15.03.2026

 


Salsabil – farog‘at va halovat bulog‘i

 

Hozirda “Mavlono muzeyi” deb ataladigan mavlaviylar dargohi hovlisida, darvishon hujrasi oldida bir chashma bor. Uni “Salsabil chashmasi” deb ham atashadi.

Salsabil – jannatdagi buloqlardan birining nomi. Salsabilni islom ulamolari faqat moddiy buloq emas, balki poklik va ne’mat ramzi deb ham ta’riflaydilar hamda jannat ahliga ruhiy farog‘at va ma’naviy halovat bag‘ishlashi haqida ma’lumot beradilar.

Mavlaviylar dargohidagi salsabil Said Hamdam Chalabiy (1814-1859) tomonidan hovlining nazr-niyoz darchasi oldiga qurdirilgan.

Uning chetlari tosh va ko‘k marmardan ishlangan old qismiga oq marmardan yarim doira shaklida sakkizta kichik va bitta katta chanoq o‘rnatilgan.

Ilki chanoq, keyingilari lo‘la, oxirgisi havza deb ataladigan bu kosalardan oqib tushadigan suvning mayin musiqadek shildirashi insonga huzur bersa, qushlar uchun suvga chorlov vazifasini bajaradi.

Salsabildagi marmar kosalarning yuqoridan pastga 1-2-3-2-1 tartibida joylashtirilishi ham ramziy ma’no kasb etadi. Bu tartib islom tasavvuf falsafasining asosiy g‘oyasi – “vahdati vujud” tushunchasini ifoda etishga qaratilgan.

Bir nuqtadan chiqqan suvning turli kosachalarga tarqalib, keyin yana bir havzada jamlanishi insonning tug‘ilib, ko‘payishi va oxir-oqibat yana asliga qaytishini ramziy tarzda ifodalaydi.

 



©️Ma’rufjon Yo‘ldoshev

15.03.2026