26.02.2026


 

Ertaga havo ochiq bo‘ladi...  

O‘sha mashhur tepalik tunda juda sirli bo‘ladi. Shaharning ko‘kka eng yaqin nuqtasi. Bu makonda tunni notaning barcha ranglarida his qilish mumkin.

“Yulduzlarni ko‘ryapsanmi, ko‘ryapsan-a, - deydi DO shunday sokin, shunday moviy ovozi bilan. Osmon sig‘mas nigohlariga, tunni yoritib yuboradi qorachiqlari.

DO - telba musavvir, ko‘k toqini bo‘yar tabassumlarga.

Ertaga havo ochiq bo‘ladi” – deydi, DO tamakisidan sog‘inch buruqsatib.

RE savolga aylanib boqadi DOning osmonga aylangan ko‘zlariga. Yulduzlarni qidiradi qorachiqlarning bepoyon kengliklarida. Uning uchun yulduzlar bug‘doy boshoqlari. Umid eshiklari ochiladi birdan. Telba musavvir osmonni bo‘yash bilan ovora.

MIlar yog‘iladi kengliklar uzra, mayin-mayin. Yozni chorlagan gullarmi, bahorga mushtoq pushti iformi, bilinmas. Ammo bir beg‘ubor kulgu hidi olamni tutib ketadi.

FA o‘tmishni sudrab keladi, pianino hayrat ichida. Yana qahqaha... Pianino qahqahaning qudug‘idan osmonga qaraydi. Koshki sababini bila olsa bu sitamkor tabassumlarning.

SOL sakraydi qurbaqamisol. Simfoniyaning nozandasi. Ayniqsa, tunda. Oyni men uchun chiqdi deya ishonadi, yulduzlarni joriyasi sanar o‘zining. LAni nazarga ilmay hayqiradi barcha ranglarda.

LA sokin, xotirjam... Butun ohanglar nigohini yulduzlarga qaratadi. Hademay ohanglar yog‘ila boshlaydi samodan. LA huzur ulashadi olamga.

SI dakki beradi Jim bo‘l!” deydi, SOL nozandaga. Tanbehini takrorlaydi: “Quloq solsang-chi!”

DO osmonga boqar faylasuflardek. “Ertaga havo ochiq bo‘ladi” - deydi, bashoratidan qoniqib. Bir qo‘lida inja papiros. Ovrupa aslzodalari kabi qarashlar bilan Janob, -deydi, - ertaga havo ochiq bo‘ladi!” Lablari orasidan bulut o‘rmalab ko‘k toqi sari havolanadi.

Ertaga havo ochiq bo‘ladi!

Osmon osuda bo‘shliq, qalbda bir umid, yulduzlar xayolni qoplagan so‘roqlar misoli parishon. Tunni notaning butun ranglari qoplagan, oppoq ohanglarga aylangan chog‘da. “Yulduzlarni ko‘ryapsanmi, - deydi DO sirli va viqorli ovozi bilan, tunni yoritib yuboradi nigohlari, - Ertaga havo ochiq bo‘ladi!”

M.Yo‘ldoshev

20.01.2026

1 yorum:

  1. “Ertaga havo ochiq bo‘ladi” – deydi, DO tamakisidan sog‘inch buruqsatib. 👍🏻👍🏻

    YanıtlaSil