Salsabil – farog‘at va halovat bulog‘i
Hozirda “Mavlono muzeyi” deb ataladigan mavlaviylar dargohi
hovlisida, darvishon hujrasi oldida bir chashma bor. Uni “Salsabil chashmasi” deb
ham atashadi.
Salsabil – jannatdagi buloqlardan birining nomi. Salsabilni
islom ulamolari faqat moddiy buloq emas, balki poklik va ne’mat ramzi deb ham ta’riflaydilar
hamda jannat ahliga ruhiy farog‘at va ma’naviy halovat bag‘ishlashi haqida ma’lumot
beradilar.
Mavlaviylar dargohidagi salsabil Said Hamdam Chalabiy
(1814-1859) tomonidan hovlining nazr-niyoz darchasi oldiga qurdirilgan.
Uning chetlari tosh va ko‘k marmardan ishlangan old qismiga
oq marmardan yarim doira shaklida sakkizta kichik va bitta katta chanoq o‘rnatilgan.
Ilki chanoq, keyingilari lo‘la, oxirgisi havza deb ataladigan
bu kosalardan oqib tushadigan suvning mayin musiqadek shildirashi insonga huzur
bersa, qushlar uchun suvga chorlov vazifasini bajaradi.
Salsabildagi marmar kosalarning yuqoridan pastga 1-2-3-2-1
tartibida joylashtirilishi ham ramziy ma’no kasb etadi. Bu tartib islom tasavvuf
falsafasining asosiy g‘oyasi – “vahdati vujud” tushunchasini ifoda etishga qaratilgan.
Bir nuqtadan chiqqan suvning turli kosachalarga tarqalib,
keyin yana bir havzada jamlanishi insonning tug‘ilib, ko‘payishi va oxir-oqibat
yana asliga qaytishini ramziy tarzda ifodalaydi.
©️Ma’rufjon Yo‘ldoshev
15.03.2026


Hiç yorum yok:
Yorum Gönder