BO‘ZA
“Ko‘b kishilarning
uylarida musallas bilan bo‘zalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy
suratda ichkulik sotish bilan tiriklik qilg‘uchilar ham yo‘q emas edilar.
Toshkandning Chuqur qishloq degan yerida qozoqlar tomonidan ochilg‘an va
hamisha rustamnamo kishilar bilan ayqirib yotqan bo‘zaxonalar ham yo‘q emas
edi. Besh oylab Oqmasjid safarida yurib ketkach, Otabek to‘g‘ri shu Chuqur
qishloq bo‘zaxonalaridan biriga kelib tushkandek bo‘ldi. Uni kunduz kunlari
bo‘zaxonada uchratib bo‘lmasa-da, ammo bo‘zaxonag‘a kelmagan kechasi juda oz
edi. Bo‘zagar Otabekning kimning bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma
ishni uning tilagiga qarab qilar, ul keldi deguncha oddiy bo‘zaxo‘rlar yonig‘a
o‘tquzmay o‘zining maxsus xujrasiga olib kirar, boshqalarg‘a berilaturgan loyqa
bo‘zadan bermay, bo‘zaning guli bilan mehmon qilar edi.” (A.Qodiriy. O‘tkan
kunlar)
“Bo‘za”, “bo‘zagar”,
“bo‘zaxo‘r”, “bo‘zaxona” so‘zlarini, “bo‘zaning guli” tabirini dastlab Abdulla
Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida uchratganman. Matndan “bo‘za” so‘zning
“mast qiluvchi ichimlik” ekanligi anglashilib turgani uchun ortiqcha bosh
qotirmagan edim. Keyinchalik ham bu so‘zni ko‘p eshitdim, lekin bu qanday
ichimlik ekan deb qiziqib ko‘rmadim. Toki 2010-yilgacha…
Turkiyada qish fasli
boshlanishi bilan ko‘chalarda oqshomdan to yarim kechagacha bo‘zagarlarning
ovozi tinmaydi. Xalqda “qish keldi, bo‘zagarga ish keldi” degan gap ham yuradi.
Ular bo‘zalarini “Boooozaaa booozaaa” deb ko‘cahma-ko‘cha baqirib yurib
sotishadi. Birinchi marta tatib ko‘rganimda “Otabekni shu biroz shirin, biroz
chuchmal-nordon ichimlik mast qilgan ekanmi” deb xayron bo‘lganman. Qiziqib
ko‘rsam, bo‘zaning ham turi ko‘p ekan. “Tatar bo‘za” deb ataladigan turi ko‘p
achitilgani bois mast qilar ekan. Bunday bo‘zalar usmonli saltanati
davrida sotilishi va iste’mol qililinishi taqiqlangan ichimliklar ro‘yxatiga
kiritilgan ekan. “Totli bo‘za” deb atalgan turi esa g‘oyat foydali ichimlik sifatida
qadimdan sevib tayyorlanar ve iste’mol qilinar ekan.
Xo‘sh, ota-boblarimiz
tomonidan o‘ylab topilgan va hozirda dunyo oshxonasining shohona ichimliklaridan biri sifatida e’tirof qilinadigan bo‘za haqida nimalarni bilamiz? Bugun uning o‘zbek oshxonasidagi
maqomi qanday? Bu haqda ma’lumot yig‘ish uchun o‘zbek tilidagi internet
resurslarini ko‘zdan kechirdim. Bu ichimlik haqida, asosan, “xarom-xalol”
bahslaridagina tilga olingan ekan. Faqat bir web sahifada uni qanday tayyorlash
haqida ma’lumot berilgan: “Bo‘za qilish uchun bir kilogrammcha bulg‘ur(maydalangan bug‘doy) yuviladi.
U kastryulkaga solinib, unga ko‘proq suv qo‘yiladi. Bulg‘ur yumshaganigacha bir
necha soat qaynatiladi. Suv bilan suzgichda suziladi. Unga shakar solib
eritiladi. Xamirturush o‘rnida bir stakan bo‘za qo‘shib yuboriladi. Uni yopib
plita oldiga qo‘yib qo‘yiladi. Bir kundan so‘ng uni nordon bir ichimlik
sifatida icha boshlanadi. Bulardan kuch-quvvat olish maqsadida, ovqatning hazmi
uchun mast bo‘lmaydigan miqdorda ichish halol bo‘lib, ularni ichgan mast bo‘ladigan
bo‘lsa yoki chalg‘i bilan kayf uchun ozginagina ichilsa ham so‘z birligi bilan
harom bo‘ladilar.” (samarqanduz.com)
Ko‘rinib
turganidek, bunda ham mazkur ichimlikning tarixi, foydasi, tayyorlash usullari
va turlari haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. Shu bois bu haqda qisqacha to‘xtab
o‘tishni lozim topdik:
Bo‘za qadimdan sharq xalqlarining eng sevimli ichimliklardan hisoblanadi.
Manbalarda bu ichimlikning miloddan avvalgi 9000-8000 yillarda Mesopotamiyada
keng tarqalgani haqida qaydlar mavjud. Bo‘za so‘zining tilimizga
fors tilida “don” ma’nosini anglatuvchi “buze”dan o‘zlashganligi aytiladi. Biroq
buning aksini, turkiy tillardan forschaga o‘tganligini ta’kidlovchilar ham
ko‘p. Eski turkiy tilda “buxum” o‘laroq qo‘llanilgan bu ichimlik mo‘g‘il tilida “bodso”, rus tilida “buza”, ingliz tilida “bosa”, Afrika tillarida “buha”
yoki “merissa”, rumin tilida “braga” tarzida qo‘llaniladi. Avliyo Chelebiy bu ichimlik ijodkori haqida
o‘zining “Sayohatnoma” asarida shunday yozgan edi: “(Istanbulda) bo‘za sotuvchi do‘konlar soni
300 ta bo‘lib, bo‘zachisi 1005 tadir. Ilk daf’a bo‘zani ijod qilgan kishi esa Solsol Tatar
edi...”
Arpa, bug‘doy kabi turli donlardan tayyorlanadigan nihoyatda shifobaxsh bu ichimlikning vatani O‘rta Osiyo ekanligi va Onado‘liga ko‘chib kelgan
turkiy qavmlar vositasida boshqa xalqlarga o‘tgani ham tarixiy kitoblarda qayd
qilingan.
Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining “Devoni lug‘otit turk” asarida bug‘doydan
tayyorlanadigan “bekni” yoki “buxum”ni qoraxonlilarning “buxoun”, o‘g‘uzlarning
“bo‘za” deb ataganliklari haqida ma’lumot bergan. Ayni asarda bu ichimlikni
arablar “mizr” deb ataganliklarini yozgan.
Yunon tarixchisi Ksenofon miloddan avvalgi 401-yil poyonida sharqiy
Onado‘lida ko‘chmanchi turklar tomonidan tayyorlangan bo‘zalar haqida
atroflicha yozib qoldirgan. 1436-yilda Venetsiyalik sayyoh Giosapxat Barbaro
esdaliklarida Ryazan shahrida yashovchi tatarlarning sevimli ichimligi “bossoi”
ekanligini yozgan. Rus harbiysi F.S.Yefremov 1755-yilda Buxoro o‘zbeklarining sariq
bug‘doydan bo‘za tayyorlashlarini qayd etgan. Nemis sayyohi J. Niebuxr esa
1701-1767-yillarda Qohira, Basra va sharqiy Onado‘lini kezib chiqadi va u yerlarda qish
faslida eng ko‘p iste’mol qilinadigan ayronga o‘xshash ichimlikning bo‘za ekanligini aytib o‘tadi. Bugungi kunda “bo‘za” deyilganda sumalak quyuqligidagi oq-sariq rangli nordon va shirin ichimlik nazarda tutiladi.
Bo‘zaning qisqacha
tarixi haqidagi fikrlarni shu joyda yakunlaymiz va uni uy sharoitida tayyorlash
usuliga to‘xtalamiz.
2 litrlik totli bo‘za
uchun:
250 gram bug‘doy
50 gram guruch
350 gram shakar
20 gram xamirturush
(yoki tayyor bo‘zadan 100 gram)
Tortiq qilishdan oldin
bezatish uchun dolchin va qovurilgan no‘xot.
Bug‘doy va guruch 3 litr
suvda yaxshilab qaynatiladi. Quyuqlashib ketsa suv qo‘shib suyiltiriladi.
Suzgichdan o‘tkaziladi va sovigandan keyin xamirturush (yoki tayyor bo‘zadan
100 gram), shakar qo‘shib aralashtiriladi. 2 kundan keyin yana aralashtirib
sumalak quyuqligida bo‘lganda stakanlarga quyib ustiga dolchin va qovurilgan
no‘xat qo‘shib tortiq qilinadi.
Ota-boblarimizni
bo‘zqirning shiddatli sovuqlaridan asragan va tamoman o‘zimizning ichimlik bo‘lgan
bo‘zani qadriyat sifatida saqlashimiz kerak degan fikrdaman.
“Endi uchunchi
kuvachani tugatib, to‘rtinchini chaqirg‘an edi. Bo‘zagar kirdi:
- Bo‘za beraymi, bek? —
deb so‘radi.
- Bering, — dedi va: —
Mashshog‘ingizni ham kirgizing!
Vaqt yarim kechadan ham
og‘qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag‘an xo‘randalar
baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo‘zaxona tinchigan edi.
Qo‘lma-qo‘l yurib charchag‘an mashshoq ham bo‘shab, Otabekdan katta-katta
ehsonlar ko‘rgani uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi.
Mashshoq Otabekning sarxush qo‘lidan bir piyola bo‘zani ichkach, dutorini
chertib so‘radi:
- Qanday kuyni chalay,
bek aka?”