Qarg'alar saylagan podshoh
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda bir mamlakatda bir bechora kambag‘al bo‘lgan ekan. Bir kun to‘q bo‘lsa, uch kun och yotar ekan. Shunga qaramay shukrni tilidan tushirmas ekan. Butun xayoli hammaga yordam berish ekan. Yaxshilik qilishni xohlar ekan, ammo qanday yordam berish kerakligini bilmas ekan. Ora-sira, “Eh, koshki, kuchim yetsa-da, nochorlarning og‘irini yengil qilsam...” deb niyat qilar ekan.
Uning niyatini eshitganlar: “Qani ayt-chi, niyating
ijobat bo‘lib, g‘oyibdan kuch kelsa, qanday yaxshilik qilgan bo‘larding?” deb
so‘rashibdi.
Kambag‘al: “Qanday bo‘lardi, yaxshilik qilardim
hammaga... Avval o‘sha kuch kelsin, o‘zim bilaman qanday yaxshilik qilishni...”
debdi.
Kunlardan bir kun tog‘ cho‘qqisiga chiqib “Tangrim, menga
yordam ber, men ham odamzodga yaxshilik qilmoqchiman...” deya yolvoribdi.
Tog‘da giyoh terib yurgan bir keksa odam uning
yolvorishlarini eshitib:
- Salom, o‘g‘lim! - debdi.
Kambag‘al qayrilib qarasa, oppoq soqolli bir nuroniy bir chol
tepasida turibdi.
- Salom, otaxon, - debdi hayratlanib.
- Boyadan beri nima deb yolvoryapsan, Tangridan nimalarni
so‘rayapsan?
Kambag‘al dardini cholga aytibdi. Odamlarga yaxshilik
qilish istagida yonib qovrulayotganini to‘lib-toshib tushuntiribdi.
Oqsoqol uning so‘zlarini tinglab bo‘lgach debdi:
- Senga o‘xshab juda ko‘p insonlar boshqalarga yaxshilik
qilishni xohlab o‘tishdi bu olamdan. Yaxshilik qanday qilinishini bilganingda
edi, bu savdodan voz kechgan bo‘larding. Odamzodga yaxshilik qilish, yomonlik
qilishdan ko‘ra mushkul ishdir. Dunyo bino bo‘lgandan beri bu ishni uddalash
juda oz insongagina nasib qilgan.
Oqsoqol qancha tushuntirsa ham kambag‘al o‘z bilganini
takrorlayveribdi.
- Eh, qaniydi, menga ham shunday imkon nasib qilsa! Men
boshqalarga o‘xshamayaman. Menga shunday martaba berilsa, dunyodagi barcha
yomonliklarni yer yuzidan supurib tashlayman. Bu dunyoda kambag‘al odam qolmaydi.
Urish-janjallarni batamom unuttirib yuboraman. Barcha muammolarni hal
qilaman...
- Niyating durust, ammo qanday amalga oshirishni
bilmaysan. Sendan avval ham nima qilishni bilmaydigan xayolparastlarning ko‘pi
kelib ketdi.
Kambag‘al:
- Yaxshilik qilishdan osoni bor ekanmi? Buning nimasi
qiyin? - debdi.
Oqsaqol unga javoban:
- Ha, mayli, demak yaxshilik qilishni shunchalik
istayotgan ekansan, bu yerda turma, yurt kezib, oq-u qorani tanigin. Vaqti
kelganda senga o‘zing xohlagan imkon beriladi. - debdi.
Yaxshilik qilishni xohlagan odam oqsoqolning gapini
diliga tugib yo‘lga otlanibdi. Bir necha yil davomida turli mamlakatlarni
kezibdi. Turfa xalq, turfa odatlarni ko‘ribdi, el-yurtni tanibdi. Qayerda
to‘xtasa, yaxshilik qilish istagida yurganligini tilga keltiribdi.
Shunday kunlarning birida, quyosh ufqqa bosh qo‘yishga chog‘langan
bir mahalda bir qal’aga yetib kelibdi. Qal’a aylanasiga baland devor bilan
o‘ralgan ekan. Darvozasini topib, ichkariga kiribdi. Qal’a ichiga kirgach
xayratdan esi og‘ibdi. Keng maydonda tumonat odam. Hammasi ko‘kka qarab
hayqirib yotganmish. Kambag‘al ham beixtiyor olomonga qo‘shilibdi. Kambag‘al
aytilayotgan gaplarga quloq solibdi. Hamma bor ovozda deyarli bir xil gaplarni
aytib baqirishayotgan ekan:
- Yurtdoshlar! Men sizga yaxshilikni ravo ko‘raman.
Qarg‘alarga ayting, meni saylasinlar. Podshoh bo‘lsam, ko‘rasiz, sizlarga
behisob yaxshiliklar qilaman. Bu qal’aning ariqlaridan suv emas, sharbat oqadi.
Yo‘laklarga tosh emas oltin to‘shaladi. Uyingiz qand-u shakarga to‘ladi,
shirinlik yeyishdan bezib ketasiz. Shu darajada rohat qilasiz-ki, huzur-halovat
sizni tinch qo‘ymaydigan bo‘ladi. Aziz, vatandoshlarim! Qarg‘alarga ayting,
meni saylasinlar...
Barchaning og‘zidan bir xil nido chiqayotganini ko‘rib taajjublanibdi
kambag‘al. Bir yoniga qarasa, ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, yillar avval tog‘ tepasida
uchratgan oqsoqol turganmish.
- Salom, otaxon! - debdi kambag‘al shosha-pisha.
Oqsoqol unga qarab:
- Salom, o‘g‘lim! - debdi.
- Qiziq, hamma bir xil gapni takrorlayapti... Nega
baqirishayotganini tushunolmay qoldim, debdi oqsoqolga.
Oqsoqol:
- Hamma faqat o‘zining yaxshilik qilishi mumkinligini ta’kidlamoq
istaydi. Ammo hech biri o‘sha yaxshilikni qanday amalga oshira olishini
tasavvur ham qilolmaydi. Shuning uchun baqirish bilan ovora.
- Bu odamlar, har doim shunday baqirishadimi?
- Yo‘q, saylov arafasida baqirishadi. Bu mamlakatda har
yili bir marta saylov bo‘ladi. Saylov mahali hamma o‘zining saylanishini xohlab
shovqin ko‘taradi.
- Nega?
- Chunki hamma o‘zini haq deb biladi. Saylangach
yaxshilik qila olishini o‘ylaydi. Yomonlik qilishni hech biri xohlamaydi.
- Kimni saylashadi bu saylovda?
- Podshohni saylashadi... Bu mamlakat boshqa
mamlakatlarga o‘xshamaydi. Ba’zi davlatlardagi kabi taxt otadan o‘g‘ilga meros
bo‘lib o‘tmaydi. Har yili xalq ichidan bir kishini saylab podshoh deb e’lon
qilishadi. Tanlangan odam podshohlik muddati ichida xalqqa yaxshilik qilsa, va’dasini
amalga oshirsa podshoh bo‘lib qolaveradi. Aks holda saylov o‘tkazilib, taxtdan
uzoqlashtirishadi. Hozirgacha bir yildan ko‘p podshohlik qilgan odam chiqmadi
bu mamlakatda.
- Tushunarli, nega hammasi “qarg‘a, qarg‘a” deb
baqirishmoqda?
- Bu o‘lkada podshohni qarg‘alar tanlaydi-da shunga... - debdi
oqsoqol.
Shu payt osmonni qorong‘ilik qoplabdi. Ko‘kda quyuq bulut
misoli qarg‘a galasi paydo bo‘libdi. Qarg‘alar quyosh nurlarini to‘sib, qag‘illashib
yurt osmonida aylana boshlashibdi. Olomon:
- Qarg‘alar, qarg‘alar, qadrdon qarg‘alar... Meni
saylang, meni saylang... - deb baqirisha boshlabdi.
Bir dona qarg‘a aylanib-aylanib kambag‘alning boshiga
yaqinlashibdi va boshiga axlat qo‘ndirib yana osmon-u falakka ko‘tarilibdi.
- Uchdan bir hissa podshoh bo‘lding, deyishibdi olomon
unga qarab.
Nima ro‘y berganini anglolmagan kambag‘al yonida turgan oqsoqoldan
so‘rabdi:
- Nima bo‘ldi, nimalar deyishyapti?
- Bu yerda podshoh saylash shu tarzda amalga oshiriladi.
Bir qarg‘a bir kishining boshiga uch marta axlatini tashlasa o‘sha kishi
podshoh bo‘ladi. Sen hozir uchdan bir hissa podshohsan. Duo qilgin, qarg‘a yana
ikki marta boshingga axlatini tashlasin.
Ko‘p o‘tmay, haligi qarg‘a yana yerga yaqinlashibdi va
kambag‘alning boshi uzra aylanib ahlatini tashlab o‘tibdi. Olomon hayqiribdi:
- Uchdan ikki hissa podishoh bo‘lding!
Qarg‘a uchinchi bor yaqainlashganda xaloyiq yanada badtar
shovqin ko‘taribdi:
- Qarg‘ajon, qarg‘a, mening boshimga ... - deb bor ovozda
yolvora boshlashibdi.
Qarg‘a bu so‘zlarga quloq solmay yana kambag‘al boshi
uzra aylanishda davom etibdi va yana bir bor uning boshiga axlatini tashlabdi.
