda yomon ish bo‘pti. Bittayam
tirik qolmagan deyishyaptimi?” -dedi, hali to‘g‘ri-durust o‘rnashib ulgurmagan Hayitboy
muallim.
“Iee, qiziq gap bo‘ldiyu, muallim, Osmonu palakdan
samolyot toqqa gumburlab tushadiyu ichida odam bolasi omon qoladimi? Sal, mundog‘
o‘ylang, muallimsiz, axir” -dedi zarda bilan O‘tkir tajang.
“Yuk samolyoti deyishdi, shukr deyishga arziydagan
joyi shunda. Yaxshiyam pasajir samolyoti emas ekan” -deya gapini qisqa qildi, To‘rabek
soatsoz.
Murod rais gapga aralashdi: “Yigirmata askar ekan.
Yigirmatta jon. Hali hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurmagan azamat yigitlar...
Men juda yomon bo‘pketyapman. Ko‘zimni oldiga o‘g‘lim tengi yigitlar keldi. Men
bir amal qilib, xizmatga jo‘natmagandim o‘g‘limni, bolam qiynalib qoladi, deb. Hali-hali
o‘zimdan xafa bo‘laman, koshki vaqtni ortga qaytarib bo‘lsa... O‘sha askar bolalarning
otalari ne ko‘yga tushgan bo‘lsa! Qay biri endi uylangan, qay birilari hali go‘shanga
ko‘rmagan pokpokiza yigitlar-da. Bir-ikkitasi oilali ekan, ularning ortida endi
ko‘zini osmondan uzmaydigan bir etak bola qoldi-da...” Murod rais o‘pkasi to‘lib
qisqa-qisqa nafas oldi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilgandek, ovozi o‘zgardi. Ko‘ngli bo‘shab
yig‘lamoqdan beri bo‘ldi. Masalani boshqalar ilib ketdi. Murod rais esa dasturxon
chetida osilib turgan ipni barmoqlari bilan yumaloqlab, besh yil oldin Bo‘rijar
kanaliga cho‘milgani tushib, cho‘kib ketgan o‘g‘li - Jontemirni esladi. Uni armiyaga
jo‘natmagandi. Lavozimidan foydalanib, qandaydir hujjatlar bilan harbiy xizmatdan
olib qolgandi. O‘g‘li, “harbiy xizmatga boraman, uchuvchi-desant bo‘laman” deb yolvorgandi.
Barvasta, ko‘rkam va o‘ktam yigit edi, Jontemir. Ammo rais uni “o‘qiysan, olim bo‘lasan”
deb xizmatga jo‘natmadi. O‘sha yili yozning olovli kunlarida o‘rtoqlari bilan Bo‘rijarga
cho‘milishga borib, qaytmadi. Baland ko‘prikdan suvga sakrab xushini yo‘qotgan do‘stini
qutqarib, o‘zi suvga g‘arq bo‘lgan edi. O‘shandan beri Murod mahalla raisligidan
iste’foga chiqib, uyiga berkindi. Ko‘chaga shanba kunlari demasa, kamdan-kam chiqadi.
Chiqsa ham Bo‘rijar yoqasiga borib, suvga tikilib o‘tiradi. Besh yildan beri shu
ahol. Ko‘zi suvlarda qolgan. Bugun xotini “yaxshiyam shanba bor ekan, ko‘chaga chiqib,
elga qo‘shilasiz, biqinib o‘tiravermay” deya noligan edi.
Hayitboy muallim choy uzatmasa, xayollar olamidan
bu davraga qaytishi dushvor edi. Murod rais o‘ziga kelganida o‘rtaga tashlangan
mavzu qiyomiga yetay deb qolgan edi.
“O‘g‘limning aytishicha, samolyot o‘zi eski ekan,
oltmish yil burun ishlab chiqilgan ekan. Odam oltmish yilda bir hol bo‘ladiyu, u
o‘z nomi bilan texnika bo‘lsa. Shuni nahot tushunmagan bo‘lsa tepadagilar, deyman-da”
deya gapni qiziqtdi har gapini “o‘g‘limning aytishicha” deb boshlaydigan, harbiy
qismda ishlaydigan o‘g‘li bilan doim g‘ururlanib yuradigan Akmal qassob.
To‘rabek soatsoz yana qisqagina luqma tashladi:
“Bu shunchaki texnik nosozlik emas. Nima emish, samolyotning quyrug‘i havo bosimiga
chidolmay qo‘pibdi. Samolyot yukni ko‘pidan ikkiga bo‘linib ketdi dedi ruslar. Bo‘magan
gap. Bu aniq, dushmanni ishi. Mana qarab turinglar, hademay aniqlashadi. Turk istihboroti
kuchli, kim qilgan bo‘lsa ham topadi. Agar gapim chin chiqmasa, shu tilimni kesib
itlarga tashlayman.”
O‘tkir tajangga gap topildi: “Obbo, har qasamingda
kesilaverib tilingdan asar qolmaganku, birodar, endi kesishga boshqa narsa top,”
dedi beo‘xshov kulib.
To‘rabek soatsoz “Bo‘ldi, gap yo‘q, sen tutasan men
kesaman, qarab turgin hali bu ishning ichidan kimlar chiqadi!” deya qo‘lidagi kosalarni
stolga qo‘ydi.
Gapga aralashmay o‘tirgan Bobur qo‘lidagi telefonni
xontaxtaga qo‘yib, bir ux tortib, dedi: “Bir gap aytaymi, men harbiyman, kerak bo‘lganda
jon fido qilishni bo‘ynimizga olganmiz. Ammo hech qachon jangda shahid bo‘lay deb
niyat qilmaymiz. Armiyaga ketayotgan turklarni ko‘raman, kulib turib “shahodat sharbatini
ichish nasib qilsin” deya duo qilishadi. Onasiga, otasiga “Ota, men nasib qilsa
shahid bo‘laman, ortimdan yig‘lamanglar, shahidlik buyuk martaba. Payg‘ambarimizga
qo‘shni bo‘lgim kelyapti” deganini eshitib jinni bo‘lay dedim. Ota-onasiga qanday
aytishi mumkin bu so‘zlarni. O‘ylab ko‘ringlar-a. Ota-onasi nima dedi bilasizlarmi,
“xayrlisi, o‘g‘lim” dedi sokin turib. Agar men onamga shunday desam, supurgisi bilan
quvib soladi” dedi, miyig‘ida kulib.
Hayitboy muallim ham bosh irg‘ab tasdiqladi: “Ha,
ulardagi vatanparvarlik juda boshqacha. Hamma uyda bayroq, qishloqdayam, shahardayam
balkonlarigacha bayroq osib qo‘yishadi. Bayramlarda ham motam kunlarida ham ko‘cha-ko‘yga
bayroq osishadi. Askarlarni tobutiga ham bayroq yopishadi. “Onasiz yashash mumkin,
vatansiz yashab bo‘lmaydi” yoki “Vatan omon bo‘lsin” degan hayqiriqlarini eshtsang
eting jimirlab ketadi. Bizni qishloqda bayroq osilgan joyni ko‘rsang mahalla idorasi
bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan.”
“Sen ham osib qo‘yaver, kim to‘siq bo‘lyapti, Uying
muyulishda. Manzilni aytishgayam oson bo‘ladi. Bayroqli uydan o‘ngga, bayroqli
uydan chapga, a, to‘g‘rimi” dedi bemaza kulib, O‘tkir tajang.
Bobur ovozini biroz balandlatib, “O‘tkir, shu tajangliging
qolmadi-da. Kuladigan mavzumi shu? Bayroq haqida gapiryapti, muallim. Vatan haqida,
vatanarvarlik haqida gapiryapti, sen bo‘lsang...” dedi xayflangan ko‘yi.
Muallim bundan ruhlanib tomog‘ini qirdi va gapini
davom ettirdi: “Hozir ko‘rdim, telefonda. Mana eshitinglar, gapim isboti bilan”
deya bir xabarni o‘qib tarjima qilib berdi: “Xabarda o‘sha samolyotda halok bo‘lgan
bir yigitning otasi nima debdi: “Önce vatan sağ olsun. O benim için çok büyük
mertebe. Mekânı cennet olsun. Oğlum dört dörtlük bir insandı. En büyük
tesellim, şehit babası olmam” Buni aytish uchun, aytaolish uchun odamning yuragi
qanday bo‘lishi kerak, o‘ylayapsizlarmi? 15-iyul
voqealarida xalqni ko‘rdingiz, ko‘kragini avtomatga tutib beryapti, tank ostiga
o‘zini tashlayapti. “Menga nima” demayapti, “mendan boshqa yo‘qmi vatanni qutqaradigan”
demayapti. Mana vatanparvarlik qanday!”
Murod rais gapga aralashdi: “Deydi-da, u yurt tuprog‘ining
qay biri zarrasiga xudoyim taolo zabon bitsa, hammasi “avval Vatan, keyin jon” deydi.
Menga o‘xshab “armiyada nima bor, uni o‘rniga o‘qi” demaydi. “Avval vataning oldidagi
qarzingni uzasan, keyin boshqa ishning boshini tutasan” deydi. Mana gap qayerda.
Ammo o‘sha yosh yigitlar o‘lgani yomon bo‘ldi-da... Shunday qudratli davlatning
armiyasi eski samolyotga qarab qolganmidi, deymanda, Boburbek.”
O‘tkir tajang, oraga tushgan jimlikni buzib, “qani
osh keldi, bo‘ldi bu mavzuni yopaylik, osh sovumasin,” dedi.
Bobur qoshig‘ini dasturxon chetiga artib, dedi:
“Qani oshdan oldin duo qilaylik, har narsaning navbati bor, bahordan keyin yoz kelsin,
kuz kelsin keyin qish kelsin. Bahorda ochilgan gullarni ushuq urmasin. Hech kim
bolam deb yig‘lamasin, kuymasin. Turkning yigirma bahodiri osmonga omonat bo‘lsin.
Tangri taolo rahmatiga g‘arq bo‘lib, payg‘ambarimizga yon qo‘shni-yu jon qo‘shni
bo‘lsin. Vatan omon bo‘lsin. Omin!”
O‘sha kuni har doimgidek taomlar yeyildi, duolar
o‘qildi, u yoq-bu yoqdan gaplashildi. Ammo hammalari uylariga qaytayotgan payt boshlari
egik edi. Balki ular samolarga omonat yigirma jon haqida o‘ylayotgan edilar.
AYB Türkiye Çevrim İçi
Hikâye Atölyesi, 16. 11. 2025

