17.02.2015

Abdurrahim Karakoch



                                                                                    
Atoqli turk shoirlaridan biri Abdurrahim Karakoch 1932-yilning aprelida Turkiyaning Qahramonmarash viloyatiga qarashli Elbiston tumanida tug‘ildi. Muallif ilk she’rlarini ikki kitob holida nashrga tayyorlaydi biroq she'rlari o'ziga yoqmay kitobini yoqib yuboradi. Keyinroq yozgan she’rlarini to‘plab "Hasanga maktublar" nomi bilan 1964-yilda nashr ettirdi. Bu kitob 10 000 nusxada nashr qilindi. To'plam tez orada qo'lma-qo'l bo'lib ketgach, ikkinchi nashri ham ayni tirajda chop qilindi. Shundan keyin shoir katma-ket 12 she’r kitobini she’riyat muxlislariga tuhfa qildi. 
Abdurrahim Karakoch 2012 yilning 7 iyunida Anqarada vafot etdi. 


Aytmadi dema

Qo‘rqaman, ehtimol, erta kech bo‘lar,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Dardmandlarga yo‘l qaramoq qiyindir, 
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.

Qor yog‘ar, qorlarda yo‘llar yurilmas,
Sellar yog‘ar daralardan o‘tilmas.
Kafolat yo‘q umr qancha bilinmas,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.

Jon qushi qafasda turmas, demishlar,
Qochgan qush qafasga qaytmas, demishlar.
So‘nggi pushaymonlik foydasiz, derlar,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.

***

Tog‘ bilan suhbat

Hech boshing og‘ridimi, charchadingmi hech?
Birovdan ranjidingmi, siqildingmi hech?
Sevdingmi, o‘pdingmi, sevildingmi hech?
Sog‘inch nimayu, nima emas, aytgin qani...

Quvonchni kim tortar, g‘amni kim o‘lchar?
Achchiq til yarosi qanchada bitar?
Kutmoq azob, ayriliq misli hanjar
G‘urbat nimayu, nima emas, aytgin qani...

O‘rmoning bor, bulog‘ing bor, toshing bor,
To‘rt faslda bulut sochli boshing bor.
Bilolmayman, qancha uzoq yoshing bor.
Muhlat nimayu, nima emas, ayt qani.

/Turk tilidan M.Yuldashev tarjimasi.

16.02.2015

Vaqt yaproqlari





Vyacheslav Li’dan...

Eslaysanmi,
qovoq gullarini…
Qamishlarga o‘rlagan?..
***

Yana qadim quduqdan
suv tortayotir ona
O, mening jarangdor xotiram!
***

Qorbo‘ron yanvarda
Va yana ketmoqda ota
xotiraning yo‘lakchasida…
***

Kuylayotgan ovoz kimniki ajab?
Shu qadar tanish,
mening hayotim uzra…
***

Titragan kaftimda
buloq ko‘z ochdi.
Va men ko‘rdim ajdodlarimni…
***

Kuzgi izg‘irin.
Qo‘lda piyola
Kaftda isitilgan.
***

Xonqizi
iyunning kaftida
O, tangrim, tangrim!..
***

Keksaygan kaftimni isitayapman
bolalikning kaftdekkina gulxanida.
O, mening kaftlarim!..
***

Betinim titraydi gulmohi
qaynoq qo‘limda!
O, yoshlik – umrim bahori!
***

Har tongda
Mo‘y qalam qo‘limda
Abadiyat oldidagi burch.
***

Parvoz qilgan turnalar
Ortga boqmoq istaydi:
Vatan qoldi-da ortda.
***

Biz bor edik u yerda,
Nayson ranglari aro.
Biz ichgandik u yerda...
***

Bahorning so‘nggi kuni
Yomg‘ir yog‘ar erinmay.
Soyabonsiz kezaman.
***

Oh, qani edi,
chiza olsam...
Kuzgi dala hidi!..
***

Kuzning bo‘g‘iq havosida
inja bir ovozni tuyaman.
Eh, bu mening yoshligim emasmi?!
***

Bahor haqli edi.
Men esa unga achinaman.
Bahor haqli edi...
***

Biz bulutmiz
bahor va qishlar uzra.
Biz bulutmiz...
***

OMONI* degan so‘zda
uch bo‘g‘in bor o‘lchovsiz.
Biri kechikkan saboq. 
***

Bir marta qanot qoq
Jazirama oldidan.
Satkat* eskiga yangi yamoq.
***

Derazadan ingan nur
Onalarning nigohi.
Ondol* - bolalik...
***

Bu bulutlar ostida
Biz hammamiz barobar -
Men va kermek* sukutda...

/M. Yuldashev tarjimasi.


 ---
*Omoni - ona; satkat - qamish qalpoq; ondol - isitladigan pol; kermek - egat.




15.02.2015

Sunay Akın



Shoir, nosir, jurnalist, tadqiqotchi va dramaturg Shukru Sunay Akın 1962-yilning 12-sentabrida Turkiyaning Trabzon viloyatiga qarashli Machka tumanida dunyoga keldi. Uning ilk she'riy kitobi 1989-yilda "Makiler" nomi bilan nashr qilindi. 1990-yilda shoirning "Antik Acılar, Kaza Süsü, 62 Tavşanı" nomli ikkinchi she'r kitobi nashrdan chiqdi. Sunay Akın she'riyat bilan birga nasr va dramaturgiyada ham asarlar yozdi. Uning asarlari bir qator e'tiborli mukofotlarga loyiq ko'rildi. Sunay Akın ma'lum muddat Marmara universitetida jurnalistikadan dars berdi va ilmiy faoliyat olib bordi. Hozirda shoir televideniyeda ommabop ko'rsatuvlar tayyorlash bilan mashg'ul.    



Sevmoq

Shift ostiga sig‘ingan
ko‘chmanchi qushlarning
qor zarralari orasida
tushgan oppoq parini ham
ko‘rabilmoq...
Mana shudir
Sevmoq!
***
Ona qush

Qovjiragan bir o‘t
kabi yashayapman
ko‘zlardan uzoq
yolg‘izoyoq yo‘lakning
bir chekkasida...

Yagona aybim
sop bo‘lmaganim
boltaning
qonli o‘yinlariga...

Ammo shunga qaramay
umid to‘la qalbim.
Balki bir ona qush
meni olib ketar
deya shoxdagi uyasiga...
***

Haykal

Faqat men bilaman
diktator haykallarini
kirlatmoq uchun
ko‘ch etganini
dunyodagi butun
qushlarning...


Shoirning boshqa she'rlarini quyidagi sahifadan o‘qishingiz mumkin: http://www.marufjonyuldashev.com


14.02.2015

"Valentin kuni" uchun sovg'a qidirganlarga...





"Erta tongda ko'ringan oy" ma'nosini bildiradigan "ariake" mumtoz yapon she'riyatida ishq-muhabbat ramzi hisoblanadi. Shu bilan birga ayriliq va visolni ham anglatadi. Tong otdi va oshiq ma'shuqadan ayrilish oni keldi. Quyosh chiqdi va yana yangi bir kunning intihosida oqshom bor, visol bor.
Oy birozdan keyin ko'zdan g'oyib bo'lishga mahkum. Endi ma'shuqa oshiqdan bambuk novdasiga o'ralgan dil izhorini - she'rni kutib yo'l boqadi. Bambuk novdasiga e'tibor bilan o'ralgan holda keladi kutilgan she'r. Ma'shuqa har bir so'zni qayta-qayta, ko'ziga surta-surta o'qigandan keyin qaylig'i ishlatgan ramzlardan yuragida hosil bo'lgan hislarini she'r shaklida qog'ozga to'kadi... 
Shahzoda Otsu va malika Ichikawa
Bemalol ko'rishib-uchrashishning imkoni bo'lmagan eski chog'larda oshiqlarning aloqa vositasi she'r edi, maktub edi.
Shahzoda Otsu kunlarning birida sevgilisi malika Ishikawaga bir she'r yozibdi. Bambuk novdasiga chiroyli qilib o'rabdi va malikaga yo'llabdi.

Shudring tomchilari,
O't-o'lanlar egilgan.
Quyoshni kutar...

Vujudim titrar
Tog' yo'li toyg'oq
Visoling kutib...

Malika Ishikawa she'rni o'qib javob yozibdi:

Shudringlar beshafqat,
O'tlar boshi xam.
Tong yaqin…

Shudring,
Borliqni qoplagan,
Tomchi bo’lsam…

Boshqa bir oshiq Sei Shonagon huzun to'la yuragini qog'ozga shu tarzda to'kadi:

Tark etilmoq yozug'im,
Tushunaman, tushunmaydi.
Ko'z yoshlarim…

14-Fevral “Valentin kuni”

Ha, bugun bu "kun"ning nima sababdan paydo bo'lgani ko'pchilikka ayon. Tijorat. 
Millionlab yosh-u qari sevgilisiga sovg'a olish payida tijorat maskanlariga yuguradi. Kim o'zarga boshlanadi savdo-sotiq ham. 
Ko'z-ko'z qilish uchun boshlanadi sovg'abozlik ham. Sevgiliga ko'rsatilgan e'tiborni sovg'aning qimmatiga qarab o'lchashlar boshlanadi yoshlar orasidagi suhbatlarda.
Siz yaxshisi bir she'r yozib sovg'a qiling. Menimcha, eng samimiysi shu bo'ladi. 
Ham she’r cho’ntakdan emas, dildan, ko’ngildan chiqadi. To'g'ri, hammada ham she’r yozish qobiliyati mavjud emas. 
Menda bo’lgani kabi. Kitoblardan qidira boshlayman she'r kerak bo'lganda: Navoiydan, Boburdan, Cho’lpondan…
Biroq bugun so’zni yapon she’riyati bilan boshladik, shunday ekan yapon she’riyatiga xos “xayku”lar bilan yakun yasaylik.

Matsuo Bashodan xaykular:


Ko'lmakka,

Qurbaqa sakrar.
Suvning sasi...

***

Yoz o'tlari,
Jangchilar.
Xayol kabi...

***

Sassizlik,
Qoyalar ortiga yoyilmoqda.
Chirildoqlar ovozi...

***

To'lin oy,
Qanchalar uzoqlashdim.
Ortda qoldi ko'k…




Uyg‘ur xalq termalaridan…



Dard nima chekkan bilar,
Og'riq nima tortgan bilar.
Yor qadrini yor bilar,
Oltin qadrini zargar.

Oqqina ko'ylak kiyibdi,
Qipqizil gullar taqib.
Yori yo'qmi shu juvonning
O'ldirdi qoshin qoqib.


***

Gulsafsar gulini ko‘ring,
Bargi yomon qayrilibdi.
Bevafo yorni ko‘ring,
O‘lmay turib ayrilibdi.

Kechalab tomni teshib,
Yalang oyoq suvlar kechib,
Seni deb kelmadikimi,
Burungi yorlardan deb?!

***

Bog‘chalar ey bog‘chalar,
Gullar ochilgan bog‘chalar.
Siz yorimga quloq soling,
Bizga atab aytur lapar.

Qo‘shiqni aytgan bilan,
Qo‘shiqning qazosi yo‘q.
Yor yiroqqa ketgali,
Yuragingda mador yo‘q.

Çin Vang hojamning bergani,
Mushtdekkina nimchiliq toy.
Bersa kattarog'in bersin
Ko‘z-ko‘z qilib bir o‘ynatay.

***

G‘ichchagingning dastasi, jonim-ey, jonim,
O‘rdak boshi, kaklik qushi, Zubaydaxon, ayla.
Yangi yor topgan kishi, jonim-ey, jonim,
Ko‘z ishqi ko‘ngil xushi, Zubaydaxon, ayla.

***

Qaraganga ko’rinmaydi,
Soyning qorasi.
Ikki juvon chiqib keldi,
Bizning yor qaysi?

Havo salqin, bulutmikan,
Yomg’ir tomchilar.
Yorning qo’yni jannat ekan,
Ko’nglim talpinar.

Qayrilmaqosh shu yorimning,
Nashvati bog‘i bor.
Yorib ko‘rsam yurakkinamni,
Kuygan dog‘i bor.

***

Ichdi derlar, ichdi derlar,
Ichmaganlar qayda bor?
Yaxshilar tutsa araq,
Ichsa yurakka foyda bor.

Ichsam sharob-ey, sharob,
Yor oldida holim xarob.
Kechasi kelmas uyqum,
Sahar turib yo'lga qarab.

***

Na gunohim bor edi,
Yor ayladi yor ayladi.
Hech ishim ma'lum emas,
Qolg‘on ishim yor ayladi.

Rangorang gullar ochilsa,
To bahordan kuzgacha.
Har kishi yorimni ko‘rsa,
Unutolmas o‘lgunicha.



Uyg‘ur tilidan Marufjon Yuldashev tarjimasi.

Modomiki, biroz qo‘shiq dedik, endi uyg‘ur tilida bir qo‘shiq tinglaylik.







13.02.2015

Toshbaqa tarbiyachisi



Usmon Hamdi Bey (1842-1910) tomonidan chizilgan "Toshbaqa tarbiyachisi" nomli asar turk tasviriy san'atining bebaho namunalaridan biri hisoblanadi.
Rassom bu asardan ikki nusxa (1906 va 1907) chizgan. (Quyida har ikki nusxa ham berildi.)
Usmon Hamdi bey hayotining 12 yilini Parijda o‘tkazgan. U yerda arxeologiya, tasviriy san'at, muzeyshunoslik, huquqshunoslik kabi sohalardan ta'lim olgan.
Usmon Hamdi Bey faqat rassomgina emas, o‘z zamonasining ilg‘or fikrli ma'rifatparvar ziyolilaridan biri bo‘lgan.
Rassom bu asari bilan nima demoqchi? Nima uchun aynan toshbaqalarni chizgan?
Toshbaqani ham tarbiya qiladimi? Nima uchun tarbiya qiladi? kabi savollar haligacha san'atsevarlar tomonidan muhokama qilib kelinadi.
Rassom bu asar ilhomini "Tour du Monde" jurnalining 1869-yildagi sonida chop qilingan bir asardan olgan. Bu asar Fransuz rassom L.Crepon tomonidan yapon miniatyurasidan ilhomlanib chizilgan "Charmeur de tortues" (Toshbaqa tarbiyachisi) nomli gravyura hisoblanadi.  
Rasm haqida tahlilchilar turli qarashlarini ilgari surib kelishadi. Kimdir, tarbiyachi Yevropani, toshbaqa Usmonlilar davlatini bildiradi desa, kimdir, sabr-bardoshni ko‘rsatmoqchi deb izohlaydi. Xatto "sohilda  toshbaqalar ustiga sham yoqib tomosha ko‘rsatish urf bo‘lgan, shu tomosha uchun toshbaqa tarbiya qilingan, rassom shuni chizgan" degan fikrlar ham bor. Biroq bular shunchaki shaxsiy fikrlar.
Kengroq ma'lumot uchun: http://tr.wikipedia.org/wiki/Kaplumba%C4%9Fa_Terbiyecisi





Farzand har qanday fidokorlikka arziydi...



Mening dadam dunyodagi eng yaxshi dada. 

Mening dadam hammadan zo‘r.
Juda aqlli.
Hammadan aqlli!
Madaniyatli.
U mening super qahramonim.
Dadam maktabda a'lo baholarga o‘qishimni xohlaydi.
Dadam juda yaxshi inson, biroq...
U yolg‘on gapiradi.
Kasbi haqidagi gaplari yolg‘on.
Pulim bor degani yolg‘on.
Charchamadim deya yolg‘on gapiradi.
Och emsaman degani yolg‘on.
Hamma narsaga pulimiz yetadi deb yolg‘on aytadi.
Hamma narsani sotib olaolishimiz mumkinligi haqida yolg‘on gapiradi.
Baxtiyorligi haqida yolg‘on so‘zlaydi.
Yolg‘on gapiradi.
Men tufayli...
Biroq men dadamni yaxshi ko‘raman.

(Videodagi matn tarjimasi: https://www.youtube.com/watch?v=Ct52zRe-ajg)