20.11.2025

 


SAMOLARGA OMONAT JONLAR

 

O‘nqo‘rg‘on. Toshkentdan olti chaqirim naridagi mo‘jaz qishloq. Aytishlaricha, shahar atrofidagi o‘nta qo‘rg‘ondan biri. Menimcha, bu nomdagi “o‘n” unsuri aniq sonni emas, “old, oldin, dastlabki” ma’nosidagi qadimiy “o‘n” so‘zini anglatsa kerak. Asl mavzuga kelsak. Shu qishloqning eng baland tepaligida bir choyxona bor. Nomi choyxona ammo taomlarining turiga qarab, dunyo tamaddixonasimi, deysiz. Shahar shovqinidan bezganlar hafta yakunida shu choyxonaga kelishadi. Abdishukur oshpaz tayyorlagan taomlarning ta’rifi butun Toshkentga yoyilganidanmi, katta-katta lavozimdagi odamlar ham shu yerga kelib turishadi. Odatdagidek, shanba. Choyxona gavjum. Qaysi bir xonaga bosh suqsangiz hammasida bitta masala: Gurjiston hududida halokatga uchragan turk harbiy yuk samolyoti.

Odatda, har bir davraning o‘rtaga mavzu tashlagich kayvonisi bo‘ladi. Men mehmon bo‘lgan davraning kayvonisi Murod rais mavzuni “Eshitgandirsizlar, turklarning samolyoti qulabdi” deya boshlab berdi. Endigina yig‘ilganlar salom-alikni ham yig‘ishtirib, o‘rtaga tashlangan mavzudagi xabardorliklarini peshlashga tushib ketishdi.

“Ee, haa, aytmang, juda yomon ish bo‘pti. Bittayam tirik qolmagan deyishyaptimi?” -dedi, hali to‘g‘ri-durust o‘rnashib ulgurmagan Hayitboy muallim. 

“Iee, qiziq gap bo‘ldiyu, muallim, Osmonu palakdan samolyot toqqa gumburlab tushadiyu ichida odam bolasi omon qoladimi? Sal, mundog‘ o‘ylang, muallimsiz, axir” -dedi zarda bilan O‘tkir tajang.

“Yuk samolyoti deyishdi, shukr deyishga arziydagan joyi shunda. Yaxshiyam pasajir samolyoti emas ekan” -deya gapini qisqa qildi, To‘rabek soatsoz.

Murod rais gapga aralashdi: “Yigirmata askar ekan. Yigirmatta jon. Hali hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurmagan azamat yigitlar... Men juda yomon bo‘pketyapman. Ko‘zimni oldiga o‘g‘lim tengi yigitlar keldi. Men bir amal qilib, xizmatga jo‘natmagandim o‘g‘limni, bolam qiynalib qoladi, deb. Hali-hali o‘zimdan xafa bo‘laman, koshki vaqtni ortga qaytarib bo‘lsa... O‘sha askar bolalarning otalari ne ko‘yga tushgan bo‘lsa! Qay biri endi uylangan, qay birilari hali go‘shanga ko‘rmagan pokpokiza yigitlar-da. Bir-ikkitasi oilali ekan, ularning ortida endi ko‘zini osmondan uzmaydigan bir etak bola qoldi-da...” Murod rais o‘pkasi to‘lib qisqa-qisqa nafas oldi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilgandek, ovozi o‘zgardi. Ko‘ngli bo‘shab yig‘lamoqdan beri bo‘ldi. Masalani boshqalar ilib ketdi. Murod rais esa dasturxon chetida osilib turgan ipni barmoqlari bilan yumaloqlab, besh yil oldin Bo‘rijar kanaliga cho‘milgani tushib, cho‘kib ketgan o‘g‘li - Jontemirni esladi. Uni armiyaga jo‘natmagandi. Lavozimidan foydalanib, qandaydir hujjatlar bilan harbiy xizmatdan olib qolgandi. O‘g‘li, “harbiy xizmatga boraman, uchuvchi-desant bo‘laman” deb yolvorgandi. Barvasta, ko‘rkam va o‘ktam yigit edi, Jontemir. Ammo rais uni “o‘qiysan, olim bo‘lasan” deb xizmatga jo‘natmadi. O‘sha yili yozning olovli kunlarida o‘rtoqlari bilan Bo‘rijarga cho‘milishga borib, qaytmadi. Baland ko‘prikdan suvga sakrab xushini yo‘qotgan do‘stini qutqarib, o‘zi suvga g‘arq bo‘lgan edi. O‘shandan beri Murod mahalla raisligidan iste’foga chiqib, uyiga berkindi. Ko‘chaga shanba kunlari demasa, kamdan-kam chiqadi. Chiqsa ham Bo‘rijar yoqasiga borib, suvga tikilib o‘tiradi. Besh yildan beri shu ahol. Ko‘zi suvlarda qolgan. Bugun xotini “yaxshiyam shanba bor ekan, ko‘chaga chiqib, elga qo‘shilasiz, biqinib o‘tiravermay” deya noligan edi.

Hayitboy muallim choy uzatmasa, xayollar olamidan bu davraga qaytishi dushvor edi. Murod rais o‘ziga kelganida o‘rtaga tashlangan mavzu qiyomiga yetay deb qolgan edi.

“O‘g‘limning aytishicha, samolyot o‘zi eski ekan, oltmish yil burun ishlab chiqilgan ekan. Odam oltmish yilda bir hol bo‘ladiyu, u o‘z nomi bilan texnika bo‘lsa. Shuni nahot tushunmagan bo‘lsa tepadagilar, deyman-da” deya gapni qiziqtdi har gapini “o‘g‘limning aytishicha” deb boshlaydigan, harbiy qismda ishlaydigan o‘g‘li bilan doim g‘ururlanib yuradigan Akmal qassob.

To‘rabek soatsoz yana qisqagina luqma tashladi: “Bu shunchaki texnik nosozlik emas. Nima emish, samolyotning quyrug‘i havo bosimiga chidolmay qo‘pibdi. Samolyot yukni ko‘pidan ikkiga bo‘linib ketdi dedi ruslar. Bo‘magan gap. Bu aniq, dushmanni ishi. Mana qarab turinglar, hademay aniqlashadi. Turk istihboroti kuchli, kim qilgan bo‘lsa ham topadi. Agar gapim chin chiqmasa, shu tilimni kesib itlarga tashlayman.”

O‘tkir tajangga gap topildi: “Obbo, har qasamingda kesilaverib tilingdan asar qolmaganku, birodar, endi kesishga boshqa narsa top,” dedi beo‘xshov kulib.

To‘rabek soatsoz “Bo‘ldi, gap yo‘q, sen tutasan men kesaman, qarab turgin hali bu ishning ichidan kimlar chiqadi!” deya qo‘lidagi kosalarni stolga qo‘ydi.

Gapga aralashmay o‘tirgan Bobur qo‘lidagi telefonni xontaxtaga qo‘yib, bir ux tortib, dedi: “Bir gap aytaymi, men harbiyman, kerak bo‘lganda jon fido qilishni bo‘ynimizga olganmiz. Ammo hech qachon jangda shahid bo‘lay deb niyat qilmaymiz. Armiyaga ketayotgan turklarni ko‘raman, kulib turib “shahodat sharbatini ichish nasib qilsin” deya duo qilishadi. Onasiga, otasiga “Ota, men nasib qilsa shahid bo‘laman, ortimdan yig‘lamanglar, shahidlik buyuk martaba. Payg‘ambarimizga qo‘shni bo‘lgim kelyapti” deganini eshitib jinni bo‘lay dedim. Ota-onasiga qanday aytishi mumkin bu so‘zlarni. O‘ylab ko‘ringlar-a. Ota-onasi nima dedi bilasizlarmi, “xayrlisi, o‘g‘lim” dedi sokin turib. Agar men onamga shunday desam, supurgisi bilan quvib soladi” dedi, miyig‘ida kulib.

Hayitboy muallim ham bosh irg‘ab tasdiqladi: “Ha, ulardagi vatanparvarlik juda boshqacha. Hamma uyda bayroq, qishloqdayam, shahardayam balkonlarigacha bayroq osib qo‘yishadi. Bayramlarda ham motam kunlarida ham ko‘cha-ko‘yga bayroq osishadi. Askarlarni tobutiga ham bayroq yopishadi. “Onasiz yashash mumkin, vatansiz yashab bo‘lmaydi” yoki “Vatan omon bo‘lsin” degan hayqiriqlarini eshtsang eting jimirlab ketadi. Bizni qishloqda bayroq osilgan joyni ko‘rsang mahalla idorasi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan.”

“Sen ham osib qo‘yaver, kim to‘siq bo‘lyapti, Uying muyulishda. Manzilni aytishgayam oson bo‘ladi. Bayroqli uydan o‘ngga, bayroqli uydan chapga, a, to‘g‘rimi” dedi bemaza kulib, O‘tkir tajang.

Bobur ovozini biroz balandlatib, “O‘tkir, shu tajangliging qolmadi-da. Kuladigan mavzumi shu? Bayroq haqida gapiryapti, muallim. Vatan haqida, vatanarvarlik haqida gapiryapti, sen bo‘lsang...” dedi xayflangan ko‘yi.

Muallim bundan ruhlanib tomog‘ini qirdi va gapini davom ettirdi: “Hozir ko‘rdim, telefonda. Mana eshitinglar, gapim isboti bilan” deya bir xabarni o‘qib tarjima qilib berdi: “Xabarda o‘sha samolyotda halok bo‘lgan bir yigitning otasi nima debdi: “Önce vatan sağ olsun. O benim için çok büyük mertebe. Mekânı cennet olsun. Oğlum dört dörtlük bir insandı. En büyük tesellim, şehit babası olmam” Buni aytish uchun, aytaolish uchun odamning yuragi qanday bo‘lishi kerak, o‘ylayapsizlarmi? 15-iyul voqealarida xalqni ko‘rdingiz, ko‘kragini avtomatga tutib beryapti, tank ostiga o‘zini tashlayapti. “Menga nima” demayapti, “mendan boshqa yo‘qmi vatanni qutqaradigan” demayapti.  Mana vatanparvarlik qanday!”

Murod rais gapga aralashdi: “Deydi-da, u yurt tuprog‘ining qay biri zarrasiga xudoyim taolo zabon bitsa, hammasi “avval Vatan, keyin jon” deydi. Menga o‘xshab “armiyada nima bor, uni o‘rniga o‘qi” demaydi. “Avval vataning oldidagi qarzingni uzasan, keyin boshqa ishning boshini tutasan” deydi. Mana gap qayerda. Ammo o‘sha yosh yigitlar o‘lgani yomon bo‘ldi-da... Shunday qudratli davlatning armiyasi eski samolyotga qarab qolganmidi, deymanda, Boburbek.”

O‘tkir tajang, oraga tushgan jimlikni buzib, “qani osh keldi, bo‘ldi bu mavzuni yopaylik, osh sovumasin,” dedi.

Bobur qoshig‘ini dasturxon chetiga artib, dedi: “Qani oshdan oldin duo qilaylik, har narsaning navbati bor, bahordan keyin yoz kelsin, kuz kelsin keyin qish kelsin. Bahorda ochilgan gullarni ushuq urmasin. Hech kim bolam deb yig‘lamasin, kuymasin. Turkning yigirma bahodiri osmonga omonat bo‘lsin. Tangri taolo rahmatiga g‘arq bo‘lib, payg‘ambarimizga yon qo‘shni-yu jon qo‘shni bo‘lsin. Vatan omon bo‘lsin. Omin!”

O‘sha kuni har doimgidek taomlar yeyildi, duolar o‘qildi, u yoq-bu yoqdan gaplashildi. Ammo hammalari uylariga qaytayotgan payt boshlari egik edi. Balki ular samolarga omonat yigirma jon haqida o‘ylayotgan edilar.

AYB Türkiye Çevrim İçi Hikâye Atölyesi, 16. 11. 2025


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder