20.11.2025

 


SAMOLARGA OMONAT JONLAR

 

O‘nqo‘rg‘on. Toshkentdan olti chaqirim naridagi mo‘jaz qishloq. Aytishlaricha, shahar atrofidagi o‘nta qo‘rg‘ondan biri. Menimcha, bu nomdagi “o‘n” unsuri aniq sonni emas, “old, oldin, dastlabki” ma’nosidagi qadimiy “o‘n” so‘zini anglatsa kerak. Asl mavzuga kelsak. Shu qishloqning eng baland tepaligida bir choyxona bor. Nomi choyxona ammo taomlarining turiga qarab, dunyo tamaddixonasimi, deysiz. Shahar shovqinidan bezganlar hafta yakunida shu choyxonaga kelishadi. Abdishukur oshpaz tayyorlagan taomlarning ta’rifi butun Toshkentga yoyilganidanmi, katta-katta lavozimdagi odamlar ham shu yerga kelib turishadi. Odatdagidek, shanba. Choyxona gavjum. Qaysi bir xonaga bosh suqsangiz hammasida bitta masala: Gurjiston hududida halokatga uchragan turk harbiy yuk samolyoti.

Odatda, har bir davraning o‘rtaga mavzu tashlagich kayvonisi bo‘ladi. Men mehmon bo‘lgan davraning kayvonisi Murod rais mavzuni “Eshitgandirsizlar, turklarning samolyoti qulabdi” deya boshlab berdi. Endigina yig‘ilganlar salom-alikni ham yig‘ishtirib, o‘rtaga tashlangan mavzudagi xabardorliklarini peshlashga tushib ketishdi.

“Ee, haa, aytmang, juda yomon ish bo‘pti. Bittayam tirik qolmagan deyishyaptimi?” -dedi, hali to‘g‘ri-durust o‘rnashib ulgurmagan Hayitboy muallim. 

“Iee, qiziq gap bo‘ldiyu, muallim, Osmonu palakdan samolyot toqqa gumburlab tushadiyu ichida odam bolasi omon qoladimi? Sal, mundog‘ o‘ylang, muallimsiz, axir” -dedi zarda bilan O‘tkir tajang.

“Yuk samolyoti deyishdi, shukr deyishga arziydagan joyi shunda. Yaxshiyam pasajir samolyoti emas ekan” -deya gapini qisqa qildi, To‘rabek soatsoz.

Murod rais gapga aralashdi: “Yigirmata askar ekan. Yigirmatta jon. Hali hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurmagan azamat yigitlar... Men juda yomon bo‘pketyapman. Ko‘zimni oldiga o‘g‘lim tengi yigitlar keldi. Men bir amal qilib, xizmatga jo‘natmagandim o‘g‘limni, bolam qiynalib qoladi, deb. Hali-hali o‘zimdan xafa bo‘laman, koshki vaqtni ortga qaytarib bo‘lsa... O‘sha askar bolalarning otalari ne ko‘yga tushgan bo‘lsa! Qay biri endi uylangan, qay birilari hali go‘shanga ko‘rmagan pokpokiza yigitlar-da. Bir-ikkitasi oilali ekan, ularning ortida endi ko‘zini osmondan uzmaydigan bir etak bola qoldi-da...” Murod rais o‘pkasi to‘lib qisqa-qisqa nafas oldi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilgandek, ovozi o‘zgardi. Ko‘ngli bo‘shab yig‘lamoqdan beri bo‘ldi. Masalani boshqalar ilib ketdi. Murod rais esa dasturxon chetida osilib turgan ipni barmoqlari bilan yumaloqlab, besh yil oldin Bo‘rijar kanaliga cho‘milgani tushib, cho‘kib ketgan o‘g‘li - Jontemirni esladi. Uni armiyaga jo‘natmagandi. Lavozimidan foydalanib, qandaydir hujjatlar bilan harbiy xizmatdan olib qolgandi. O‘g‘li, “harbiy xizmatga boraman, uchuvchi-desant bo‘laman” deb yolvorgandi. Barvasta, ko‘rkam va o‘ktam yigit edi, Jontemir. Ammo rais uni “o‘qiysan, olim bo‘lasan” deb xizmatga jo‘natmadi. O‘sha yili yozning olovli kunlarida o‘rtoqlari bilan Bo‘rijarga cho‘milishga borib, qaytmadi. Baland ko‘prikdan suvga sakrab xushini yo‘qotgan do‘stini qutqarib, o‘zi suvga g‘arq bo‘lgan edi. O‘shandan beri Murod mahalla raisligidan iste’foga chiqib, uyiga berkindi. Ko‘chaga shanba kunlari demasa, kamdan-kam chiqadi. Chiqsa ham Bo‘rijar yoqasiga borib, suvga tikilib o‘tiradi. Besh yildan beri shu ahol. Ko‘zi suvlarda qolgan. Bugun xotini “yaxshiyam shanba bor ekan, ko‘chaga chiqib, elga qo‘shilasiz, biqinib o‘tiravermay” deya noligan edi.

Hayitboy muallim choy uzatmasa, xayollar olamidan bu davraga qaytishi dushvor edi. Murod rais o‘ziga kelganida o‘rtaga tashlangan mavzu qiyomiga yetay deb qolgan edi.

“O‘g‘limning aytishicha, samolyot o‘zi eski ekan, oltmish yil burun ishlab chiqilgan ekan. Odam oltmish yilda bir hol bo‘ladiyu, u o‘z nomi bilan texnika bo‘lsa. Shuni nahot tushunmagan bo‘lsa tepadagilar, deyman-da” deya gapni qiziqtdi har gapini “o‘g‘limning aytishicha” deb boshlaydigan, harbiy qismda ishlaydigan o‘g‘li bilan doim g‘ururlanib yuradigan Akmal qassob.

To‘rabek soatsoz yana qisqagina luqma tashladi: “Bu shunchaki texnik nosozlik emas. Nima emish, samolyotning quyrug‘i havo bosimiga chidolmay qo‘pibdi. Samolyot yukni ko‘pidan ikkiga bo‘linib ketdi dedi ruslar. Bo‘magan gap. Bu aniq, dushmanni ishi. Mana qarab turinglar, hademay aniqlashadi. Turk istihboroti kuchli, kim qilgan bo‘lsa ham topadi. Agar gapim chin chiqmasa, shu tilimni kesib itlarga tashlayman.”

O‘tkir tajangga gap topildi: “Obbo, har qasamingda kesilaverib tilingdan asar qolmaganku, birodar, endi kesishga boshqa narsa top,” dedi beo‘xshov kulib.

To‘rabek soatsoz “Bo‘ldi, gap yo‘q, sen tutasan men kesaman, qarab turgin hali bu ishning ichidan kimlar chiqadi!” deya qo‘lidagi kosalarni stolga qo‘ydi.

Gapga aralashmay o‘tirgan Bobur qo‘lidagi telefonni xontaxtaga qo‘yib, bir ux tortib, dedi: “Bir gap aytaymi, men harbiyman, kerak bo‘lganda jon fido qilishni bo‘ynimizga olganmiz. Ammo hech qachon jangda shahid bo‘lay deb niyat qilmaymiz. Armiyaga ketayotgan turklarni ko‘raman, kulib turib “shahodat sharbatini ichish nasib qilsin” deya duo qilishadi. Onasiga, otasiga “Ota, men nasib qilsa shahid bo‘laman, ortimdan yig‘lamanglar, shahidlik buyuk martaba. Payg‘ambarimizga qo‘shni bo‘lgim kelyapti” deganini eshitib jinni bo‘lay dedim. Ota-onasiga qanday aytishi mumkin bu so‘zlarni. O‘ylab ko‘ringlar-a. Ota-onasi nima dedi bilasizlarmi, “xayrlisi, o‘g‘lim” dedi sokin turib. Agar men onamga shunday desam, supurgisi bilan quvib soladi” dedi, miyig‘ida kulib.

Hayitboy muallim ham bosh irg‘ab tasdiqladi: “Ha, ulardagi vatanparvarlik juda boshqacha. Hamma uyda bayroq, qishloqdayam, shahardayam balkonlarigacha bayroq osib qo‘yishadi. Bayramlarda ham motam kunlarida ham ko‘cha-ko‘yga bayroq osishadi. Askarlarni tobutiga ham bayroq yopishadi. “Onasiz yashash mumkin, vatansiz yashab bo‘lmaydi” yoki “Vatan omon bo‘lsin” degan hayqiriqlarini eshtsang eting jimirlab ketadi. Bizni qishloqda bayroq osilgan joyni ko‘rsang mahalla idorasi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan.”

“Sen ham osib qo‘yaver, kim to‘siq bo‘lyapti, Uying muyulishda. Manzilni aytishgayam oson bo‘ladi. Bayroqli uydan o‘ngga, bayroqli uydan chapga, a, to‘g‘rimi” dedi bemaza kulib, O‘tkir tajang.

Bobur ovozini biroz balandlatib, “O‘tkir, shu tajangliging qolmadi-da. Kuladigan mavzumi shu? Bayroq haqida gapiryapti, muallim. Vatan haqida, vatanarvarlik haqida gapiryapti, sen bo‘lsang...” dedi xayflangan ko‘yi.

Muallim bundan ruhlanib tomog‘ini qirdi va gapini davom ettirdi: “Hozir ko‘rdim, telefonda. Mana eshitinglar, gapim isboti bilan” deya bir xabarni o‘qib tarjima qilib berdi: “Xabarda o‘sha samolyotda halok bo‘lgan bir yigitning otasi nima debdi: “Önce vatan sağ olsun. O benim için çok büyük mertebe. Mekânı cennet olsun. Oğlum dört dörtlük bir insandı. En büyük tesellim, şehit babası olmam” Buni aytish uchun, aytaolish uchun odamning yuragi qanday bo‘lishi kerak, o‘ylayapsizlarmi? 15-iyul voqealarida xalqni ko‘rdingiz, ko‘kragini avtomatga tutib beryapti, tank ostiga o‘zini tashlayapti. “Menga nima” demayapti, “mendan boshqa yo‘qmi vatanni qutqaradigan” demayapti.  Mana vatanparvarlik qanday!”

Murod rais gapga aralashdi: “Deydi-da, u yurt tuprog‘ining qay biri zarrasiga xudoyim taolo zabon bitsa, hammasi “avval Vatan, keyin jon” deydi. Menga o‘xshab “armiyada nima bor, uni o‘rniga o‘qi” demaydi. “Avval vataning oldidagi qarzingni uzasan, keyin boshqa ishning boshini tutasan” deydi. Mana gap qayerda. Ammo o‘sha yosh yigitlar o‘lgani yomon bo‘ldi-da... Shunday qudratli davlatning armiyasi eski samolyotga qarab qolganmidi, deymanda, Boburbek.”

O‘tkir tajang, oraga tushgan jimlikni buzib, “qani osh keldi, bo‘ldi bu mavzuni yopaylik, osh sovumasin,” dedi.

Bobur qoshig‘ini dasturxon chetiga artib, dedi: “Qani oshdan oldin duo qilaylik, har narsaning navbati bor, bahordan keyin yoz kelsin, kuz kelsin keyin qish kelsin. Bahorda ochilgan gullarni ushuq urmasin. Hech kim bolam deb yig‘lamasin, kuymasin. Turkning yigirma bahodiri osmonga omonat bo‘lsin. Tangri taolo rahmatiga g‘arq bo‘lib, payg‘ambarimizga yon qo‘shni-yu jon qo‘shni bo‘lsin. Vatan omon bo‘lsin. Omin!”

O‘sha kuni har doimgidek taomlar yeyildi, duolar o‘qildi, u yoq-bu yoqdan gaplashildi. Ammo hammalari uylariga qaytayotgan payt boshlari egik edi. Balki ular samolarga omonat yigirma jon haqida o‘ylayotgan edilar.

AYB Türkiye Çevrim İçi Hikâye Atölyesi, 16. 11. 2025



QOCHISH...

Poyezd kelib to‘xtashi bilan yo‘lovchi va kuzatuvchilardan iborat olamon guras-guras vagonlar sari oshiqdi. Men ham shu poyezdga chiqishim kerak. Vagon oldinroqda edi. Qo‘limda jomadon bilan ilk vagon tomon ildam ketib boryapman. Oyoqlarim tezlashgani sayin ichimdan to‘xtagim kelardi. Ketmayman, shu yerda qolaman, degan o‘yga asosli javob topish uchun chiranaman. Endi kech edi, ketishim kerak! Vagonga chiqamanu ketaman! Bu yerlardan tamoman ketaman! Ortga yo‘l yo‘q. Qarorim qat’iy. Shivirlayman, mushtimni siqaman, biroq bu gaplarga o‘zimni ishontirolmayman...

Vagonga chiqib, ajratilgan bo‘lmaga joylashdim. Jomadonni stol ostiga qo‘yib, vagon darchasidan tashqariga qaradim. Pardalar halaqit bera boshladi. Ularni chetga surib, tashqarini kuzataman. Yoshgina juvon qo‘lida bolasini    ko‘targancha, men turgan darchaga yaqinlashdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib ichkaridan kimnidir qidirdi. Keyingi kupe tomon yo‘naldi. Shu payt bo‘lmaga kirib kelgan yigit ularga qarab “Shu yerdaman” -deya saslandi: Shu yerdaman! Nargiz, hoy Nargiz, men shu yerdaman!

Nargiz ortiga qaytib, bolasini iyagidan ko‘tarib darchani ko‘rsatib takrorlardi: “Ana, ana, qaragin, dada degin, dada desang-chi! Dada degin...”

Yigit ham “Qizim, Omadxon, mana buyoqdaman, asal qizim, yig‘lama, men kelaman, yig‘lamagin” -derdi, ko‘zlaridan oqqan yoshni artib.

Poyezd harakatlandi. Juvon poyezd bilan birga, ko‘zini yigitdan uzmay yura boshladi. Yugurishga chog‘landiyu, to‘xtadi. Qo‘lidagi bolasini bag‘riga bosdi.

Darchadan boshimni chiqarib orqa vagonlarga qaradim. O‘rta yoshli bir kishi yugurib kelib, tamburdan qo‘l cho‘zib turgan bir yigitga nimalardir solingan xaltani tutqazdi. O‘g‘lini kuzatgani kelganu nimadir esidan chiqqan bo‘lsa shuni bergan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.    

Poyezd perondan chiqdi. Kuzatuvchilar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. 

Kupeda to‘rt kishi edik. Ilk kirgan yigitning ismi Shohzamin ekan. “Negadir faqirlarning ismi shoh so‘zi bilan boshlanadi” degan gap xayolimni band qildi. Tug‘ilganida ota-onasi bu ismni topguncha ozmuncha izlanishmagandir. Tug‘ilmasidanoq, nima ism qo‘yish ustida bosh qotirishgan, turli ismlarni ayta-ayta, oxiri shu ismga to‘xtashgan va orzularga berilgan bo‘lsa kerak. Otasi bu ismni ichida takrorlab, niyatlarini pichirlab huzur qilgan bo‘lsa kerak: “Shohzamin! O‘g‘lim, merosxo‘rim! U hali katta yigit bo‘ladi. Shu zaminning shohi bo‘ladi. Podshohlardek shu yurt, shu zaminda yashaydi. Hech kimga qaram bo‘lmaydi, boy bo‘ladi, badavlat bo‘ladi!” Ehtimol, otasi jigarbandining shoh bo‘lmasligini, boy-badavlat yashamasligini ham tahmin qilgandir, biroq faqir kishining nimasi bor, yaxshi niyati, baland orzulari bo‘ladi! Shuni ham ko‘p ko‘rish kerak emas-da. Onasining orzulari otasinikidan ham baland. Ulg‘ayib malikalardek kelin olib kelishini kutib qancha tunni tongga ulagan bo‘lsa... Shohzamin o‘sib ulg‘aydi, otasidan hunar o‘rgandi. O‘zlaridek o‘rtahol oilaning qizi - Nargizga uylandi. Ular qiz farzandli bo‘lishdi. Shohzamin ismini qo‘yib, bundan doim faxrlanib yuradigan ota-ona nevaralariga ham eng zo‘r ismni tanlab qo‘yishgan edi. Ismini Omadxon qo‘yishdi. Toleyi porloq bo‘lsin, omadi kulib boqsin, deya  shu ismni qo‘yishdi.

Shohzamin endigina 22 yoshni qoralagan, hunari bilan oila tebratolmay Rossiyaga ishlashga ketayotgan ekan. Vagon darchasidan tashqariga boqib, nimalarni xayol qilayotgan bo‘lsa... Ehtimol, Rossiyaga borib, ishga tushsa, tez orada badavlat bo‘lib qaytish haqida o‘ylayotgandir, balki uylanganidan beri to‘g‘ri-durust birga vaqt o‘tkazolmagan, o‘zidan 2 yosh kichik ayoli haqida o‘ylayotgandir... Uni kuzatishga kelgan ayolining ko‘ziga qarashga iymanib, qiziga saslanishining zaminida nimalar yashiringan bo‘lsa... Axir ayolining ko‘zlarida allanechuk hadik, alam, bezovtalik bor edi-ku! Ko‘zlari sassiz ingrayotgan, bor ovozi bilan hayqirayotgan edi-ku!  Shohzaminda bu nigohlardagi isyonni bostiradigan, nadomat olovini so‘ndiradigan qudrat bormidi?! Omadxonning  omadi qachon kelishi haqida o‘ylashga yuragi betlamasa ham kerak...

Kupedagi ikkinchi yigitning ismi Jasur bo‘lib, u uch yildan beri Rossiyada ustachilik qilar ekan. Jasur sergapgina yigit chiqdi. Bir pasda butun hayotini doston qilib tashladi. Aytishicha, Rossiya orzular ushaladigan diyor, naqd jannatning o‘zginasi. U yerda hech kimning hech kim bilan ishi bo‘lmaydi. Ishlasang, mo‘may pul topasan. Omading kelsa, bir yilda topgan pulingga qishlog‘ingda bitta dang‘illama uy qurasan. O‘zi ishlayotgan oilada kasal bir ayol bor ekan. Unga qarash uchun xotinini olib ketishga kelgan ekan. Birgalashib ishlab, tez orada boyib ketishi, 3-4 yil ishlab, yurtga qaytgach mashina olishi, hashamdor uylar qurib, to‘ylar qilishi haqida berilib so‘zlay ketdi. Shohzamin ham uning so‘zlariga mahliyo bo‘lib tingladi. Jasurning ayoli, xonzodalarga yarashig‘liq ismli Nodirabegim  ko‘zini yerdan uzmay, chuqur o‘yga tolib o‘tiribdi.

Poyezd shahdu shiddat bilan shimol tomon ketib boryapti. Shohzaminlar, Jasurlar, Nodirabegimlarning orzularini olib sovuq yurtlarga shoshilyapti. Qancha Nargizlarning ko‘zlarida isyon olovini yoqib, qancha Omadxonlarning ko‘zini javdiratib, ne-ne otalarni sassiz yig‘latib, onalarni sog‘inch otashida yoqib ketib boryapti. Poyezd ilgarilagani sayin kupeni og‘ir sukunat  qopladi. Shunchalik og‘ir edi-ki, biroz avval tilga ko‘chgan orzulardan porlagan nigohlardan asar qolmadi. Shunchalik og‘ir edi-ki, poyezd ham bu yukni tashishdan charchab, halloslay boshladi. Shunchalik og‘ir edi-ki, quyosh ham botish oldidan qip-qizarib ketdi. Olam qop-qorong‘i tusga kirdi.

O‘zim bilan o‘zim ayovsiz kurashayotgan bir paytda qulog‘im ostida onamning yolvorishlari jaranglagandek bo‘ldi. Ko‘z o‘ngimda otamning vajohati gavdalandi.

Hammasi otamning mast holda kelib, onamni do‘pposlaganidan boshlandi. Musichadek mushtipar ayolni nega uradi? Hayotda bir boltaga sop bo‘lolmagan bo‘lsa, umri notavonlik bilan xoru zorlikda o‘tgan bo‘lsa, bunga kim aybdor? “Nima qilyapsiz”, -deb qo‘lini ushlab, orqaga itarib yuborgandim, otam gandiraklab ostonaga yiqildi. Boshi eshik qiriga tegib yorildi shekilli, qon oqa boshladi. Onam sapchib turib, qulog‘im tagiga shapaloq tortib yubordi. Qulog‘im shang‘illab, garang bo‘lib qoldim. Shuncha kuchi bormidi onamning?! Bu kuchi bilan ramaqijon erini ursa, shu kungacha allaqachon odam bo‘lardiku!

“Nega urasiz meni, qachongacha chidaysiz bu alkashning urishlariga?!” deganimni bilaman, ikkinchi tarsaki kelib tushdi.

“Otang haqida bunday deyishga qanday hadding sig‘di, bolam. U seni o‘z bolasidek katta qildi. Och qolmading, ko‘chada qolmading, ko‘rnamak bo‘lma! Rahmat o‘rniga shu bo‘ldimi javobing?!”

Eshik ortidagi obrezga boshini osiltirib ingab yotgan mast ota xirildoq ovozi bilan baqirdi: “Yo‘qolsin bu yetiming, shumqadam, nonko‘r, haromi!... Rozi emasman! Rozi emasman, bilib qo‘y!”

Onam quloqlarini ikki kafti bilan berkitib uvvos soldi. Xudoga nola qilib yig‘lay boshladi. Uning nolasida shirk to‘la isyon bor edi. “Menga shunday taqdirni ravo ko‘rganing uchun ming la’nat” deya qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib o‘zidan kechgan holda faryod qila boshladi.

Men ham o‘rnimdan azot turib ko‘chaga chiqdim. Qayoqqa ketayotganimni bilmayman, ammo bu yerlardan ketishim kerak, boshim oqqan tomonga ketishim kerak. Bu yerda bir daqiqa ham qola olmayman endi. Yelkamning chuquri ko‘rsin bu yerlarni. Yaxshilikni tushunmadi. Ketaman, ketaman, qaytib o‘liginiyam, tiriginiyam ko‘rmayman...

Shu ko‘yi sinfdoshim Anvarning sartaroshxonasida bir necha kun yotib yurdim. Undan qarz olib, Rossiyaga ketishga qaror qildim. Rossiyaga yetib olsam, o‘rmonda yashayman, o‘rmonda ish ko‘p bo‘ladi, deyishadi. O‘rmonchilar bilan odamlardan holi, tinchgina yashayman...

Poyezdning ovozi ham eshitilmay qoldi. Yuryaptimi, to‘xtadimi, bilolmay qoldim. Men esa uyqusida jannatlarda kezib yurgan uch musofirga qarab, boradigan joyimdan ko‘ra ortimda qolgan buyuk sassizlik haqida o‘ylay boshladim. Qarorim qat’iymidi, tanlagan yo‘lim to‘g‘rimidi, Men kimdan qochyapmanu, qayon ketyapman?    07.11.2025

29.09.2025

 



Мамдуҳ”дан Авлиё тут”гача...

Зиёдахон Расулова

психология фанлари доктори

Ҳурматли Маъруфжон ака, ҳикояларингизни психолог ва инсон сифатида ўқидим ва ичимдан чиққан фикрларни сизга тақдим этмоқчиман.

Аввало, мен сизнинг Мамдуҳ ва Авлиё тут ҳикояларингиздан бошласам. Улар бир-биридан мавзу жиҳатдан фарқ қилади. Бири болаликдаги инсоний алоқаларнинг нозик жароҳати ҳақида, иккинчиси халқ хотираси ва қадриятларига таянади. Лекин икки ҳикоянинг тагида жуда кучли бир умумий руҳий оқим мавжуд. Мен бу оқимни сизнинг ички жараёнларингиз, эҳтимоллик билан ўзингиз сезган ёки ҳали тўлиқ англамаган руҳий изланишингиз деб кўраман.

 Мамдуҳ ‒ шахсий руҳий йўқотиш ва ўзини қутқариш истаги

Сиз қоғозга Мамдуҳ ҳақидаги ҳикоя ёзгандек туюласиз, аслида эса бу ‒ ўзингиз билан очиқ суҳбат, балки болалигингиз, отангиз, юрагингиздаги кечирилмаган бир кимса билан ечилмай қолган диалог. Сиз Мамдуҳни болаликдаги бегона, жисмоний бўлса-да руҳий яқин бўлмаган, лекин бутун ҳаётингизда сизга таъсир қилган шахс сифатида чизгансиз. Бу образ ортида сизнинг ўзингиздан олиб ташлай олмайдиган оғриқ ‒ “ота меҳри”га бўлган ташналик, эсдан чиқариб бўлмайдиган исмсиз ажрашув ётади. Ҳикоя сўнгидаги “агар имконим бўлса эди, уни хотираларимдан бутунлай чиқариб ташлардим” деган ибора ‒ бу унутмоқ истагининг эмас, унутолмаслик азобининг манифестидир.

Мамдуҳ сиз учун ўтмишда қолган инсондек туюлади, лекин у сизнинг ичингизда ҳануз яшайди. Сиз уни ортда қолдиргандек бўлгансиз, аммо аслида у сизнинг ички дунёйингиздан чиқмаган. У сиз яширмоқчи бўлган, лекин унутолмаган бир парча. Сиз Мамдуҳни кечиришга уринаётгандек туюласиз. Аммо бу кечирим уни эмас, сизнинг ичингиздаги бир қисмини тинчлантириш учун керак. Бу ичингиздаги, ўтмишдаги ўзингизга нисбатан кечиккан эътибор. Чунки оғриқ Мамдуҳда эмас эди ‒ у сизда қолган.

Сиз болаликдаги рўй бериб улгурган, лекин ҳис этилиб тугамаган ҳолатни матнга айлантиргансиз. Хусусан:

      гувоҳнома воқеаси ‒ сизнинг оила тизимидаги эътироф этилмаган позициянгизни билдиради. “Исминг нима?” деб бошланган саҳна ‒ сиз учун шунчаки исм эмас, оила ичидаги тан олинмаганлик ҳисси билан боғлиқ бўлиши мумкин;

      ҳарбий хизматдаги учрашув ‒ бу сизнинг инсонни йиллар ўтгач таний олиш ёки танимай қолиш ҳақидаги ички иккиланишларингизни акс эттиради. Руҳий кечикиш, кечиктирилган “таниш” бу сизда ҳали тўлиқ ечимини топмаган алоқаларнинг белгиси.

Сиз Мамдуҳни кечириш орқали ўзингизни кечирмоқчисиз. Лекин матннинг сўнгги сатрида: “Мен бу имконни бутунлай воз кечган бўлардим. Чунки менинг ҳаётимдан, болалигимдан, хотираларимдан ўчириб ташлайдиган киши йўқ,” ‒ деб ёзасиз. Бу жумлани юзаки ўқиганда, бу кечирим, ички ярашув каби эшитилади. Бу жумла аслида ички оғриқни яна бир бор кўтариб чиққан изтиробли ҳолат, ички чарчоқ, ўзидан воз кечишга яқин руҳий ҳолатнинг белгиси, яъни бу “энди бу борада ҳеч нарса ўзгартириб бўлмайди, эслаб фойда йўқ, тўлиқ тушкунликка кириб кетмайман, лекин ҳеч қандай ҳаракат ҳам қилмайман” деган ички кайфият. Сиз уни кечиришга ҳаракат қилгансиз, лекин болаликдаги ўзингизни ‒ ўша ожиз, тушунарсиз қолган ҳолатингизни ҳали қабул қилмагансиз. Сизга жароҳат берган одамни кечириш мумкин, лекин ўзингизнинг ички ожиз ҳолатингизни қабул қилиш қийинроқ. Шу сабаб, бу ҳикоя ‒ ҳал қилиниб бўлган изтироб эмас, балки ҳали ҳал бўлмаган, фақат яна бир бор эслаб ўтилган оғриқ.

Бу ҳикояда сиз нафақат қаҳрамонни, балки ўзингизни ҳам кўрсатгансиз. Бу шунчаки ёзувчилик ҳунари эмас, балки ички ҳалолликнинг, инсоний кучнинг ифодаси ва бу матн сизни айнан шу томонингиз билан ёдда қолдиради.

Хуллас, бу ҳикояда Мамдуҳ тимсоли орқали сиз фақат бир инсон билан бўлган ҳиссий зиддиятни эмас, балки болаликдаги ҳал этилмаган изтироб ва эътироф этилмаган ҳис-туйғуларни қайта кўриб чиққансиз. Сиз Мамдуҳни ўчириб ташламоқчи эмассиз, балки унга боғланган ўз ички қисмингизни озод қилмоқчисиз. Бу репрессия (Фрейд) ва қайта ишлаш механизмининг ёрқин намунаси. Ҳикояда кучли сукут ва ички қарама-қаршилик бор. Сиз Мамдуҳни эслашдан қочасиз, лекин уни унутолмаяпсиз. Бу сукут ‒ ҳимоя эмас, балки ҳали ечимини топмаган ҳиссий жароҳатнинг белгиси. Сиз буни жуда ҳалол кўрсатгансиз, бу учун сизга инсоний ҳурматим янада ошди.

 Авлиё тут ‒ коллектив хотира орқали ўзини тутиб қолиш

Бу ҳикояда сиз шахсийдан коллектив даражага кўтарилган психологик механизмни кўрсатгансиз. Сиз бу ҳикояни фақат тут дарахти ёки қишлоқ ҳаёти ҳақида ёзмагансиз. Сиз ўзингизга қадрли бир нарса ‒ халқ хотираси, болалик ишончи, қадрият изчиллигини йўқотиб қўймаслик учун ёзгансиз. Бу сизнинг онг остингизда, дунёдаги бузилишларга, ўзгаришга, ажралишга қарши бўлган ички қаршилик. Сиз уни фақат тут дарахти ҳақида ёзаётгандай кўринасиз, лекин аслида сиз: “Мен чиқиб кетдим, лекин руҳим ҳали у ерда ‒ у жой омон қолсин, мен ўзимни ҳам сақлаб қоламан” деб ёзгансиз. Бу психологик жиҳатдан регрессия эмас, балки идентикликни сақлаб қолиш уриниши, ичингиздаги барқарорликни сақлаб қолишнинг бир шакли.

Сиз тут дарахтини болалик, халқлик, урф, меҳр ва эътиқод билан қоплаб, аслида бир саволга жавоб излагансиз: “Мен чиққан тупроқ омонми?..”. Сиз бу саволни очиқ айтмайсиз, лекин ҳикоядаги ҳар бир сатрда бу хавотир яширин. Бу матнда шаҳарда яшайдиган одам эмас, ичида ҳануз қишлоқни олиб юрган инсон гапиряпти. Бу ҳикоя, Маъруфжон ака, сизнинг руҳий муҳожиратдан қайтишга уринишингиздир. “Авлиё тут омонмикан?” деган савол ‒ мен ўзим омонманми? деган калаванинг бир учидир. “Мен ўзимга содиқ қолдимими?” Бу сизнинг ички таянчингиз тимсолидир. Тут омонмикан ‒ бу савол орқали сиз "Мен илдизларим билан боғланиб қолганманми ёки ажралиб кетдимми?" деган чуқур ички саволни бераяпсиз.

Сиз тутни метафора қилиб олаётгандек туюласиз, лекин бу оддий метафора эмас. Тут сизнинг генетик хотирангиздир. Ҳикояда у болаликни эслатади, халқни ифодалайди, табиий шифо билан боғланади, аммо бу ‒ фақат юзада. Аслида, бу тут бузилмаган, аммо бузилиш хавфи остидаги ички таянчдир. Сиз ундан хавотирдасиз. Шунинг учун сиз ҳикоянгиз ҳимоя сифатида намоён бўлди.

Сизнинг персонажларингиз ўзгармайди. Лекин муаллиф сифатида сиз ўзгаргансиз. Бу ўзгаришни яшириш учун ҳикояни “табобат”, “ахлоқ”, “эстетик”, “ахборот” қатламлари билан қоплагансиз. Аммо бу парда орқасидан бир нарса билан хайрлашишни истамаётган бир эркакнинг ичи кўринади.

Сиз айтасиз: “Мен талабаликда отанинг усулларига шубҳа қилганман, лекин ҳали ҳам сукутда юраман.” Сизнинг сукутингиз ‒ онг остидаги тан олиш. Сиз руҳий мерос, яъни ота тимсолидаги қадриятлар билан барибир ички баҳсда экансиз. Шаҳар сизга янги йўл очган, аммо тут сизни ўтмиш, авлод, илдизлар билан боғлаб турувчи рамз. Сиз ўзгаргансиз, лекин барибир тут орқали ички ўзингиздан ажралмагансиз.

Ҳикоянинг оҳанги оддий ва сокин, лекин унинг тагида жуда кучли бир хавотир бор. Сиз бу хавотирни жуда нозик берибсиз ‒ бу эса сизнинг муаллиф сифатида кучингизни кўрсатади. Сиз фақат бир дарахтни эмас, бутун ўтмиш, халқ, ота-боболар билан бўлган кўринмас риштани асраб қолмоқчисиз ва бу ришта сиз учун жуда қадрли.

17.06.2025

 

Кимман ўзи?!

Қадимда бир сартарош бор экан. Искандарнинг сартароши. Эски қудуқ ҳам бор экан: «бутун сирларни мен сақлашим керак» деган. Сартарош ҳамма ишни бузибди: «Искандарнинг шоҳи бор!» -деб қудуққа сирни айтибди. Қудуқ хурсанд экан: «Сир менда» -деб. Бироқ бир қамиш ўсиб чиқибди. Чўпон кўриб қолиб -гўё бошқа қамиш йўқдек- ундан най ясабди. Найни чалса, куй қудуқнинг сирини оммага ошкор қилиб қўйибди. Қаранг куйни ва сирни тушунадиган одамлар яшар экан қадимда. Бугун қудуқларда сир қолмаган. Бор ҳам дейлик, қамиш ўсиб чиқди ҳам дейлик, уни чўпон кесиб най ҳам қилди дейлик, куй сирни ошкор қилишни истади ҳам дейлик, уни тушунадиган одам қолганмикан? Лекин ичимдан ўша эски қудуқнинг борлигига, унда қамишлар ўсиб, уста чўпонларнинг қўлига тушишига ва ундан най ясаб куй чалишларига ишонганман. Баъзан мен ичида Юсуф банди бўлган, Пайғамбарнинг набираси айтган қутлуғ сирни сақлашга аҳд қилган ва ўз ичида қамишларга ҳаёт берган, умид бўлган қадим қудуқ эмасманми деб қоламан... Қудуқманми, қамишманми, найманми, куйманми, сирманми, кимман ўзи?..


8.06.2025

 


Хуан Рульфо

Хуан Рульфо (1917–1986) - мексикалик ёзувчи, сценарист ва фотограф, Лотин Америка адабиётининг таниқли намояндаларидан бири. У “магик реализм” оқимига катта таъсир кўрсатган. Рульфонинг асосий асарлари — “Педро Парамо” (1955) романи ва “Эл Ллано дар лламас” (1953) ҳикоялар тўпламидир. Унинг ёзиш услуби қисqa, пурмаъно ва таъсирчан бўлиб, Мексика қишлоқларининг қайғули ҳаёти, ёлғизлик ва ўлим мавзуларини чуқур ёритади. “Менинг отам” ҳикоясида отасининг фожиали ўлими ва бу воқеанинг оилага таъсири бола нигоҳидан ёритилган. Боланинг ўлим хабари қаршисидаги карахтлиги ниҳоятда содда ва таъсирли тасвирланган.

«МЕНИНГ ОТАМ»

ҳикоя

Менинг отам яхши инсон эди. У тириклигида бу дунёда яхши нарсанинг ўзи йўқ эди. Эртага нима қилиш кераклигини ҳеч ким билмасди, чунки эртанги кунга ишонч қолмаганди, бугун эса ҳали тугамаганди. Ҳаво ҳам ёмон эди, кўз кўзни кўрмас, ҳеч нарсани англаб бўлмас эди: кун чиқдими, шамол қаердан эсади – шимолданми, жанубданми?

Дунёда яхши нарсанинг ўзи қолмаган эди. Отам эса яхши инсон эди, ҳаётга ишонарди.

Уни тонг отар маҳал ўлдирдилар, лекин у ўлдирилганини, нега ва қаерда ўлганини ҳам тушунмай қолди. Уни ўлдиришди, унинг учун ҳаёт тугади. Бошқалар учун эса у ҳали ҳаёт эди ва дунё аста-секин тинчиб, ўзгара бошлаганди, ҳатто ёмғир томчилай бошлаганди; одамлар ёмғирга боқиб, яна умидлана бошлаган эдилар.

Менинг отам қоронғи тунда, тонг ёруғидан бехабар ўтди. Уни ота-боболар урфига кўра кафанладилар ва шундай дафн қилишдики, гўё у ҳам оддий одамлардан бири эди. Бизга дедилар: Отангиз вафот этди, у тонгга яқин, ҳамма донг қотиб ухлаб ётганда, болалар туғилган, ўлимга маҳкумлар отилган вақтда ўлди. Туннинг бу ғамгин вақтида одамлар ярим уйқуда бўлади, алмойи-жалмойи тушлар кўради, лекин шундай тушларга ҳам эҳтиёж бор.”

– Сизнинг отангиз вафот этди.

Тушимда бир кичик оҳуни қучоқлаб турганмишман. У худди қаноти қайрилган қушдайин чорасиз, ухлаб ётган одамнинг юрагидай сокин ва маъсум эди.

– Унинг умри қисқа экан.

Туннинг энг қоронғи, энг қуюқ, энг қаттиқ вақти эди, тонг отишига оз қолганди. Ҳамма нарса бирдан узоқлашиб кетгандек эди. Мен англадимки, йиғлашим керак, ҳеч бўлмаса бир томчи кўз ёш чиқиши учун юрагимни сиқишим керак. Хўнграб йиғлашга уринардим. Юрагимни эзиш учун чиранардим, мудраган юрагимни болға билан эзиб-эзиб оғритгим келарди. Биргина ниятим, мақсадим дод солиб йиғлаш эди. Йиғлайки, дардим тилга тўкилсин.

Оҳу боласи ўлибди. Қучоғингдаги жонивор ўлик.

Майли, қўяверинг, бу тушимни кўриб тугатайин. Қолган нарсаларнинг барчаси ёлғон! Мен ухлаб ётганда ҳеч ким ўлмайди.

– Соат уч бўлди, отангизнинг жасадини олиб келдик. Уни бугун тунда ўлдиришибди.

– Сен ким ҳақида гапираяпсан? Менинг отам ҳақидами? У ўлмайди. Ҳеч ким унга ёмонлик қила олмайди. Акс ҳолда, ер юзида қиёмат қўпади, дунё вайрон бўлади. Одамларнинг қўллари синади, ҳаёт инсонлар учун маъносини йўқотади. Отам бизга ҳаёт берган, биз у туфайли ёруғ дунёни кўряпмиз. У ўлмайди, ўла олмайди.

– Уни ўлдиришибди.

– Қачон? Соат нечада?

Менинг қимирлашга мажолим қолмади, лекин дунё нимадир сезди шекилли.

– Тун. Тўхта. Тўхта, унга қара.

– Сен мени алдаяпсан.

– Дафн бугун.

– Ҳеч қандай дафн бўлмайди. Менинг отам ўлмайди. У биздан кўпроқ яшайди. У бизга ўхшамайди, у умри давомида фақирлик, эҳтиёж нималигини билмаган...

– Демак, сен унга қарашни хоҳламайсанми? Тур, ҳализамон унинг яқинлари, танишлари келиб улгурмади, отангга яқинлаш.

– Отам ўлмаган. Сен мени ёмон кўрасан. Ёмон кўрганинг учун ҳам мени қасддан уйғотяпсан. Қўй, бу тушимни кўриб тугатайин.

Майли, сен айтгандек бўлсин, лекин эслаб қол, уни тушдан кейин дафн қилишади.

Чироқни ўчир. Чироқни ўчир ва ўзинг чиқиб кет. Агар отам ростдан ўлган бўлса, унда нега куляпсан? Чиқиб кет! Оҳу боласи ухлаяпти. Уни уйғотиб юборасан. Мен сенинг кимлигингни биламан. Фақат шайтонгина тунлари бузғунчилик қилиб, уйқудаги инсонларни қўрқитади. Отам ўлмаган, сен фақат ёлғон гапираяпсан. Алдаяпсан. Мени алдаяпсан, холос! Даф бўл!

Кўз ёшларим қон равон бўлди. Узоқдан онамнинг йиғисини эшитганимда эса қоним селга айланди.

Маъруфжон Йўлдошев таржимаси

6.04.2025


Сукут - муаззам шовқин!

***

Асл ҳақиқат сукутга яширинган бўлади.

***

Ҳамма гап айтиб бўлинди, энди уни тушуниш қолди.

***

Инсонлар бир-бирларини яхшироқ тушунишлари учун сўзни ўйлаб топишган эди...

***

Баъзи инсонлар дуо қилмайди, сукут қилади.

***

Шундай инсонлар борки, исмини эслашнинг ўзи умрга умр қўшади. 

***

Шундай инсонлар борки, уларни инсон деганинг учун сўздан хижолат бўласан.

***

Ҳар инсоннинг жаннати ҳам жаҳаннами ҳам қалбидадир.  

***

Кўнгил боғидаги гулларни парвариш қилиш лозим, акс ҳолда тиканзорга айланади. 

***

Кўнгил боғининг гуллари сукут пайти очилади.  

***

Тунда бутун ҳислар юлдузлар тилида сукут қилади.

***

Тун оламнинг сукути эди, тонг ҳаммасини бузди. 

***

Сукут - муаззам шоқин, ҳайбатли қичқириқ!

М.Йўлдошев

5.04.2025

 

 IQBOL MIRZO

O‘ZBEKISTON XALQ SHOIRI


ОЙДАН ТУШГАН ЭМАС


Ҳеч кимни бахт ўз-ўзидан қучган эмас,

Қуш ҳам кўкка машаққатсиз учган эмас.

Ойдин тунлар, осойишта, тиниқ тонглар

Ойдан тушган эмас, кўкдан тушган эмас.

 

Мевасин еб, боғини ҳам сўраб қўйгин,

Керак бўлса, боғ атрофин ўраб қўйгин.

Ниҳолларнинг кокилларин тараб қўйгин,

Озодлик ҳам, ободлик ҳам ўзи келмас,

Ойдан тушган эмас, кўкдан тушган эмас.

 

Бу бинолар қайдан бино бўлди экан?

Ким боболар қаддин расо қилди экан?

Нечук бизни бугун дунё билди экан?

Озодлик ҳам, ободлик ҳам ўзи келмас,

Ойдан тушган эмас, кўкдан тушган эмас.

 

Эртакларда мўъжизалар сеҳр сабаб,

Гулу гиёҳ кўкаргайдир меҳр сабаб.

Тафаккурнинг ҳурлигига недир сабаб?

Озодлик ҳам, ободлик ҳам ўзи келмас,

Ойдан тушган эмас, кўкдан тушган эмас.

 

Ўн саккизга кирган йигит сўзига боқ,

Юзига боқ, олов ёнган кўзига боқ.

Бу энг буюк хазинадир, дўстим, бироқ

Озодлик ҳам, ободлик ҳам ўзи келмас,

Ойдан тушган эмас, кўкдан тушган эмас.

 

Шижоатнинг, жасоратнинг маҳсули бу,

Ироданинг, заковатнинг маҳсули бу,

Улуғ Инсон танлаб олган ҳақ йўли бу,

Ўзбекистон, бундайин бахт ўзи келмас,

Ойдан тушган эмас, кўкдан тушган эмас.

 

AYDAN İNMEMİŞTİR


Hiç kimseye baht kendiliğinden gelmez,

Kuş bile göğe zahmetsiz uçmaz.

Aydın gece, huzur, berrak sabahlar

Aydan inmemiştir, göklerden inmez.

 

Meyvesini yeyince bahçesini sor,

Gerekirse bahçenin etrafını sar.

Fidanların kâküllerini tara da gör,

Özgürlük de, refah da kendiliğinden gelmez,

Aydan inmemiştir, göklerden inmez.

 

Bu binalar nasıl yükseldi acaba?

Kim ataların boyunu dimdik etti acaba?

Dünya bugün bizi nasıl tanıdı acaba?

Özgürlük de, refah da kendiliğinden gelmez,

Aydan inmemiştir, göklerden inmez.

 

Masallarda mucizeler sihirledir,

Çiçek ile bitkiler de yeşeriyor sevgiyle.

Düşüncenin özgürlüğüne sebep nedir?

Özgürlük de, refah da kendiliğinden gelmez,

Aydan inmemiştir, göklerden inmez.

 

On sekiz yaş delikanlının sözüne bak,

Yüzüne bak, alev ateş gözüne bak.

Bu en büyük hazinedir dostum, fakat

Özgürlük de, refah da kendiliğinden gelmez,

Aydan inmemiştir, göklerden inmez.

 

Cesaretin, cesurluğun ürünüdür bu,

İradenin, zekâvetin ürünüdür bu,

Ulu İnsan’ın seçtiği hak yoludur bu,

Özbekistan, böyle bir baxt kendiliğinden gelmez,

Aydan inmemiştir, göklerden inmez.


ЯГОНАСАН


Тупроғингда даҳолар хоки,

Ул соҳиби дунёлар хоки.

Боболарки, улуғ чинордек,

Момоларки, Қутлуғ Нигордек.

Чинорларки, бешиклар бўлган,

Келажакка эшиклар бўлган.

Сен онасан, муқаддас Ватан!

Ягонасан, муқаддас Ватан!

 

Хазинамсан, тахтим ўзингсан,

Қиёси йўқ бахтим ўзингсан.

Ер юзининг жаннати сенсан,

Яратганнинг санъати сенсан.

Жаннатбоғим, ҳазраттоғимсан,

Меҳробимсан, саждагоҳимсан.

Сен онасан, муқаддас Ватан!

Ягонасан, муқаддас Ватан!

 

Манглайдаги Дурри Акбарим,

Не кўзларни олган гавҳарим.

Қора ният, ғараз сўзлардан

Асрагаймиз ёмон кўзлардан.

Кўксим ичра юрагим – тумор,

Бу туморда қутлуғ номинг бор.

Сен онасан, муқаддас Ватан!

Ягонасан, муқаддас Ватан!


 

YEGANESİN


Toprağında dahilerin izleri,

O sahib-i âlemlerin tozları.

Atalar ki ulu çınarlar gibi,

Analar ki Kutlu Nigâr misali.

O çınarlar ki beşikler olmuş,

Geleceğe nice kapılar olmuş.

Sen bir anasın, mukaddes Vatan!

Yeganesin, mukaddes Vatan!

 

Hazinemsin, tahtım sensin,

Emsalsiz bahtım da sensin.

Yeryüzünün cenneti sensin,

Yaradanın sanatısın sen.

Cennet bahçem, aziz dağım,

Mihrap yerim, secdegâhımsın.

Sen bir anasın, mukaddes Vatan!

Yeganesin, mukaddes Vatan!

 

Alnımdaki en parlak incim,

Nice gözleri almış cevherim.

Kara niyetli, kinli sözlerden

Koruruz seni kötü gözlerden.

Göğsümdeki kalbim – muskamdır,

Bu muskada kutlu adın vardır.

Sen bir anasın, mukaddes Vatan!

Yeganesin, mukaddes Vatan!