22.04.2026

 


RANGLAR PALITRASIDAGI HUZUN

Og‘abekni juda yaqindan tanimayman. Bir safar bahona qisqa muddat hamsuhbat bo‘lmaganimni hisobga olmasak, u bilan uzoq suhbatlashib, uning kimligi, ichki dunyosi, kasbiga, olamga va odamga munosabati haqida so‘rab ham ko‘rmaganman. Biroq fotosuratlariga qaraganda hayotga ancha teran boqadigan, hayotning baland-pastini boshidan o‘tkazgan sokin va vazmin bir insonni tasavvur qilaman.

“Men ko‘chadagi odamlar va ularning yuz-ko‘zida aks etgan dunyoni kadrga muhrlashni yoqtiraman. Aslida makon, zamon va inson kompozitsiyasi fotografiya uchun juda muhim.  Fotosuratlar olam va odam haqidagi tasavvurlarni jamlab borishi kerak. O‘tgan asr boshidagi hayot va insonlarni kadrga muhrlagan o‘zbek milliy fotosuratchiligi va kinomatografiyasi asoschisi Xudoybergan Devonov, 1900-yillar boshida Samarqand, Buxoro kabi shaharlarda rangli fotosuratlar olgan Sergey Mixaylovich Prokudin-Gorskiy, o‘tgan asr boshlaridagi ijtimoiy o‘zgarishlarni muhrlagan Emmanuil Yevzerixin kabi fotograflarning ijodiy merosi bizga mana shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.”

Og‘abekning “odamlarni chiroyli ranglar bilan, hashamat bilan aldash kerak emas” - degan gapi uning suratlarini kuzatish istagini paydo qildi.

Men san’atshunos emasman, tilshunosman. Shu bois fotosuratlarga ham tilshunos sifatida munosabat bildiraman.

Quyidagi fotosurat “Umid makon va imkon tanlamaydi” deb ataladi. Fotografik jihatdan rang palitrasida sovuq va xira ranglar ustunlik qiladi. Bu imkoniyatlarning haminqadarligi va chorasizlik ma’nolarini  kuchaytiradi. Qizning kiyim-boshi ham ranglar bilan uyg‘unlashib ketadi. Bunda  kontrastdan ziyoda muhitga “singib ketish” hodisasi ko‘zga tashlanadi.

Yorug‘lik tabiiy va diffuz holda aks etib ma’noni yanada kuchaytirgan. Dramatik effektni oldinga chiqarib, og‘ir kayfiyat hosil qiladi. Kadrda keskin soyalar ko‘rinmaydi, hamma narsa yumshoq, lekin huzunli.  Qiz chiqindi yonida o‘tirib, qog‘ozdagi matnni o‘qiyapti. Bunda qarama-qarshi tushuncha to‘qnashadi. Imkonsizlik va umid.

Lisoniy jihatdan fotosuratga vizual matn sifatida yondashish mumkin. Bu esa fotosuratdagi denotativ va konnotativ ma’nolar haqida fikr yuritish imkonini beradi. Denotativ qatlam sifatida chiqindi konteynerlari, qizcha, kitob, iflos muhit ajratib olinsa, real voqelik ya’ni qiz bolaning chiqindilar yonida qog‘ozga qarab o‘tirgani haqidagi tasavvur anglashiladi. Konnotativ ma’no esa  kuchli falsafiy qatlamga ishora qiladi. Bunda chiqindi - jamiyat tomonidan rad etilganlik, ijtimoiy tengsizlik; qiz bola – beg‘uborlik, kelajak, insoniy potensial; qog‘oz - bilim, najot, umid;  o‘tirish holati - ijtimoiy jihatdan past maqomga ishora qiladi. Mazkur kontekstda fotoasarning bosh g‘oyasi namoyon bo‘ladi: “Umid makon va imkon tanlamaydi.”

Xulosa qilib aytganda, Og‘abek go‘zallikni klassik ma’noda emas, balki ijtimoiy haqiqat bilan muvozanatda aks ettirgan.  Shu bois ushbu suratni texnik mukammallikdan ko‘ra g‘oya va ekspressiyaning kuchli ifodalanganligi jihatidan tavsiflash qiziqroq.

M.Yuldashev

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder