PIROYAGA ATALGAN SHE'RLAR
Nozim Hikmatning rafiqasi Piroya xonimga yozgan maktublaridagi she'riy parchalardan:
22.09.1945.
Kitob o‘qiyman:
ichida borsan,
qo‘shiq tinglayman:
ichida borsan,
o‘tirib non ushatsam
ro‘paramdasan,
ishlab o‘tirganda
yonginamdasan.
Sen har joyda "hoziru nozir"imsan,
gaplasholmaymiz
dardlasholmaymiz...
Sen mening sakkiz yillik bevamsan...
***
25.09.1945.
Eng go‘zal dengiz:
ko‘rib ulgurmaganing.
Eng go‘zal farzand:
o‘sib ulgurmagani.
Eng go‘zal kunlarimiz:
yashab ulgurmaganimiz.
Va senga aytolmagan eng go‘zal so‘zim:
aytib ulgurmaganim.
***
6.10.1945.
Bulutlar karvoni suzilar:
xabarlarni ortib ustiga.
G‘ijimlayman hali kelmagan
maktublarni qo‘limda.
Yurak kipriklar uchida
yo‘l qarab holsiz...
Hayqirmoq istaydi:
"Piroya, Piroya!.." deya.
***
27.10.1945.
Bir olmaning yarmi biz
yarmi bu ko‘hna dunyo.
Bir olmaning yarmi biz
yarmi erur xaloyiq.
Bir olmaning yarmi sen
yarmi men
ikkovimiz...
***
8.11.1945.
Olisdagi shahrim tomlari ustidan
va Marmara dengizi ostidan o‘tib
Kuzgi bog‘lar, tuproqlar aro
ulug‘vor va namli
tuyildi sasing.
Uch daqiqagina davom etdi bu.
Keyin, telefon zulmatga cho‘mdi.
/Turk tilidan M.Yo‘ldoshev tarjimasi.
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder