UBUNTU
Har bir so‘zning ma’no-mazmuni, ibtidosi-yu intihosi, eng muhimi, o‘z hikoyasi bo‘ladi. Dardi, g‘ami, tashvishi, quvonchlari bo‘ladi so‘zlarning ham. Shakli-shamoyili, qaddi-basti, ifori, tarovati, rangi, rahovati bo‘ladi so‘zlarning ham. Peshonasiga yozilgan baxti, iqboli bo‘ladi kalimalarning. Xuddi siz va biz kabi, barcha insonlar kabi...
Bugun
ingliz tilidagi xabarlarning birida “ubuntu” sarlavhasi ostida fotosuratlar to‘plami
ko‘rsatildi. Izohsiz berilgan fotolavhalardan mazkur so‘zning ma’nosini bir qadar
tushunish mumkin edi. Ammo talqinlarga ochiq edi: kimdir toponim, kimdir etnonim yana
kimdir shirkat nomi sifatida izohlashga urindi. Har kim mazkur so‘zning
etimologiyasini go‘yo yangidan yozish kerakligini ta’kidlashga urinayotgandek
vaziyat paydo bo‘ldi. Talqinlar turfalashib boraverdi. Bechora so‘z bino bo‘lgandan
beri bunday aziyat chekmagan bo'lsa kerak...
Shu
bois kunimni bu so‘z haqida qisqacha yozishdan boshlashga qaror qildim.
“Ubuntu”
Janubiy Afrikadagi Bantu tillari oilasiga kiruvchi Zulu tiliga mansub so‘z
hisoblanadi. Falsafa, madaniyatshunoslik, jamiyatshunoslik va axloqshunoslik
fanlarida insoniy munosabatlarda hamjihatlik, o‘zaro bog‘liqlik, yordamsevarlik
kabi ma’naviyatga aloqador tushunchalarni izohlashda ishlatiladi. Mazkur so‘z
anglatgan tushuncha “Mening menligim sening senligingga bog‘liq!” shiori bilan
izohlanadi. Nobel Tinchlik mukofoti sohibi, rohib Desmond Mpilo Tutu ubuntu
falsafasini shu tarzda tushuntiradi: “Ubuntuning mohiyatiga yetgan inson o‘zidan
ziyoda boshqalarni o‘ylaydi. Boshqalar har tomonlama yetuk bo‘lganida o‘zi ham
xotirjam bo‘ladi. Shunda ubuntu sohibi o‘zini xatar ostida his qilmaydi, qo‘rquv
va xavotir ichida yashamaydi. O‘zini ulkan bir butunlikning parchasi deb
biladi. O‘ziga ishonchi ortadi. Boshqalar ezilganda, xaqoratlanganda o‘zini xo‘rlangan
his qiladi.”
Ubuntu
mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘zbek xalqi ma’naviyatining ajralmas tushunchasidir.
Xalqimizda o‘zaro hamjihatlik, birlik-barobarlik g‘oyasi qadimdan urf-odatlarimiz zamirida mavjud
qadriyatlardandir. Xalq maqol-matallarida, ertak va rivoyatlarida,
mutafakkirlarimizning asarlarida ubuntu falsafasining mohiyati o‘zimizga xos uslub
va tarzda ifodalangan. “Bir farzandga yetti mahalla ota-ona”, “Qo‘shning
tinch-sen tinch”, “Birniki mingga, mingniki tumanga”, “Bir kishi ming kishi uchun, ming
kishi bir kishi uchun”,
“Birlashgan daryo bo‘lar, tarqalgan irmoq bo‘lar”, “Birlashgan - o‘zar, birlashmagan - to‘zar”, “Birlik bor - tiriklik bor”, “Birlikda baraka bor”, “Ko‘pning kuchi - karomat” va hokazo xalqona
hikmatlar zamirida ubuntuning mohiyati mavjud.
Endi
“ubuntu”ning sayr-u sayohati, dunyo tillariga qay tarzda kirib borgani haqida to‘xtalsak.
So‘z avvalida har bir so‘zning o‘z hikoyasi bo‘ladi dedik. “Ubuntu”ning ham
qiziq bir hikoyasi bor:
“Bir
ingliz antropologi ilmiy tadqiqot uchun Afrikaga boradi. Kunlarning birida
ko‘chadagi bolalarni to‘plab bir o‘yin o‘ynashni taklif qiladi. O‘yin juda
oddiy bo‘lib, bolalarni maqsadli harakatga yo‘naltirishdan iborat edi. Ya’ni,
ko‘cha boshidagi daraxt ostigacha kim birinchi yugurib borsa, daraxt ostiga
qo‘yilgan olmani o‘sha yeydi. Bolalar safga turishadi. Start berilgach bolalar
bir-birlarining qo‘lidan tutib yugurishadi. Manzilga hammalari bir vaqtda yetib
borib olmani birga baham ko‘rishadi. Tadqiqotchi xayron bo‘lib buning sababini
so‘raydi. Bolalarning javobi esa kattalarga saboq bo‘ladigan darajada mazmundor
edi: “Biz ubuntu qildik. Kim o‘zarga
chopganimizda edi olmani faqat bittamiz yerdik. Boshqalar xafa bo‘lib turganda
bir kishi qanday qilib xursand bo‘lishi mumkin?! Biz ubuntu qilganimiz uchun
hammamiz xursand bo‘ldik...”
Shu
tariqa “men” dan ko‘ra “biz”ning ma’qulligini, hamjihatlikning xudandishlikdan afzalligini
bolalar eng samimiy uslubda namoyon qilgan edilar.
Mazkur
so‘z ayni hikoyasi bilan dunyoning ko‘plab tillaridan mustahkam joy oldi va ijtimoiy
fanlarning terminologik fondiga kirdi.
M.Yuldashev
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder