MUHAMMAD IQBOL
Shoir,
mutafakkir va siyosiy arbob sifatida tanilgan Muhammad Iqbol 1877-yilning
9-noyabrida hozirgi Pokistonning Siyalkot shahrida tavallud topdi. Shoir tug‘ilgan kun
bugungi kunda Pokistonning milliy bayramlaridan sanaladi. Dastlabki she'riy
kitobi "Asrori Xodiy" 1915-yilda fors tilida nashr qilindi. Ilk
kitobi bilan mislsiz shuhrat topgan alloma shoirning "Rumuzi Baxodi",
"Payomi mashriq", "Zaburi ajam", "Jovidnoma",
"Bangi Daro", "Zarbi Kalim" kabi o‘nlab kitoblari fors
va urdu tillarida chop qilindi. Bugungi kunda mutafakkir shoirning asarlari
dunyoning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan.
Shoir
1938-yilning 21-aprelida Lohur shahrida vafot etdi.
Quyidagi aforizmlar
Muhammad Iqbolning turk tiliga tarjima qilingan she’rlaridan olindi:
Insonga sig‘adiganga
koinot, koinotga sig‘maganga inson deyman.
Ikkovi uchun ham osmon
bitta, ammo zog‘ning dunyosi boshqa, lochinniki boshqa.
Qadahsiz sharob ichilmas,
ammo untmang, odamni sharob mast qiladi, qadah emas.
Hayot sharobdir, ammo eng
taxiri va eng yaxshisi.
Burgut o‘lik suvsarni
ovlamaydi.
Inson marvarid misoli
ummon tubida, sohilga esa xas-cho‘p chiqadi.
Davlatlar shoirlarning
qalbida tug‘iladi, siyosatchilarning qo‘lida o‘sadi va o‘ladi.
Ilm oshkora savoldir.
Ishq esa sirli javob.
Taqlidni bas qil,
o‘zingni izla.
Majnun shaharni tark
aylab sahroga yuzlandi. Sen sahrodan ham voz kech. Orzuga yetmoq istasang
Layloni ham terk et.
Olovdan chaqnagan uchqun
kabi bebosh bo‘lma.
Ishq hayotning mag‘zidir,
uni topganlarga o‘lim haromdir.
Ishq sharobdir, ayni
damda ishq ulkan qadah ham.
Ishq yo‘lini aql bilan
topmoqchimisan? Quyoshni sham yoqib qidirmoqchimisan?!
Men izlaganim yo‘l emas,
yo‘ldosh. Naql bejiz emas: avval yo‘l, keyin yo‘ldosh.
Parvonadan yonishning
hikmatini o‘rgan.
/Turk tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi.
/Turk tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi.