14.02.2015

Uyg‘ur xalq termalaridan…



Dard nima chekkan bilar,
Og'riq nima tortgan bilar.
Yor qadrini yor bilar,
Oltin qadrini zargar.

Oqqina ko'ylak kiyibdi,
Qipqizil gullar taqib.
Yori yo'qmi shu juvonning
O'ldirdi qoshin qoqib.


***

Gulsafsar gulini ko‘ring,
Bargi yomon qayrilibdi.
Bevafo yorni ko‘ring,
O‘lmay turib ayrilibdi.

Kechalab tomni teshib,
Yalang oyoq suvlar kechib,
Seni deb kelmadikimi,
Burungi yorlardan deb?!

***

Bog‘chalar ey bog‘chalar,
Gullar ochilgan bog‘chalar.
Siz yorimga quloq soling,
Bizga atab aytur lapar.

Qo‘shiqni aytgan bilan,
Qo‘shiqning qazosi yo‘q.
Yor yiroqqa ketgali,
Yuragingda mador yo‘q.

Çin Vang hojamning bergani,
Mushtdekkina nimchiliq toy.
Bersa kattarog'in bersin
Ko‘z-ko‘z qilib bir o‘ynatay.

***

G‘ichchagingning dastasi, jonim-ey, jonim,
O‘rdak boshi, kaklik qushi, Zubaydaxon, ayla.
Yangi yor topgan kishi, jonim-ey, jonim,
Ko‘z ishqi ko‘ngil xushi, Zubaydaxon, ayla.

***

Qaraganga ko’rinmaydi,
Soyning qorasi.
Ikki juvon chiqib keldi,
Bizning yor qaysi?

Havo salqin, bulutmikan,
Yomg’ir tomchilar.
Yorning qo’yni jannat ekan,
Ko’nglim talpinar.

Qayrilmaqosh shu yorimning,
Nashvati bog‘i bor.
Yorib ko‘rsam yurakkinamni,
Kuygan dog‘i bor.

***

Ichdi derlar, ichdi derlar,
Ichmaganlar qayda bor?
Yaxshilar tutsa araq,
Ichsa yurakka foyda bor.

Ichsam sharob-ey, sharob,
Yor oldida holim xarob.
Kechasi kelmas uyqum,
Sahar turib yo'lga qarab.

***

Na gunohim bor edi,
Yor ayladi yor ayladi.
Hech ishim ma'lum emas,
Qolg‘on ishim yor ayladi.

Rangorang gullar ochilsa,
To bahordan kuzgacha.
Har kishi yorimni ko‘rsa,
Unutolmas o‘lgunicha.



Uyg‘ur tilidan Marufjon Yuldashev tarjimasi.

Modomiki, biroz qo‘shiq dedik, endi uyg‘ur tilida bir qo‘shiq tinglaylik.







2 yorum:

  1. Қўшиқ жуда яхши экан, кичкиналигим, болалигим эсимга тушди негадир мусиқа узоқларга олиб кетаркан... Гавҳар бн шунга ўхшаш қўшиқлар айтиб юрардик мен рубоб чалардим..

    YanıtlaSil
  2. Уйғур халқ қўшиқлари ўзига хос майин оҳанги билан ажралиб туради. Сўзларига келсак, биласиз, ўзимизнинг терма ва лапарлар билан бир хил...

    YanıtlaSil