YAMOQCHI
hikoya
Kema sohildan uzoqlashib Marmar dengizi tomon yoʻl
olganida yoʻlovchilarni kuzatishga chiqqanlar ustlaridan ogʻir yuk tushganday
yengilladilar:
- Bechora… Arabistonda yoʻlini topib ketar… - dedilar,
chin dildan qaygʻurayotganiga hammani ishontirmoqchiday yasama ohangda. Kelganlar
mahzun bir kayfiyatda uylariga qaytdilar.
Otasidan ayrilib yetim qolgan kichkina Hasan, onasi
ham vafot etgach, uzoq qarindoshlari va qoʻni-qoʻshnilarining yordami bilan ammasining
yoniga, Falastinning chekka bir qishlogʻiga yuborilayotgan edi.
Hasanning oʻzi bundan bexabar, biroq kemaga
chiqqanidan behad baxtiyor edi. Gʻirillab ishlayotgan chigʻirni, ustiga bir
nimalar yozilgan qutqaruv halqalarini, quritishga osib qoʻyilgan koʻylaklardek
arqonlarga bogʻlangan qayiqlarni, navbat almashinish payti chalinadigan
qoʻngʻiroqni tomosha qilib toʻymasdi. Hasan besh yoshda edi. Biyron tili va chuchuk
soʻzlari bilan kemadagi yoʻlovchilarni rosa kuldirardi.
Kema u yer-bu yerda toʻxtab, yoʻlovchilarni tushirayotganida
bir xomush tortardi. Ayniqsa, issiq mamlakatlar tomon yaqinlashganda nihoyatda
siqilgan edi. Kemada qolganlar u tushunmaydigan tilda gaplashishar edi. Unga
Istanbuldagidek: “Hasan, kel!”, “Hasan, ket!” deyishmas edi. Ismi ham oʻzgargandek
edi. Endi uni “Hasan” deb emas, “Hassan” deb chaqirishar edi: “Taal, hun ya,
Hassan!” deyishardi. Hasan ham bu gapni eshitganida ularning yoniga chopib
borar edi. “Ruh ya Hassan!” deganlarida ularning yonidan uzoqlashar edi.
Hayfa shahriga borishganida uni poyezdga olib chiqdilar.
Endi ona tili tamoman eshitilmaydigan boʻldi. Hasan
burchakka tiqilib oʻtirgancha indamay oʻtiraverdi. Kimdir savol bersa ham javob
qaytarmasdi. Oynadan bogʻ-rogʻlarni tomosha qilib ketayotgandek koʻrinsa-da
xayoli butunlay boshqa yoqlarda edi. Ichini nimadir tirnayotgandek, boʻgʻziga
nimadir tiqilayotgandek edi.
Ma’lum vaqt oʻtgach, oqish gul va yam-yashil
yaproqlarga burkangan apelsin bogʻlari tugadi. Zaytunzorlar ham siyraklashdi.
Yon-bagʻrida echkilar oʻtlab yurgan qaqroq, chars va
qurama togʻlar orasidan oʻtib borishar edi. Echkilar qop-qora edi. Quyoshning
ayovsiz tigʻi ostida xuddi moylangan mahsi misoli yaltirab koʻrinardi.
Bu yerlar ham ortda qoldi. Bepayon tekisliklardan oʻta
boshladilar. Atrofda na dov-daraxt, na suvli dara va na biron uy koʻrinardi…
Faqatgina ba’zi-ba’zida yirik-yirik hayvonlar uchrab qolardi. Uzun oyoqli, uzun
boʻyli, oʻrkachli, bukri bu hayvonlar poyezdlarga qiyo boqmasdan yoʻlida davom
etardi. Ogʻzida oqimtir koʻpik, nimanidir chaynab, xorib-charchab orqama-orqa
tizilishib, ortida hech qanday iz qoldirmasdan ogʻir-vazmin ilgarilab borishar
edi.
Hasan bularning barini erinmay kuzatib boraverdi.
Oxiri chiday olmadi. Yonida oʻtirgan askarga qoʻli bilan imo qilib soʻragan
boʻldi. Askar kulib javob berdi:
- Gamal! Gamal!
Hasanni bir bekatda tushirib qoldirishdi. Boʻynida,
peshonasida, qoʻllarida va quloqlarida turli-tuman, shoda-shoda oltin
taqinchoqlar osilib turgan qora chorshafli, qora qayrilma qoshli, katta qora
xolli ayol Hasanni quchoqlab koʻksiga bosdi. Hasan onasinikiga oʻxshamagan,
gʻalati xidli, yumshoq va bahaybat bu koʻkrak ichiga koʻmilib ketdi. Ayol u
tushunmaydigan tilda tinmay: “Ya, habibi! Ya ayni!” derdi.
Ammasining yonidagi xotinlar ham birin-ketin uni
bagʻriga bosishardi. Quchoqlab oʻpishar, aylanib-oʻrgilishar, quvonib
alqashardi. Bir necha bola ham kelishgan edi. Uzun koʻylaklari ustidan hirqa
oʻrniga kamzul kiygan, sochlari jingalak, boshiga doʻppi kiyib olgan bolalar…
Hasan, begonasiragancha ularni kuzatib turardi.
Oradan bir necha hafta oʻtsa hamki, hech kim bilan
gaplashmay, ogʻziga tolqon solgandek indamay yuraverdi.
Arab tilini sekin-asta tushuna boshlagan edi, biroq mittigina
qalbida paydo boʻlgan isyon sabab gapirmay yuraverdi. Hasan katta bir ofatdan
qochib dengizga shoʻngʻigan va suv ostida nafas olishga harakat qilayotgan
odamday qiynalayotgan edi. Shunday boʻlsa-da sukutini buzmasdi.
Jim yuraverdi.
Endi uning ham belbogʻli uzun koʻylagi, nimchasi,
doʻppisi va qizil kovushi bor edi. Sochlarining oʻrtasidan kaftdek joyini
qoldirib aylanasiga taqir qilib kesishdi. Peshonasida bir tutam soch
qoldirishdi. Qattiq va barkashday patir nonga ham koʻnikdi. Yerga solingan
dasturxon atrofida oʻtirib ham sanchqi ham non oʻrniga oʻtadigan bu patirni
qanday yeyishni ham uddalay boshladi.
Kunlarning birida ammasi koʻchadan baqirib oʻtib
borayotgan yamoqchini toʻxtatib uyga taklif qildi.
Hovliga yelkasida kattakon bir qop ortib olgan, qoʻliga
ixchamgina kursi va temir choʻkichni koʻtarib olgan, eski kiyimli bir odam
kirib keldi. Qopida muqovaday oʻralgan uzun teri lenta bor edi.
Ammasi yamoqchi bilan gaplashgandan keyin, uning
oldiga tovoni yemirilgan, tagi koʻchgan bir necha oyoq kiyimni olib kelib
qoʻydi.
Yamoqchi kursisiga oʻtirdi. Hasan ham qiziqib uning
qarshisiga choʻkkaladi. Toʻrt yoni devor bilan oʻralgan, pastak qumsuvoq uyda siqilgan
Hasan hayrat va qiziqish bilan yamoqchining harakatlarini kuzatib oʻtirdi.
Muqovaga oʻxshash qalin teri lentaning ikki yoni keskin, ingichka edi. Sopsiz
pichogʻi bilan kesishini, ogʻziga bir xovuch mixni toʻldirib olishini, keyin
ularni birma-bir Istanbulda bir maymunda koʻrganidek tishlari orasidan chiqarib
oyoq kiyimlarning tagiga tez tez mixlashini, teri qiyqimlarini, kir suvga
botirib yumshatishini, tosdagi qatronga barmogʻini botirib oyoq kiyim tovonlariga
surtishini, hech birini koʻzdan qochirmay kuzatib oʻtirdi. Jimgina qarab
oʻtirdi.
Bir mahal qayerda va kimlar bilan oʻtirganini unutib,
shunchalik berilib ketganidan ona tilida soʻradi:
- Mixlar ogʻzingizga sanchilmaydimi?
Yamoqchi hayratlanib boshini koʻtardi. Hasanning
yuziga uzoq tikildi:
- Turkmisan?
- Ha, Istanbuldan keldim!
- Men ham oʻsha yoqdan kelganman. Izmitdan!
Yamoqchining soch-soqoli oʻsgan, koʻksi ochiq,
shimining tizzalariga yamoq tushgan, tishlari kemtik va yuz rangi ham sapsariq
edi. Koʻzlarining oqi ham sargʻayib ketgandi. Hasan yamoqchining turk tilini
bilgani va Istanbulga yaqin joydan kelgani uchun faqat ishiga emas koʻrinishiga
ham diqqat bilan qaray boshlagan edi.
Kemtik tishi bois gapirganda xushtak chalayotgandek
tovush chiqarardi:
- Bu doʻzahdan battar qishloqda nima qilib yuribsan?
Hasan oʻzi bilganicha javob qaytargan boʻldi. Keyin
Qonlichadagi uylarini tasvirlay ketdi. Qoʻshnisining oʻgʻli Mahmud bilan baliq
ovlaganlarini, onasi bilan doktorga ketayotib tunneldan oʻtishgani, bir marta
eshiklari oldiga oppoq tez yordam mashinasi kelganini, ichida yotoqlar
borligini… Hammasini toʻlib-toshib hikoya qildi. Bir mahal yamoqchidan soʻradi:
- Siz nima qilib yuribsiz bu yerlarda?
Yamoqchi “tarixi uzoq” deganday boshini sarak-sarak
qildi va mingʻirladi:
- Bir gunoh qilib qoʻyib, qochishga majbur boʻldim!
Aslida gapirgan Hasan edi, olti oydan beri soqovday
yashagan Hasan… Tinmay, uning nima deganiga ham quloq osmay, yonoqlari
quvonchdan qizarib, nafas olishni ham unutib, lablarini choʻchchaytirib,
billurday ovozi bilan bidir-bidir gapirgan edi. Tiliga nima kelsa qaytarmadi.
Yamoqchi esa ham ishlar, ham ora-sira “Ha, shundaymi?” deya gapga aralashib
qoʻyar va Hasanning hikoyasini berilib tinglardi. Endi qaytib bora olmaydigan ona
tuprogʻining, vatanining bir darasini, bir shamolini, bir qoʻshigʻini
tinglayotganday ham zavq ham gʻamga botib tinglardi. Oʻtgan umrini, yoʻqotgan yurtini
koʻz oldiga keltirib, toʻlgʻonib-toʻlgʻonib tinglardi.
Yanada koʻproq tinglash uchun ham atayin sekin
ishlardi.
Nihoyat oyoq kiyimlar tamom boʻlib ishi tugadi. Temir
qozigʻini yerdan sugʻurib oldi. Qolipini matoga oʻradi. Mixdonni yopdi.
Mayda-chuyda anjomlarini xaltasiga oʻrab joyladi. Buyumlarini shoshmasdan
toʻpladi.
Hasan, yigʻlagunday boʻlib soʻradi:
- Ketyapsizmi?
- Ketyapman, ishim tugadi…
Anjomlarini saranjomlab boʻlgach, qarasaki, jajji hamyurti
piq-piq yigʻlamoqda…
Sassiz, titrab-titrab yigʻlamoqda. Uning koʻz yoshlari
xuddi vagonning toza oynalaridan suzilayotgan yomgʻir tomchilari misoli bir-biriga
urilib-surilib, tez-tez oqib tushmoqda edi.
- Yigʻlama! Qoʻy, yigʻlamagin!
Yamoqchi boshqa soʻz topolmadi. Buni eshitgan bola bor
ovozi bilan hoʻngrab yigʻlay boshladi. Qaytib turk tilida gapiradigan odam topolmasligini
bilgani uchun ham yigʻlardi.
- Yigʻlama, dedim senga! Yigʻlama!
Bu gaplarni aytayotib, uning koʻngli yumshadi,
toʻlib-toshdi. Oʻzini tutishga harakat qildi, ammo eplay olmadi. Koʻzlaridan
shashqator oqqan yoshlari soqollaridan oqib Arabiston choʻllarida toblangan
koʻksiga tomib, seskantirganini sezdi…
Turk
tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjima qildi
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder