QOCHISH...
Poyezd kelib
to‘xtashi bilan yo‘lovchi va kuzatuvchilardan iborat olamon guras-guras vagonlar
sari oshiqdi. Men ham shu poyezdga chiqishim kerak. Vagon oldinroqda edi. Qo‘limda
jomadon bilan ilk vagon tomon ildam ketib boryapman. Oyoqlarim tezlashgani sayin
ichimdan to‘xtagim kelardi. Ketmayman, shu yerda qolaman, degan o‘yga asosli javob
topish uchun chiranaman. Endi kech edi, ketishim kerak! Vagonga chiqamanu ketaman!
Bu yerlardan tamoman ketaman! Ortga yo‘l yo‘q. Qarorim qat’iy. Shivirlayman, mushtimni
siqaman, biroq bu gaplarga o‘zimni ishontirolmayman...
Vagonga chiqib,
ajratilgan bo‘lmaga joylashdim. Jomadonni stol ostiga qo‘yib, vagon darchasidan
tashqariga qaradim. Pardalar halaqit bera boshladi. Ularni chetga surib, tashqarini
kuzataman. Yoshgina juvon qo‘lida bolasini
ko‘targancha, men turgan darchaga yaqinlashdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib
ichkaridan kimnidir qidirdi. Keyingi kupe tomon yo‘naldi. Shu payt bo‘lmaga kirib
kelgan yigit ularga qarab “Shu yerdaman” -deya saslandi: Shu yerdaman! Nargiz, hoy
Nargiz, men shu yerdaman!
Nargiz ortiga
qaytib, bolasini iyagidan ko‘tarib darchani ko‘rsatib takrorlardi: “Ana, ana, qaragin,
dada degin, dada desang-chi! Dada degin...”
Yigit ham
“Qizim, Omadxon, mana buyoqdaman, asal qizim, yig‘lama, men kelaman, yig‘lamagin”
-derdi, ko‘zlaridan oqqan yoshni artib.
Poyezd harakatlandi.
Juvon poyezd bilan birga, ko‘zini yigitdan uzmay yura boshladi. Yugurishga chog‘landiyu,
to‘xtadi. Qo‘lidagi bolasini bag‘riga bosdi.
Darchadan
boshimni chiqarib orqa vagonlarga qaradim. O‘rta yoshli bir kishi yugurib kelib,
tamburdan qo‘l cho‘zib turgan bir yigitga nimalardir solingan xaltani tutqazdi.
O‘g‘lini kuzatgani kelganu nimadir esidan chiqqan bo‘lsa shuni bergan bo‘lsa kerak,
deb o‘yladim.
Poyezd perondan
chiqdi. Kuzatuvchilar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Kupeda to‘rt
kishi edik. Ilk kirgan yigitning ismi Shohzamin ekan. “Negadir faqirlarning ismi
shoh so‘zi bilan boshlanadi” degan gap xayolimni band qildi. Tug‘ilganida ota-onasi
bu ismni topguncha ozmuncha izlanishmagandir. Tug‘ilmasidanoq, nima ism qo‘yish
ustida bosh qotirishgan, turli ismlarni ayta-ayta, oxiri shu ismga to‘xtashgan va
orzularga berilgan bo‘lsa kerak. Otasi bu ismni ichida takrorlab, niyatlarini pichirlab
huzur qilgan bo‘lsa kerak: “Shohzamin! O‘g‘lim, merosxo‘rim! U hali katta yigit
bo‘ladi. Shu zaminning shohi bo‘ladi. Podshohlardek shu yurt, shu zaminda yashaydi.
Hech kimga qaram bo‘lmaydi, boy bo‘ladi, badavlat bo‘ladi!” Ehtimol, otasi jigarbandining
shoh bo‘lmasligini, boy-badavlat yashamasligini ham tahmin qilgandir, biroq faqir
kishining nimasi bor, yaxshi niyati, baland orzulari bo‘ladi! Shuni ham ko‘p ko‘rish
kerak emas-da. Onasining orzulari otasinikidan ham baland. Ulg‘ayib malikalardek
kelin olib kelishini kutib qancha tunni tongga ulagan bo‘lsa... Shohzamin o‘sib
ulg‘aydi, otasidan hunar o‘rgandi. O‘zlaridek o‘rtahol oilaning qizi - Nargizga
uylandi. Ular qiz farzandli bo‘lishdi. Shohzamin ismini qo‘yib, bundan doim faxrlanib
yuradigan ota-ona nevaralariga ham eng zo‘r ismni tanlab qo‘yishgan edi. Ismini
Omadxon qo‘yishdi. Toleyi porloq bo‘lsin, omadi kulib boqsin, deya shu ismni qo‘yishdi.
Shohzamin
endigina 22 yoshni qoralagan, hunari bilan oila tebratolmay Rossiyaga ishlashga
ketayotgan ekan. Vagon darchasidan tashqariga boqib, nimalarni xayol qilayotgan
bo‘lsa... Ehtimol, Rossiyaga borib, ishga tushsa, tez orada badavlat bo‘lib qaytish
haqida o‘ylayotgandir, balki uylanganidan beri to‘g‘ri-durust birga vaqt o‘tkazolmagan,
o‘zidan 2 yosh kichik ayoli haqida o‘ylayotgandir... Uni kuzatishga kelgan ayolining
ko‘ziga qarashga iymanib, qiziga saslanishining zaminida nimalar yashiringan bo‘lsa...
Axir ayolining ko‘zlarida allanechuk hadik, alam, bezovtalik bor edi-ku! Ko‘zlari
sassiz ingrayotgan, bor ovozi bilan hayqirayotgan edi-ku! Shohzaminda bu nigohlardagi isyonni bostiradigan,
nadomat olovini so‘ndiradigan qudrat bormidi?! Omadxonning omadi qachon kelishi haqida o‘ylashga yuragi betlamasa
ham kerak...
Kupedagi ikkinchi
yigitning ismi Jasur bo‘lib, u uch yildan beri Rossiyada ustachilik qilar ekan.
Jasur sergapgina yigit chiqdi. Bir pasda butun hayotini doston qilib tashladi. Aytishicha,
Rossiya orzular ushaladigan diyor, naqd jannatning o‘zginasi. U yerda hech kimning
hech kim bilan ishi bo‘lmaydi. Ishlasang, mo‘may pul topasan. Omading kelsa, bir
yilda topgan pulingga qishlog‘ingda bitta dang‘illama uy qurasan. O‘zi ishlayotgan
oilada kasal bir ayol bor ekan. Unga qarash uchun xotinini olib ketishga kelgan
ekan. Birgalashib ishlab, tez orada boyib ketishi, 3-4 yil ishlab, yurtga qaytgach
mashina olishi, hashamdor uylar qurib, to‘ylar qilishi haqida berilib so‘zlay ketdi.
Shohzamin ham uning so‘zlariga mahliyo bo‘lib tingladi. Jasurning ayoli, xonzodalarga
yarashig‘liq ismli Nodirabegim ko‘zini
yerdan uzmay, chuqur o‘yga tolib o‘tiribdi.
Poyezd shahdu
shiddat bilan shimol tomon ketib boryapti. Shohzaminlar, Jasurlar, Nodirabegimlarning
orzularini olib sovuq yurtlarga shoshilyapti. Qancha Nargizlarning ko‘zlarida isyon
olovini yoqib, qancha Omadxonlarning ko‘zini javdiratib, ne-ne otalarni sassiz yig‘latib,
onalarni sog‘inch otashida yoqib ketib boryapti. Poyezd ilgarilagani sayin kupeni
og‘ir sukunat qopladi. Shunchalik og‘ir edi-ki,
biroz avval tilga ko‘chgan orzulardan porlagan nigohlardan asar qolmadi. Shunchalik
og‘ir edi-ki, poyezd ham bu yukni tashishdan charchab, halloslay boshladi. Shunchalik
og‘ir edi-ki, quyosh ham botish oldidan qip-qizarib ketdi. Olam qop-qorong‘i tusga
kirdi.
O‘zim bilan
o‘zim ayovsiz kurashayotgan bir paytda qulog‘im ostida onamning yolvorishlari jaranglagandek
bo‘ldi. Ko‘z o‘ngimda otamning vajohati gavdalandi.
Hammasi otamning
mast holda kelib, onamni do‘pposlaganidan boshlandi. Musichadek mushtipar ayolni
nega uradi? Hayotda bir boltaga sop bo‘lolmagan bo‘lsa, umri notavonlik bilan xoru
zorlikda o‘tgan bo‘lsa, bunga kim aybdor? “Nima qilyapsiz”, -deb qo‘lini ushlab,
orqaga itarib yuborgandim, otam gandiraklab ostonaga yiqildi. Boshi eshik qiriga
tegib yorildi shekilli, qon oqa boshladi. Onam sapchib turib, qulog‘im tagiga shapaloq
tortib yubordi. Qulog‘im shang‘illab, garang bo‘lib qoldim. Shuncha kuchi bormidi
onamning?! Bu kuchi bilan ramaqijon erini ursa, shu kungacha allaqachon odam bo‘lardiku!
“Nega urasiz
meni, qachongacha chidaysiz bu alkashning urishlariga?!” deganimni bilaman, ikkinchi
tarsaki kelib tushdi.
“Otang haqida
bunday deyishga qanday hadding sig‘di, bolam. U seni o‘z bolasidek katta qildi.
Och qolmading, ko‘chada qolmading, ko‘rnamak bo‘lma! Rahmat o‘rniga shu bo‘ldimi
javobing?!”
Eshik ortidagi
obrezga boshini osiltirib ingab yotgan mast ota xirildoq ovozi bilan baqirdi: “Yo‘qolsin
bu yetiming, shumqadam, nonko‘r, haromi!... Rozi emasman! Rozi emasman, bilib qo‘y!”
Onam quloqlarini
ikki kafti bilan berkitib uvvos soldi. Xudoga nola qilib yig‘lay boshladi. Uning
nolasida shirk to‘la isyon bor edi. “Menga shunday taqdirni ravo ko‘rganing uchun
ming la’nat” deya qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib o‘zidan kechgan holda faryod qila boshladi.
Men ham o‘rnimdan
azot turib ko‘chaga chiqdim. Qayoqqa ketayotganimni bilmayman, ammo bu yerlardan
ketishim kerak, boshim oqqan tomonga ketishim kerak. Bu yerda bir daqiqa ham qola
olmayman endi. Yelkamning chuquri ko‘rsin bu yerlarni. Yaxshilikni tushunmadi. Ketaman,
ketaman, qaytib o‘liginiyam, tiriginiyam ko‘rmayman...
Shu ko‘yi
sinfdoshim Anvarning sartaroshxonasida bir necha kun yotib yurdim. Undan qarz olib,
Rossiyaga ketishga qaror qildim. Rossiyaga yetib olsam, o‘rmonda yashayman, o‘rmonda
ish ko‘p bo‘ladi, deyishadi. O‘rmonchilar bilan odamlardan holi, tinchgina yashayman...
Poyezdning ovozi ham eshitilmay qoldi. Yuryaptimi, to‘xtadimi, bilolmay qoldim. Men esa uyqusida jannatlarda kezib yurgan uch musofirga qarab, boradigan joyimdan ko‘ra ortimda qolgan buyuk sassizlik haqida o‘ylay boshladim. Qarorim qat’iymidi, tanlagan yo‘lim to‘g‘rimidi, Men kimdan qochyapmanu, qayon ketyapman? 07.11.2025

Hiç yorum yok:
Yorum Gönder