31.08.2015

Jeffreyning rangin dunyosi

 JEFFREYNING RANGUN DUNYOSI

Jeffrey Hanson (30.09.1993) bolalikdan rasm chizishga qiziqar edi. Ammo shifokorlar unga rasm chizishni taqiqlab qo‘yishdi. Hatto bo‘yoqlarga yaqinlashishga ham izn berishmadi. Chunki uning ko‘zlari bo‘yoqdagi kimyoviy moddalarga o‘ta ta'sirchan edi. Jeffrey uchun esa bo‘yoqlarsiz dunyoning qizig‘i yo‘q edi. Ko‘zlari borgan sari xiralashayotganiga qaramay rasm chizishga qaror qildi. Qarshi chiqqanlarga aytgan gapi shu bo‘ldi: "Bilaman, kasallik bunday davom etadigan bo‘lsa, tez orada butunlay ko‘rishdan qolaman. Ko‘zim sog‘ligida, ranglarni ajrata oladigan paytimda rasm chizmasam, keyin umr bo‘yi pushaymonlikda yashayman..." Jeffrey hamma narsani unutib rasm chiza boshlaydi. 2005-yilda ko‘z saratoni tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotadi. Bir necha jarrohlik amaliyotlaridan keyin faqat jismlarning shaklini ko‘ra oladigan bo‘ladi. Shuni ham buyuk ne'mat deb bilgan shijoatli rassom yana bo‘yoqlar olamiga sho‘ng‘ib ketadi. 19 yoshida chizgan rasmlarini sotib xayr-saxovat jamiyatini tashkil qiladi. Bugungi kunda uning 1400dan oshiq kartinasi san'atsevar zodagonlarning kollektsiyalarini va turli galareyalarni bezab turibdi. Jeffrey Hanson sotilgan kartinalaridan tushgan mablag‘ni xayr-saxovat yo‘lida sarflaydi. U shu kunga qadar, bolalar uyi, kasalxonalar, o‘quv dargohlari va xayriya tashkilotlariga muntazam ravishda ko‘mak berib keladi. Yosh rassomning asarlarini kuzatar ekanman,  qalb ko‘zi yaratganning sirli olamiga ochilgan muhtasham armug‘on ekanligiga iqror bo‘laman. Islomda "ulul-albob" tushunchasi bor. Bu ifoda "sof, toza aql va qalb sohibi" ma'nosida qo‘llaniladi. Qalbini, tabiatini kirlatmagan, har bir narsaga hikmat nazari bilan qaragan poktiynat insonlarga nisbatan ishlatilgan. Ko‘hna sharq mutasavvuflari har bir inson "ulul-albob" darajasiga yetishi mumkinligi, bunday insonlarning qalb ko‘zi va qalb quloqlarining ochiq bo‘lishi haqida ko‘p yozganlar. Bu xususiyat insonga ko‘kdan tayyor holda tushmaydi, albatta. "Olma pish og‘zimga tush" mantig‘i hech qaysi dinda mavjud emas. Bu xususiyat odamzodga tinimsiz mehnat, qunt, e'tiqod va maqsadga yo‘naltirilgan riyozat evaziga yaratgan tomonidan armug‘on qilinadi. Har qanday muvaffaqiyatning ortida mashaqqatli mehnat va ulkan umid bor. Betakror iste'dod sohibining hayoti va faoliyati bunu to‘la isbotlaydi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Quyida 22 yoshli sahovatpesha rassomning asarlaridan namunalarni keltiramiz.      


 

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder