MUSO
ALAYHISSALOMNING JANNATDAGI QO‘SHNISI
Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Muso alayhissalom Tangriga iltijo
qilib:
— Rabbim! Jannatdagi
qo‘shnim kim bo‘lar ekan, shunga qiziqdim? –debdi.
Haq taolodan nido
kelibdi:
— Falon joyda qassoblik
qiladigan, bir bandam bor. Uning yana bir amali borki, shu bois menga marg‘ub va
maqbuldir. Agar uni huzuringga chorlasang kela olmaydi, yaxshisi o‘zing
bora qol. Ey Muso, jannatdagi qo‘shning ana o‘sha banda bo‘ladi!
Muso alayhissalom
o‘sha qassobni ziyorat qilish uchun yo‘lga otlanibdi. Aytilgan manzilga yetib borgach,
o‘zining
Kalomulloh ekanini oshkor
etmay:
— Men senikiga mehmon bo‘lib keldim,
— debdi.
Qassob uning munavvar yuziga
boqib,
bir
muddat turgan joyida qotib qolibdi. So‘ng samimiy tabassum bilan mehmonni uyiga
taklif qilibdi. Uni uy to‘riga o‘tkazib, izzat-ikrom ko‘rsatibdi. O‘z qo‘li bilan
taom pishirib, dasturxonga qo‘yibdi. So‘ng:
— Mening ozroq ishim bor edi. Iltimos, meni kutmay
taomdan
tanavvul qilib turing, tortinmang, iltimos. — debdi.
O‘zi esa o‘choqdagi taomni
olib, go‘shtini maydalabdi. Keyin shiftdagi zanjirga ilib qo‘yilgan zambilni
tushiribdi. Uning ichida
qarib-qartaygan, madoru majolsiz, bamisoli qushdek bir tutam bo‘lib
qolgan ayol yotar edi. Qassob haligi luqmani mehr bilan onasiga yedirdi. Taomdan so‘ng
og‘zini avaylab artdi, kiyimlarini tozaladi, boshini silab yana ehtiyotkorlik
bilan zambilga joyladi. Ona esa har galgidek, pichirlab uzoq duo qildi.
Muso alayhissalom
bu zambilni qassobning do‘konida ham ko‘rgan, ammo sababini so‘ramagan edi. Hayrat
ila kuzatib turdi.
Qassob ishini bitirib yana mehmon huzuriga qaytdi.
Mehmon hali taomga qo‘l
urmagan
edi.
Buni ko‘rgan qassob:
— Ey nur yuzli musofir,
nega taomdan yemadingiz? — deb so‘rabdi.
Muso alayhissalom:
— Sen menga bu zambil
sirini aytmaguncha, taomga qo‘l urmayman, — debdi.
Shunda qassob ko‘zlarini
yerga tikkancha so‘z boshlabdi:
— Ey mehmoni mukarram!
Bu zambildagi zot — mening onam bo‘ladi. Qarib quvvatdan qolgan. Unga qaraydigan
boshqa hech kimim yo‘q. Men ishga chiqqanda uni yolg‘iz qoldirib keta olmayman,
shunga do‘konda ham zambil qilib qo‘yganman yonimda bo‘lsa, holidan havotir olmayman.
Unga xizmat qilsam ko‘nglim yorishadi, qalbim taskin topadi. Kuniga ikki mahal taom
berib, oq yuvib-oq tarashni eng buyuk amal deb bilaman.
Muso alayhissalom
ajablanib yana so‘rabdi:
— Onang qulog‘ingga
nimalarnidir uzoq pichirladi?
Qassob tabassum
bilan:
— Onam doimo duo qiladilar:
“Alloh seni jannatda Muso alayhissalomga qo‘shni qilsin!” deya alqadilar. Har doim
shunday deydilar. Men esa “omin” deb qo‘ya qolaman. Lekin men kimmanki, shunday
ulug‘
payg‘ambarga qo‘shni bo‘lsam?! Nima amal qilibmanki, Tangri bunday inoyatni ravo
ko‘rsa?!.. –debdi.
Shunda Muso alayhissalom
yuzida tabassum bilan debdi:
— Ey solih banda,
senga mujdalar bo‘lsin! Men Musoman. Tangri meni senga yubordi va shunday marhamat qildi: “Onasi xizmatida
nuqson qilmay, uning roziligi va duosini olgan o‘sha halim, xushhulq bandamni jannatda
senga qo‘shni qildim!” deya mujdaladi. Bu lutfi ilohiy senga muborak bo‘lsin!
Qassobning ko‘zlari
shodlik yoshlariga to‘ldi. U muhabbat va ehtirom ila Muso alayhissalomning qo‘lini
o‘pdi. Ikkovlari surur, shukr va huzur ichida dasturxonga o‘tirdilar.
Turk tilidan Ma’rufjon
Yo‘ldoshev tarjimasi

Hiç yorum yok:
Yorum Gönder