Xaloyiq:
- Podshoh bo‘lding, endi podshoh sensan... - deya baqirishib
qo‘l silkishibdi. Kambag‘alni yelkasiga ko‘tarib saroyga olib borishibdi.
Taxtga o‘tirgandan keyin birinchi qilgan ishi qarg‘aning yaxshiligiga javob
tariqasida bog‘-rog‘lardagi butun qo‘riqchilarni olib tashlash haqidagi
farmonni imzolash bo‘libdi. Qarg‘aga tosh otganlarni, uni bog‘idan quvganlarni
jazolabdi. Bu ham kamlik qilganday, kunda bir bor atrofga don-dun sochib
qarg‘alarni mehmon qilishni amr qilibdi.
Xalq e’tiroz qilsa ham podshoh e’tibor qilmabdi. Uning
ko‘zi qarg‘adan boshqasini ko‘rmas emish. Shu tariqa yil o‘tibdi. Xalq yana
saylov uchun maydonga to‘planibdi. Yana ayni hol, hamma o‘zining ezgu
niyatlarini tilga keltirib baqira boshlabdi. Yana ko‘k yuzini qarg‘alar
qoplabdi. Qarg‘alarning qag‘illashi olamni tutibdi. Har yil podshohni bir
qarg‘a tanlar ekan. Bu yilgi podshohdan beadad yaxshilik ko‘rgan qarg‘alar
shukrona ramzi sifatida ichlaridan o‘n nafarini yer yuziga yuboribdi. O‘n
qarg‘a o‘tgan yilgi podshoh boshiga yaqinlashib bir vaqtining o‘zida axlatini
tashlashibdi. Podshoh yana qayta saylanibdi. Podshoh ham qarg‘alarga
minnatdorchilik ma’nosida yangi farmonini e’lon qilibdi. Endi har bir oila
uyida yigirma donadan qarg‘a boqishi shart emish. Qarg‘alarni turli tabiiy
ofatlardan himoya qilish maqsadida maxsus uychalar qurishni tayinlabdi.
Qarg‘alar bunday parvarishdan mamnun bo‘lib semirib-shishib ketishibdi. Har
biri hindi kurkaday bo‘lib ketibdi.
Vaqt o‘tib yana saylov yaqinlashibdi. Xalq maydonga
to‘planibdi. Shikoyatini tiliga to‘ksa nima o‘zgarardi-ki?! Kurkaday yuz qarg‘a
uchib kelib yana eski podshohni tanlaganliklarini namoyish qilibdi. Uchinchi bor
podshoh bo‘lgan odam:
- Qarg‘alar ustida bir dona ham bit qolmasligi kerak.
Qarg‘alar tozalansin! Bitlardan himoya qilinsin! Qarg‘alarning tirnoqlari
jilolansin! Yog‘lab yaltiratilsin! - deya xalqqa buyruq beribdi.
Qarg‘alar e’tibor-u e’zozdan kattalashib qo‘yday
bo‘libdi. Urchib ko‘payaveribdi. Ahvol shu darajaga boribdi-ki, qarg‘alar
ko‘payib qal’aga sig‘may qolibdi. Vaqt aylanib yana saylov kuni yaqinlashibdi.
Qarg‘alar podshohga minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘libdi. Bu safar besh yuzta
qarg‘a kelib har biri uch martadan podshohga “hurmat” bajo keltiribdi.
Podshoh ham qarg‘alarga minnatdorchilik bildirish
maqsadida yangi farmonlar chiqaribdi. Haddan ziyod e’zozlangan qarg‘alar
tufayli shaharda insonlarga joy qolmabdi. Odamlar uy-joyini, mol-mulkini
tashlab ko‘chib keta boshlashibdi.
Oradan bir yil o‘tibdi. Saylov zamoni yaqinlashibdi. Bu
vaqt mobaynida boqilgan qarg‘alar bo‘rdoqi sigirday bo‘lib kattalashib ketibdi.
Shahar osmonida sigirday-sigirday qarg‘alar paydo bo‘libdi. Ularning
shovqinidan quloqlar batang bo‘libdi. Qarg‘alar minnatdorchilik evaziga
hammalari to‘planishib podshohning ustiga “tashakkur”larini yog‘dirishibdi.
Xalq saylangan podshohni saroyga eltish uchun maydon
markaziga yo‘l olibdi. Kelib qarashsa, podshoh qarg‘a axlatiga botib o‘lib
yotgan emish.
Oldiniga taajjublangan xalq ko‘p o‘tmay yana shodon
hayqira boshlashibdi:
- Qarg‘alar, qarg‘alar, qadrdon qarg‘alar... Meni
saylang, meni saylang...
1965
//Ma'rufjon Yo'ldoshev tarjimasi
Nekadar bir gozel hikayemiş
YanıtlaSil