Tabiat
bilan bog’liq fotosuratlarni kuzatganda suratkashning voqelikka munosabatini,
falsafiy mushohadasini yoki tafakkur tarzini qay darajada namoyon eta olganiga
e’tibor qilaman. Tabiatning har holati go’zal, betakror. Fasllar ham shunday.
Hamma gap o’sha betakror lahzani mazmundor hikoyaga aylantira olishda. Rasmga
muhrlangan hikoyaning ko’lami, mohiyati suratkashning estetik tafakkuri bilan
uyg’unlashganda behad go’zal hikoylar o’rtaga chiqadi. Suratkash tabiat
qo’ynida odatdagidan farqli nimani ilg’adi, nimani ko’rdi va nimani
ko’rsatmoqchi? Ba’zan rasmlarida chiroyli manzarani ko’ramiz, fotografning
go’zallik qarshisidagi hayratini sezamiz. Biroq borishimiz mumkin bo’lgan marra
suratkash ko’rsatgan joygacha. Undan narisiga o’tishning imkoni yo’q. Ba’zan
kadrda hamma narsa bo'ladi, nimani ko’rishni bilolmaysan. Suratkashning bizga
anglatmoqchi bo’lgan hikoyasini ilg’ay olmaysan. Menimcha, har rasmning o’z
hikoyasi bo’lishi kerak. Shu ma’noda menga Emiko Nakaining rasmlari
juda yoqadi. Uning ob’yektividan yo’lakda qolgan mushukning izi ham, yaproq
bandida osilib qolgan tomchi ham, yerga tushgan barg ham qochib qutulmaydi.
Rasmlarida akslagan oz miqdordagi obyektlari bilan teran hayotiy va falsafiy
mazmunlarni ifodalaydi. Eng muhimi, ularning har birida yapon tafakkur tarziga
mos sassiz, sokin va huzurli hikoyalar yashiringan.
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder