Hayotim ham telbanamo,
Vujudimga tor kelaman.
Umr xatin qayta yozib
Hayotingga sir kelaman.
Pirim bo'lsang duo bo'lib,
Bir nafaslik havo bo'lib,
Ishq tomonga borar yo'lim,
Tur o'ringdan, tur, kelaman.
Qarmog'ini suygan baliq,
Sendan qolgan yolg'iz qoldiq,
Holim qara xarobalik,
Dilda qasr qur, kelaman.
Taqdir ko'zlarimda parda,
Sog'inch sog'inilgan dardda,
Oy nurlarin kechalarda,
Sochlarimga sur, kelaman.
Ko'zlarimdan ishq terib ol,
Yuragimni tutqinga sol,
Bu kechada sevgimla qol,
Tushlarimga yur, kelaman.
QANDAYDIR
Osmoningda
havo qanday
Osmonimda
tinmas yomg'ir.
Tunday qora
bu qalbimni,
G'uborlardan
yuvmoq og'ir.
Maysalarchi
bundan yashnar,
Yer taratar
xush atrini.
Tabiat jim
chiza boshlar,
Tomchilarning
suratini.
Qorong'ulik
ichra chaqmoq,
Darddan
porlab nur soladi.
Bulutlar
ham ishqdan g'amnok,
Oy yuziga
yosh oladi.
Tunning
sassiz ovozida,
Sog'inchimni
suydim qancha.
Qo'llarimla
surat chizdim,
Hayolingni
telbalarcha.
Bir
tomchiga do'nsa ruhim,
Yuzlaringni
quchib kelsam.
Qanot
bo'lsa huzuringga,
Uchib
kelsam, uchib kelsam!
Kelarsan
yomg'irlar ostida,
Ko'zimizdan
yosh tinmaydi.
Sen tomonda
qanday havo
Mening-chi
ko'nglim yig'laydi!
IQROR
Seni qalbim
qafasinda,
Ruhimga
asta bog'layman.
Va bir
yutum nafasimda,
Saqlayman!
Yurak to'la
og'riq, zordir,
Hijron
bilan armon yordir,
Sochlarimda
dorlar bordir,
Taqmayman!
So'rab
ishqim da'vosini,
Aylab ruhim
duosini,
Ber
o'limning havosini,
Xohlayman!
Sog'inch
toshdi o'zanidan,
Sezmadingmi
so'zlarimdan?
Kelib
o'psang ko'zlarimdan,
Yig'layman!
Suvdan
bezgan bir baliqni,
Qaytarma
qo'y, xatoliqni,
Shaаqat emas ayriliqni,
Yoqlayman!
BIR BO'LAMIZ
Kel, qalbimda qol endi,
Men, sen, oxir biz bo'lsin.
Yerdan uchaylik birga,
Va manzil cheksiz bo'lsin!
Qasr qurib ishq bilan,
Falakka yetkazaman.
Hijron-u azoblarni,
Bittalab ketkazaman.
Kel, to'ldir dil uyimni,
Ruhing bilan ko'ch menga.
Yo'limizda armonlar,
Kelolmasin duch menga.
Ko'zimga ko'zgu bo'lib,
Zarra-zarra nur sochgin.
Nafasimdan nafas ol,
Va ishqimdan gul ochgin!
Baxtlarning xumoridan,
Ishva nozimga qorish.
Nigohim sog'inch to'la,
Kelgin, ko'zimga qorish!
Kel, birlash borlig'imga,
Ruhimga yorligingcha.
Va poyingga bosh qo'yay,
Vatan bo'l borligingcha!
Ozarbayjon tilidan Niyatullo tarjimasi.
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder