11.02.2026

Ozarbayjonning uch shoiri

 



VASİF SÜLEYMAN

 

UNUTDING...

 

Na sevding rosmana, na yuz o‘girding,

Shunchaki taskinsan, shunchaki umid.

Men seni hammadan ziyod sevardim,

Sen meni hammadan avval unutding.

 

Ne qilay shakaru, qandu, bolni men,

Yuragim na kuzu, na bahor istar.

Qo‘llarim bormaydi sochingga endi,

Endi sochlaring ham istamas qo‘lim.

 

Na so‘zing ustiga so‘z aytarim bor,

Na qalbimda borin inkor qilgayman.

Butun umr seni beshak kutgayman,

Taniysan-ku meni — o‘sha o‘shaman.

 

Dunyoning yo‘llari quvonchga to‘la,

Yo‘llarning dunyosi dard ila to‘la.

Biz axir sevgidan yaralgan edik,

Bizni o‘ldirgan ham sevgi aslida.

 

Na sevding rosmana, na yuz o‘girding,

Shunchaki taskinsan, shunchaki umid.

Men seni hammadan ziyod sevardim,

Sen meni hammadan avval unutding.

 

RƏŞAD AZƏRİ

 

O‘ZIMDAN UZR SO‘RAYMAN

 

Nokasni kas bilib, boshga ko‘tardim,

Noloyiq kimsani loyiq deb bildim.

Nonko‘r bandalarga jon fido qildim

Men o‘zimdan uzr, uzr so‘rayman.

 

Faryodlar, fig‘onlar ortdi kun sayin,

Turfa nolalarga tasalli bo‘ldim.

O‘zimni tinglamay kechikdim doim,

Men o‘zimdan uzr, uzr so‘rayman.

 

Yurakka yo‘l topar yurakning o‘zi,

Singan qalb tuzalmas, qaytmas asliga.

O‘zgalarning ko‘ngli sinmasin deya,

O‘z ko‘nglimni sindirib tamom qilibman.

 

Qalbimga o‘t yoqib, ado qilibman,

Men o‘zimdan uzr, uzr so‘rayman.

 

ƏLÖVSƏT HƏKƏRİLİ

 

O‘ZBEKISTON GO‘ZALI

 

Ehtimol, sen go‘zalsan, yangi chiqqan oydan-da,

Ehtimol, sen go‘zalsan, loladigi xoldan-da.

Men senga yo‘llagayman shu she’rim-la sevgimni,

Men seni ko‘rmasam-da, O‘zbekiston go‘zali.

 

Hammaga vatan dunyo, men unda begonaman,

Bu dunyoga kelibman sham misoli eriyman.

Bola emasman axir, xayollarim sendadir,

Men seni ko‘rmasam-da, O‘zbekiston go‘zali.

 

Ash’or yozgan qo‘lingni siqay deyman do‘stona,

Sen o‘zbek go‘zalisan, men olovlar o‘g‘loni.

Dardim bisyoru ammo yarashmas doston qilsam,

Men seni ko‘rmasam-da, O‘zbekiston go‘zali.

 

Ishqimning osmonida sen misoli Zuhrosan,

Va yo quyosh qizisan, qirmiziga qorilgan.

Men seni vasf ayladim, dunyoning shoirasi.

Men seni ko‘rmasam-da, O‘zbekiston go‘zali.

 

Balki biz ko‘rishgandik dunyo yaralgan kunda,

Ruhimga juda yaqin, ismingni bilmasam-da.

Sendan uzr so‘rayman, hasratingda yonsam-da,

Men seni ko‘rmasam-da, O‘zbekiston go‘zali.

11.02.2026. M. Yo‘ldoshev tarjimasi

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder