15.03.2025



 DARVESH VA QANOTI QAYRILGAN QUSH

Kunlarning birida Sulaymon alayhissalomning oldiga yarador bir qush kelib, qanotini sindirgan darveshdan shikoyat qilibdi. Sulaymon alayhissalom darveshni toptirib kelib, so‘roqqa tutibdi:

- Bu qush sendan shikoyat qilmoqda, nega qanotini sindirding?

Darvesh o‘zini himoya qilib:

- Hazratim, men bu qushni ovlamoqchi bo‘ldim. Yoniga sekingina yaqinlashdim, biroq u qimirlamay turaverdi. Tutib olish uchun bir sakragandim qochishga urindi, shunda qattiqroq ushlabman chog‘i, qanotiga shikast yetibdi - debdi. 

Darveshning javobini tinglagan Sulaymon alayhissalom qushga qarab:

- Eshitdingmi, bu darveshning gapi ham to‘g‘ri. Yaqin kelganida nega qochib ketmading? U yoningga pusib kelmabdi-ku! Qanoting bor, qochib ketishing mumkin edi. Shunda huzurimga kelib shikoyat qilib o‘tirmasding! – debdi. 

Qush bunga javoban debdi:

– Hazratim, men uni darvesh libosda ko‘rganim uchun qochmagandim. Agar u ovchi bo‘lsa, men o‘sha zahoti qochib ketgan bo‘lardim. Darveshlardan hech kim zarar ko‘rmagan, axir. Ollohning beozor qullaridan aziyat yetmagay, deb o‘ylaganim uchun ham qochib ketmagandim!

Hazrati Sulaymon alayhissalom bu javobni ham mantiqli deb bilib, darveshdan qushning qasosini olishga qaror qilibdi:

- Qushning gapida jon bor, ayb darveshda, uning ham qo‘lini sindiringlar, deb buyuribdi.

Shu payt qanoti qayrilgan qush:

- Hazratim, aslo bunday farmon bermang, darveshning qo‘llarini sindirishlariga izn bermang, deb yolvoribdi.

- Nega unday deyapsan? Axir,  sening qanotingni sindirganning jazosi bundan ortiq bo‘lmas, debdi Sulaymon payg‘ambar.

Qush buning sababini shunday izohlabdi:

- Hazratim, darveshning qo‘lini sindirsangiz, ko‘p o‘tmay tuzaladi va yana shu ishini qilaveradi. Uning o‘rniga ustidagi darveshlik hirqasini kiyishdan mahrum qiling. Toki, boshqa qushlar ham menga o‘xshab aldanib qolmasinlar!

Qissadan hissani anglagandirsiz, xulosa sizdan...

M.M.Yo‘ldashev tarjimasi
15.03.2025


Hiç yorum yok:

Yorum Gönder