23.10.2026

TIL MILLIY TARAQQIYOT VOSITASI

 



O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti

Terminologiya va leksikografiya bo‘limi mudiri,

filologiya fanlari doktori, professor

Ma’rufjon Yo‘ldoshev bilan suhbat

 

TIL MILLIY TARAQQIYOT VOSITASI

Avvalo, 21-oktyabr “O‘zbek tili bayrami” kuni biz uchun qanday ma’no kasb etadi?

Menimcha, bu kunni faqat bayram sifatida emas, o‘zligimizni yana bir bor anglash kuni sifatida qabul qilishimiz kerak. Chunki til oddiy muloqot vositasi emas. Insonning dunyoqarashi, xotirasi, tarixi, his-tuyg‘ulari va milliy tafakkuri tilda aks etadi. Biz kim ekanimizni, qaysi tarixiy va madaniy zamindan kelayotganimizni, nimani qadrlashimizni ham ko‘p jihatdan tilimiz orqali anglaymiz. Shu ma’noda ona tili millatning ma’naviy kimligi – pasporti hisoblanadi.

Nima uchun tilni milliy o‘zlik bilan bog‘laysiz?

Chunki milliy o‘zlik faqat hudud yoki tarix bilan belgilanmaydi. U insonning “Men kimman?” degan savoliga javob beradigan ma’naviy tushunchalar tizimidir. Bu tizimning eng muhim ustunlaridan biri til. Masalan, bizda or, andisha, mehr, oqibat, hayo, e’zoz, mahalla, hashar kabi tushunchalar bor. Ularning har biri ortida muayyan hayot tarzi, munosabat va qadriyatlar mujassam. Demak, tilda so‘zlargina emas, xalqning hayot falsafasi ham yashaydi.

Tilning ma’naviyat bilan qanday bog‘liqligi bor?

Ma’naviyat insonning ichki dunyosi, e’tiqodi, axloqiy qarashlari va qadriyatlar olami. Bu dunyo esa til orqali ifoda topadi. Biz yaxshi niyatni duo bilan, hurmatni murojaat bilan, mehrni so‘z bilan, nasihatni hikmat bilan avloddan-avlodga yetkazamiz. Shuning uchun tilning boyligi ma’naviy tajribamizning ham boyligidir. Ona tilini asrash deganda faqat so‘zlarni asrash emas, o‘sha so‘zlar ortida turgan ma’naviy ma’nolarni ham asrash tushuniladi.

O‘zbek tili madaniyatimizni saqlashda qanday o‘rin tutadi?

Til va madaniyatni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Alisher Navoiyning asarlari, xalq dostonlari, maqol va matallar, ertaklar, qo‘shiqlar, bobolarimizdan qolgan hikmatlar bularning barchasi til orqali bizga yetib kelgan. Madaniyatning ko‘plab shakllari o‘zgarishi mumkin, ammo til ularning xotirasini saqlab qoladi. Shuning uchun til madaniy merosning arxivi ham, uni keyingi avlodga yetkazadigan ko‘prigi hamdir.

Bugun yoshlarning tilga munosabati haqida qanday fikrdasiz?

Men yoshlarimizni tildan uzoqlashyapti, deb bir tomonlama xulosa qilishga qo‘shilmayman. Aksincha, bugun yoshlarning tilida ijtimoiy tarmoqlar, blogosfera, zamonaviy media, ilm-fan va texnologiyalar tilining ta’siri kuchli bo‘lyapti. Muhim vazifa yoshlarni zamonaviy dunyodan ajratish emas, aksincha, zamonaviy dunyoni o‘zbek tilida ham ifodalay olish imkoniyatini kengaytirish kerak. Yoshlar bir vaqtning o‘zida ham dunyo tillarini, ham ona tilini mukammal bilishi zarur. Bu ikki hodisaga raqobatchidek  qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Demak, xorijiy tillarni o‘rganish milliy tilga xavf tug‘dirmaydimi?

Yo‘q. Menimcha, masala tillarni bir-biriga qarshi qo‘yishda emas. Xorijiy til dunyoga chiqish imkoniyati bo‘lsa, ona tili dunyoga o‘zligingni yo‘qotmay chiqish imkoniyati sanaladi. Biz ingliz, arab, rus, xitoy yoki boshqa tillarni qanchalik yaxshi bilsak, shunchalik ko‘p bilim va tajribadan foydalana olamiz. Ammo olgan bilimimizni o‘z jamiyatimizga, o‘z xalqimizga yetkazish uchun o‘zbek tilining ham ilmiy, intellektual va texnologik imkoniyatlari kuchli bo‘lishi kerak.

O‘zbek tili zamonaviy ilm-fan tili bo‘la oldimi yoki raqamli dunyoda uning o‘rni qanday?

Albatta, bo‘la oladi. Lekin buning uchun tilni faqat adabiyot va kundalik muloqot tili sifatida emas, ilmiy tafakkur tili sifatida ham rivojlantirishimiz zarur. Fizika, tibbiyot, biologiya, muhandislik, iqtisodiyot, huquq, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt kabi sohalarda o‘zbek tilida sifatli darsliklar, lug‘atlar, ensiklopediyalar, ilmiy bazalar va raqamli resurslar qanchalik ko‘p bo‘lsa, tilning ilmiy salohiyati ham shunchalik ortadi. Bugun tilning kelajagini uning qancha she’r yozilishi bilan birga, qancha ilmiy bilim yaratilayotgani ham belgilaydi.

Zamonaviy texnologiyalar davrida tilning o‘rni o‘zgarayaptimi?

O‘zgaryapti, albatta, va g‘oyat tabiiy hol. Avval til asosan kitob, gazeta, radio va televidenie orqali tarqalgan bo‘lsa, bugun uning ommalashishi internet, smartfon, ijtimoiy tarmoqlar, elektron kitoblar, ovozli texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun biz bugun “O‘zbek tilini texnologiyaga moslashtiramizmi?” degan savoldan ko‘ra, “Texnologiyalarni o‘zbek tili uchun qanday ishlatamiz?” degan savolni ko‘proq berishimiz kerak.

Sun’iy intellekt o‘zbek tili uchun imkoniyatmi yoki xavf?

Bu bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham jiddiy vazifa. Sun’iy intellekt qaysi tilda ko‘p va sifatli ma’lumot bo‘lsa, o‘sha tilni yaxshiroq tushunish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun o‘zbek tilining raqamli korpuslari, elektron lug‘atlari, sifatli matn bazalari, ovozli ma’lumotlari va ilmiy resurslarini ko‘paytirish nihoyatda muhim. Agar o‘zbek tilini raqamli muhitda kuchaytirsak, sun’iy intellekt ham o‘zbek tilida yaxshiroq ishlaydi. Demak, tilning kelajagi endi faqat kitob javonida emas raqamli makonda ham hal bo‘ladi.

Bugun o‘zbek tiliga yangi texnologiya va atamalarni kiritish masalasi qanday bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?

Til tirik organizmga o‘xshaydi. Yangi tushunchalar paydo bo‘lsa, til ham ularni ifodalash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Lekin har bir xorijiy so‘zni shunchaki ko‘chirib olish ham to‘g‘ri emas. Yangi atama tushunarli, ixcham, talaffuzga qulay va o‘zbek tilining ichki qonuniyatlariga mos bo‘lishi muhim. Bugun biz “sun’iy intellekt”, “raqamli texnologiya”, “ma’lumotlar bazasi”, “mashina tarjimasi” kabi tushunchalarni o‘z tilimizda bemalol ifodalay olishimiz kerak. Umuman, muayyan sohalarning rivoji tilda ham seziladi. O‘sha sohaning terminologiyasida o‘sish-o‘zgarishlar kuzatiladi va o‘sha atamalar ommalashgani sari sohaga e’tibor ham ortib boradi.

Demak, tilni asrash degani uni o‘zgarishdan himoya qilish emasmi?

Aslida tilni asrash uni muzey eksponatiga aylantirish degani emas. Til yashasa, o‘zgaradi. Rivojlansa, yangi tushunchalarni qabul qiladi. Biz bir tomondan tilning adabiy me’yorlari, grammatik tizimi va milliy xususiyatlarini asrashimiz, ikkinchi tomondan uning ilm-fan, texnologiya va zamonaviy iqtisodiyotdagi imkoniyatlarini kengaytirishimiz kerak. Ya’ni bizga milliy ildiz va zamonaviy tafakkur uyg‘unligi kerak.

Til va ta’lim o‘rtasidagi aloqaning hozirgi davrdagi ahvoli haqida fikrlaringiz qanday?

Til va ta’lim bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ta’lim sifati, avvalo, bilimning qaysi tilda va qay darajada aniq, tushunarli hamda mazmunli yetkazilishiga ham bog‘liq. Bola murakkab tushunchalarni o‘z ona tilida qanchalik teran anglasa, ularni tahlil qilish, umumlashtirish va boshqa tillardagi bilimlar bilan bog‘lash imkoniyati ham shunchalik kengayadi. Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida o‘zbek tilining ta’lim va ilm-fan tili sifatidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishimiz zarur. Buning uchun zamonaviy, mazmunan puxta darsliklar, ilmiy-ommabop adabiyotlar, elektron ta’lim platformalari, videodarslar va sifatli raqamli kontentni ko‘paytirishimiz kerak. Ayni paytda, o‘zbek tilida ta’lim olayotgan yoshlarni xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishga ham yo‘naltirish muhim. Zero, ona tili mustahkam tafakkur poydevorini yaratsa, boshqa tillarni bilish bilim va tajriba ufqlarini kengaytiradi..

Internet va ijtimoiy tarmoqlar davrida adabiy til madaniyatini qanday saqlash mumkin?

Bugun har bir inson ma’lum ma’noda media muallifiga aylandi. Biz ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildiramiz, izoh yozamiz, video tayyorlaymiz, axborot tarqatamiz. Demak, har birimiz tildan foydalanuvchigina emas, uning bugungi qiyofasini shakllantiruvchi ishtirokchiga ham aylanib ulgurganmiz. Shu ma’noda, adabiy til madaniyatini saqlash endi faqat maktab yoki rasmiy hujjatlar doirasidagi vazifa qolmaydi. Endi til madaniyatini saqlash va takomillashtirishga butun jamiyat mas’ul. Menimcha, bu borada uchta muhim jihatga e’tibor qaratish lozim. Birinchisi, til me’yorlariga hurmat. Internetda tezkorlik va qisqalikka intilish imlo, uslub va so‘z qo‘llash me’yorlarini e’tiborsiz qoldirishga sabab bo‘lmasligi kerak. Ikkinchisi, sifatli til muhitini yaratish. Ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar, davlat tashkilotlari va ta’lim muassasalari o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini namoyon etuvchi, mazmunli va savodli kontent yaratishga intilishi zarur. Uchinchisi, raqamli texnologiyalardan oqilona foydalanish. Imlo muharrirlari, elektron lug‘atlar, sun’iy intellekt va o‘zbek tiliga mos raqamli vositalarni rivojlantirish orqali adabiy til me’yorlariga amal qilishni osonlashtirishimiz mumkin. Bir narsani unutmasligimiz kerak, til madaniyati faqat xatosiz yozishdan iborat emas. U fikrni aniq ifodalash, so‘zni o‘rinli qo‘llash, suhbatdoshga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va so‘z mas’uliyatini his etishni ham anglatadi. Zero, ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘pollik, haqorat va asossiz da’volar ham nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi, adabiy tilni internetdan himoya qilish emas, balki internetni adabiy tilning rivojlanishi uchun samarali maydonga aylantirishimiz kerak. Til zamonaviy texnologiyalardan ortda qolmasligi, ular bilan birga rivojlanishi lozim. Chunki tilning istiqboli faqat lug‘atlar va qoidalar bilan cheklanmaydi. Biz tilning raqamli olamda qanchalik faol, nufuzli va jozibali taqdim qilinishiga e’tibor qaratishimiz lozim.

O‘zbek tilining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

Men o‘zbek tilining kelajagini faqat adabiyot va kundalik muloqot doirasida emas, ilm-fan, texnologiya, biznes, ta’lim va sun’iy intellekt tili sifatida tasavvur qilaman. Zero, olim o‘z tadqiqotini o‘z tilida sifatli ifoda eta olsa, muhandis texnik tushunchalarni ona tilida emin-erkin tushuntira olsa, shifokor bemori bilan ravon va aniq muloqot qila olsa, dasturchi o‘z tilida texnologiya yarata olsa, sun’iy intellekt milliy tillarda ravon ishlasa, bundan go‘zal nima bor? O‘zbek tili ana shunday behad boy lug‘aviy imkoniyatga ega til hisoblanadi. Undan millat taraqqiysi uchun xizmat qiladigan noyob vosita sifatida foydalanishimiz lozim.

Til bayrami munosabati bilan yurtdoshlarimizga qanday tilak bildirgan bo‘lardingiz?

Barcha yurtdoshlarimizni 21-oktyabr “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan chin dildan muborakbod etaman. Mening eng katta tilagim har bir inson o‘z ona tili bilan faxrlansin, uni to‘g‘ri va chiroyli qo‘llasin, farzandlariga o‘rgatsin. Ammo tilga bo‘lgan muhabbat faqat so‘zda qolib ketmasligi kerak. Biz uni kitobda, maktabda, ilm-fanda, internetda, texnologiyada va sun’iy intellektda ham yashatishimiz kerak. Chunki til faqat o‘tmishdan qolgan meros emas. Til bugungi o‘zligimiz, ertangi taraqqiyotimiz va kelajak avlodga qoldiradigan eng katta ma’naviy boyligimizdir. Shu ma’noda “Ona tilini asrash o‘tmishni saqlash, uni rivojlantirish esa kelajakni yaratishdir” – degan bo‘lar edim.

O‘zbek tili bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

 20.10.2026

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder