FARGʻONANING YOʻLLARIDA…
(Hikoya)
Muhammadrahim aka bugun
pitakka har qachongidan ham ertaroq chiqdi. Yangiqoʻrgʻon avtovakzaliga tutash
taksi pitagiga yetib kelganida farrosh ayol endigina ishni boshlagan ekan. “Hali
tong oqarmasdan mushtdekkina oʻgʻlini ham uygʻotib sheriklikka olib chiqibdi. Bu
bola nari borsa 9-10 yoshlar bordir, yoʻqsa undan ham kichik chiqar” - deb
qoʻydi oʻzicha tusmollab. “E, qoyil-e, malades bola ekan. Haqiqiy oʻgʻil bola
shunaqa boʻlishi kerak-da!”
Muhammadrahim mashinasini
mijozlar koʻp toʻplanadigan joyga qulay qilib toʻgʻriladi. Bugun Toyir qoradan
oldinroq chiqib bu joyni band qilganiga ich-ichidan xursand edi. “Xudoni bergan
kuni “qoratappak” shu joyga turvoladi, xuddi enasini mahriga tushganday, bugun
quruq qoldi joyidan, kelganda afti qanday burishishini bir koʻrarkanman-da!” -
deb kulib qoʻydi mashinasining yon oynasiga qarab.
Mashinasining eshigini ochib
vokzal xududini supurayotgan farroshni kuzata boshladi. “Bu orqa mahallalik
Sobir ezmani bollari.” - xayolidan oʻtkazdi. Sobir ezma choyxonalarda hech
kimga gap bermay sayrab oʻtiradi. Unga tekin quloq boʻlsa bas, oʻzini tomdan
tashlashga tayyor. Xotini boʻlsa sahar mardondan Xudoyorxonni arkiday keladigan
vokzalni supurib suv sepib chiqadi, baraka topgur. Shu bolasini yetalamay, ezma
erini olib chiqsa boʻmasmikan, xayronman… Bechorani ishi bu bilan ham bitib
qolmaydi. Kunduzi to qosh qorayguncha vokzalda turib somsa sotadi” - deya
xayolidan oʻtkazdi.
“Eng yomoni bolasini
sudraganiga jahlim chiqdi. Bolada nima ayb, ayni toʻyib uxlashi kerak boʻlgan
payt-ku hozir. Bu yoshida toʻyib uxlamasa, ertaga pachaq boʻlib qoladi-yu,
oʻsmay qolad-yu vey… Mana bizni Sotvoldi 15 yoshni urib qoʻydi, boʻyi mendan
oshganiga ancha boʻldi. Ha demay boshini ikkita qilishimiz kerak. Lekin bolapaqir
gʻirt dangasa boʻldi-da, kimga tortkaniykan bu oʻzi, xayronman. U hozir
yettinchi tushini koʻrayotgan boʻlsa kerak. Ha mayli-da joni sogʻ boʻlsin, biz
axir shularni deb yuribmiz-ku…”
Muhammadrahim qoʻliga dokani
olib mashina oynasini artgan boʻldi. Uydan chiqishda artgan, oynasi top toza
boʻlsa ham haydovchilik odati, boʻsh qoldi deguncha bir bor oynani artib
qoʻymasa koʻngli joyiga tushmaydi. Tong yorishib koʻchada odamlar qatnovi orta
boshladi. Toyir qora koʻrinmaydi-ya deganday qilib yoʻlga qarab qoʻydi. Kecha
Fargʻona vokzalidagi doʻkondan sotib olgan gazetasini varaqlay boshladi. “Oʻqishga
arzigulik hech nima ham yoʻq ekan” deb qoydi ensasi qotib. Shunday boʻlsa-da
gazetaning soʻnggi sahifasidagi sarlavhalarga koʻz yugurtib chiqdi. “Fargʻoniy
Fargʻonaga qaytmoqda” degan sarlavha e’tiborini tortdi. “E, qaytsa
qaytavermaydimi, shuyam xabar boʻldimi”- deb mingʻirlagancha boshqa
sarlavhalarni oʻqiy ketdi. “Odamlarga xayronsan, katta shoir boʻlaman deb
Toshkandi azimga ketvolishatta, eplolmagandan keyin familasiga “-iy” ni qʻshib
orqaga qaytishadi. Nimeymish, Fargʻoniymish. Familasini oʻzgartgan minan hamma
Navoyi boʻp qolorsayakan?! E, oʻrgildim nayrangvozlardan…”
Kelib toʻxtagan mashina
ovozidan Toyir qora ekanligini bildi. Atayin gazeta varaqlashda davom etdi.
Toyir qora mashinasidan tushib unga yaqinlashdi.
- Iye, Mamareyim aka,
tinchlikmi, soʻpi azon aytmasdan kevopsiz, yo kecha shu yerda qoganmidingiz?
- Assalomu alaykum, Toyir
boy! Kesatib salom bergan boʻldi, oʻzicha. Juda ajoyib urf odatlarimiz bor-u
koʻp ham amal qilavermaymiz-da, uka. Mana qarang, erta tongda bir-biringizga
salom beringlar. Salomda hikmat koʻp deyishadi ota-buvalarimiz.
- Uzr aka, ha endi salom
beramiz-da qochib ketayaotagnimiz yoʻgʻu, ja endi yerga urvormang-da, aka.
- Salomingni pishirib ye,
uka. Meni otam qoʻygan ismim bor. Muhammadrahim degan. Uqdingmi? Mamareyimmas.
Oʻshanga jahlim chiqdi.
- Ha endi tushundim,
Mamareyim aka, shunaqa demeysizmi boshdan… Oʻziyam ikki seriyali ekan-da
ismingiz. Boshdan oxirigacha aytguncha kech kirib tong ham otib boʻladi-yu,
Mamareyim aka. Qolaversa, siz ham meni otaginam qoʻygan ismimni pachagʻini
chiqarib aytyapsiz-u, akam. Men indamadim-a, bilib qoʻying shuni.
- Men seni ismingni toʻliq
aytdim, agar qulogʻing uzilib tushmagan boʻlsa eshitarding, hatto Toyir boy deb
aytdim.
- Ha, xuddi shu yerda xatoni
kattasini qildingiz, Mamreyim aka.
- Qanaqa xato ekan, isming
bilan andarmon boʻlgur?!
- Mehribon otaginam meni pok
inson boʻlsinlar deb Tohir deb qoʻygan ekanlar. Bilmasangiz bilib oling. Tohir
top toza degan ekan. Xatto tugʻilganimda ham top toza boʻlgan ekanman onaginam
shunaqa deganlar. Siz boʻsa Toyir deyapsiz. Toyir uchuvchi degani ekan arab
tilida.
- Yoʻgʻeee, hali arab
tiliniyam bilaman deng? Tahorat nima bilmaydigan odam arab tilidan dars
bermoqchi tavba. Toptozaymish, qop-qora boʻlgan boʻsang keragov, Toyirboy?
Boʻmasa, xalq bekorga qora demasdi. Ha, aytgancha oʻzing oppoq yigitsan-u nega
laqabing qora? Yo iching qora-mi?
- Eee uni aytganimminan siz
tushunmaysiz, aka. Bu soʻzni ma’nosini chaqishingiz uchun siz qaytadan dunyoga
kelishingiz kerak.
- Xoy, uka ogʻzingga erk
beraverma, kuningni koʻrsatib qoʻyaman hozir.
- Ana, laqabingizga juda mos
gapni aytdingiz. Sizga qoʻyilgan laqabni ma’nosini tushunish uchun 10 yil
maktabda oʻqish shart emas, aka.
- Xoʻsh, nima ekan laqabim?
Ayt, biz ham bilib qoʻyayk.
- Bilmasangiz bilib qoʻying.
Xalq sizi Mamareyim tajang deydi.
- Obbo, qaysi zangʻar menga
shunaqa laqab qoʻydi. Ayt, onasini uchqoʻrgʻondan koʻrsatib qoʻyaman.
- Sizi hech kim
Mu-ham-mad-ra-him deb aytmaydi ovora boʻmang. Hamma tajang deydi, otingiz ham
kerakmas, pamilangiz ham. Tajang desa Yangiqoʻrgʻonda bitta odam tushuniladi. U
ham boʻlsa siz, aka.
- Vey nimaga men tajang
boʻlarkanman? Qaysi betamizni arpasini xom oʻribman?!
- Aka, xalqimizni bilassu,
arpasini xom oʻrasmi, pishgan oʻrasmi, ularga baribir. Avliyo boʻlsangiz ham
laqab qoʻymasa koʻngillari joyiga tushmaydi. Bunga xafa boʻlish kerakmas,
qaytangga xursand boʻling. El sizni odam sanab laqab qoʻyganiga. Belaqab oʻtgandan
xudo saqlasin, aka. Mana bizdi laqab ham qora, lekin koʻrib turganingizday
oppoq yigitmiz. Oilada hech kim qoramas. Bu laqab buvamlarni aytishi boʻyicha
yetti urugʻimizdan beri bor ekan. Poshshoning ishonchli odamlari boʻlishgan
ekan-da.
- Poshshoning ishonchli
odamlari qora xalq boʻladi. Faqir-fuqaro boʻladi. Yetti pushting faqir oʻtgan
ekan-da unda? Ha, mayli, uka, papirosdan ol, ertalabdan asabni rasvosini
chiqarding.
- Mamareyim aka, anavi
kelayotgan studentlar Fargʻonada oʻqishadi. Bittasi Mingvoy naynovning
nevarasi, İsmeyil nogʻorachini qizi, yonidagi dugonasi boʻlsa kerak. Anavi
yigit oʻzimizni Sattorxon obqocharni oʻgʻli. Taniysiz-a? Fargʻonada katta
oʻqishda oʻqiydi. Boʻladigan bola.
Toyir qora gapini
tugatmasidan uzun boʻyli, shaharlik yigitlarday bejirim kiyingan, sochini qabartib
taragan yigit yetib keldi-yu, salom alikni ham unutib “Fargʻonaga uch kishi”
dedi. Toyir qora:
- İbrohim, qalaysan, uka?
Ahvollaring yaxshimi? Oʻqishlar qalay, bitay deb qoldimi?- deb hol soʻragan
boʻldi.
- Rahmat, Tohirjon aka.
Hammasi joyida, bugun oxirgi davlat imtihonimiz boʻladi. Shunga ertaroq
chiqqandik.
- İye, shunaqa deng… Ha, ikki
soatga qolmay shaharga oborib qoʻyamiz, uka, chiqinglar. Mamareyim aka, boʻling
mashinani yurgizing. Studentlar imtihonga shoshilishayotgan ekan.
- Qani oʻtiringlar, bolalar,
darrov ketamiz. - dedi Muhammadrahim aka mashina eshiklarini ochib.
Qizlar orqa oʻrindiqqa, yigit
esa haydovchining yoniga oʻtirdi.
- Shopir aka, iloji boricha
tezroq haydasangiz, bugun imtihonimiz bor edi.
- Xudo xohlasa, ukam, ikki
soatga qolmay oborib qoʻyaman. Yoʻllar yaxshi. İshqilib melisaga tutilmasak
boʻlgani.
Yigit haydovchining dimogʻida
aytgan soʻnggi gaplarini eshitmadi, yoki quloq solishni ep bilmadi. Orqa
oʻrindiqdagi qizlarga qarab:
- Zari, Mumtoz
Odinayevichning “Vodiy”dagi maqolasini oʻqiyolmadik-a… Agar imtihonda shu
maqoladan savol berib qolsalar, bormi!
- Xudo saqlasin deb gapir,
İbosh. - deb koʻzlarini pirpiratdi Zarifa.
- Nazo, senga baribir-a, suv
toshsa toʻpigʻingga chiqmaydi.
Daftarlarini varaqlab
ma’ruzlarga koʻz yugurtib oʻtirgan Nazokat Ibrohimga qarab: - Endi, oʻqiganing
bilan kallangga kirmaydi. Yaxshisi oʻzingni xotirjam tutishga harakat qil.
Qancha xayajonlansang, oʻqiganlaringni shuncha chalkashtirib yuborasan.
Psixologlar shunqa tavsiya qilishadi.- dedi mashhur kinofilmdagi qahramon
ovoziga taqlid qilib.
- Oʻsha psixologlaring Mumtoz
Odinayevichni bilishmaydi-da, - deb kuldi Ibrohim ayni kinofilimdagi boshqa bir
qahramon ovoziga taqlid qilib.
Zarifa “qizlarning aytishicha,
maqola kattagina lekin juda zoʻr yozilganmish” - deya qoʻshimcha qildi. İbrohim
bu gapni tasdiqlagan boʻldi:
- Ha, Odinayevich haqiqatan
ham qalami oʻtkir olim. Maqolalarida shunaqanggi metaforalarni qoʻllaydilar-ki,
uncha muncha yozuvchi ham bunaqa yozolmaydi. Ayniqsa maqolalariga original
sarlavhalar qoʻyishiga qoyil qolaman. Sarlavhani oʻqib, maqolaga qiziqmagan
odam boʻlmasa kerak. Agar shunday odam boʻlsa gʻirt toʻnka boʻladi, boshqacha
boʻlishi mumkin emas.
Qizlar baravariga kulishdi:
“Xatto chirigan toʻnka desang toʻgʻri boʻladi unaqa odamlarni, Ibosh.”
Muhammadrahim aka yoshlarning
suhbatiga e’tibor bermayotgandey koʻrinishga harakat qilgani bilan ularning
gap-soʻzlariga quloq osib borardi. Ayniqsa bir birlarining ismlarini qisqartib ajabtovur
ohangda talaffuz qilishlaridan ensasi qotib borardi. Sarlavhani oʻqib maqola
haqida xulosa chiqarish odati koʻpchilik qatori Muhammadrahim akada ham bor
edi. Shuning uchun Ibrohimning gapidan jahli chiqdi va ichida “obbo olifta-yey”
deb qoʻydi. Kecha olgan gazetasi yodiga tushib, oʻrtaga savol tashladi:
- “Oltin Vodiy”ning kechagi
soni haqida gapiryapsizlarmi?
- Ha, shu gazetaning kechagi
sonida bir muhim maqola berilgan. Bizni juda qattiqqoʻl domlamiz yozgan u
maqolani. “Fargʻoniy Fargʻonaga qaytmoqda” degan maqola.
- Ha, ha, shunaqa maqola
boriydi…
- Oʻqiganmidingiz?
- Hmmm, ha, ha albatta.
Hammasidan ham sarlavhasiga gap yoʻgʻakanda, uka. Domlang sindirib qoʻyibdi,
oʻziyam sarlavhani.
- Ha, aytmadimmi, qalami
oʻtkir deb. Maqolani mazmuni haqida gapirib berolmaysizmi?
- Ha, a… yogʻeey, men… - deya
kalovlandi Muhammadrahim aka. - Aytgancha bardachokni och, oʻsha yerga
qoʻygandim.
Ibrohim qutichadagi gazetalar
ichidan “Oltin Vodiy”ning kechagi sonini ajratdi. Shosha-pisha oʻsha maqolani
qidirdi.
- Ha, mana oʻsha maqola,
aynan Odinayevichniki.
- Muncha yaxshi, manzilga
yetguncha bir koʻz yugurtib olsak boʻldi. Asosiy fikrlarini bilib olsak
qolganini oʻzimiz ulab ketaveramiz. - dedi Zarifa xursandligidan koʻzlari
yonib. Ibrohim maqola haqida ma’lumot berishda davom etdi:
- Demaaak, maqola rosa bizbop
qilib boʻlim-boʻlim qilib yozilgan ekan. Kirishda Ahmad al Farʻoniyning
bolaligi haqida yozibdilar. Uzun gapning qisqasi shunday ekan: Abul Abbos Ahmad
ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg’oniy goʻzal Farg’onamizda 798-yilda tug’ilgan
ekanlar. Vafoti 861-yil ekan. Ya’ni 63 yoshlarida olamdan oʻtgan ekanlar. Boshlangʻich
ta’limni shu yerda olibdilar. Ahmad al-Fargʻoniy voyaga yetganlarida oʻsha
davrning ilmiy markazi hisoblangan Bagʻdod shahridagi “Bayt al-hikma” nomi
bilan dunyoga mashhur akademiyada oʻqishini davom ettiribdilar. Talabalik
yillarida falakiyot ilmiga boʻlgan qiziqishi va olib borgan izlanishlari
tufayli ustozlari nazariga tushibdi. Yosh olim bu akademiyada qolib jiddiy
ilmiy tadqiqotlar olib boribdi. Bu ilm makonida al-Farg’oniy boshqa atoqli
olimlar, jumladan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy bilan birgalikda xizmat qilgan
ekan.”
Ibrohim shu yerga yetganda
Odinayevich taqlidan “Xoʻoʻoʻoʻsh, bu masala tushunarlimi? ” dedi va qoʻshib
qoʻydi: “Tushunganlar tushunmaganlarga tushuntirib bersin, men esa davom
etaman.” Bu luqma ham Odinayevichga tegishli edi. Qizlar baralla kulishdi.
Ibrohim haydovchiga qarab oldi. Haydovchi oʻz xayollari bilan band, yoshlarga
e’tibor bermasdan yoʻlida davom etardi. Ibrohim:
- Qizlar bu yerda olimning
akademiyadagi faoliyati haqida ancha gap bor ekan, lekin bizdan domla bularni
soʻramasalar kerak. Yaxshisi olimning qanday asarlari borligini bilib olaylik.
Bularni yodda saqlash qiyin, chunki arabcha uzundan-uzoq nomlar. Shuning uchun
asarlarini oʻqib boʻlganimdan keyin ikkovingizdan soʻrayman takrorlab berasiz.
Ibrohim qizlarning roziligini
olgach oʻqishda davom etdi.
“Kitob fiy harakat
as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum” ya’ni astronomiya ilmi asoslariga
bagʻishlangan “Samoviy harakatlar va umumiy astronomiya” deb nomlangan asari. Olimning
bu asari hozirga qadar falakiyotshunoslarning eng moʻtabar kitobi hisoblanar
ekan. Maqolada aytilishicha risolaning asl qoʻlyozmalari matni bir xil boʻlsa
ham turli nomlar ostida tarqalgan ekan. Bular: “Al-Majistiyga bag’ishlangan
falakiyot risolasi”, “Falak sferalari sababiyati”, “Al-Majistiy haqida”, “Ilm
al-hay’a” deb atalgan qoʻlyozmalar ekan. Bundan tashqari olimning “Kitob
al-komil fiy san’a al-asturlob” (“Usturlob yasash haqida kitob”) deb atalgan
noyob asari ham saqlangan ekan.
Ibrohim qizlarga qarab:
“Qani, kimdan boshlaymiz? Zari, sen boshlay qol, olimning qanday asarlari bor
ekan?”
- Arabchasi esimda qolmadi,
lekin oʻzbekchasini aytaman: “Samoviy harakatlar va umumiy astronomiya”. Bu
asar farqli nomlar bilan kunimizgacha yetib kelgan ekan. Boshqa nomlarni esimda
olib qololmadim. Lekin bu asar hozirgacha oʻz ilmiy qimmatini yoʻqotmagan ekan.
Ikkınchi yirik asari usturlob yasash haqida ekan.
Ibrohim “yaxshi, mayli oʻsha
farqli nomlarni keyinroq yana qaytaramiz, hozircha boʻladi. Navbat seniki endi”
deb Nazokatga qaradi. Nazokatning: “- Boʻldi, esimda qoldi, vaqtni yoʻqotmay
davom etaveraylik”,-deyishiga qaramasdan Ibrohim uning javob berishini kutib
turdi. Nazokat “Birinchisi Samoviy harakatlar haqida, ikkinchisi usturlob
yasash haqida” deb qisqa javob bergan boʻldi. Ibrohim:
- Farqli nomlardan nechtasi
yodingda qoldi?
- Bittasi, “Al-Majistiy
haqida” degani.
- Unda qolganlarini ham
takrorlab olaylik: “Al-Majistiyga bag’ishlangan falakiyot risolasi”,
“Al-Majistiy haqida”, “Falak sferalari sababiyati”, “Ilm al-hay’a”.
Qizlar Ibrohim joʻrligida
asar nomlarini bir-ikki takrorlagan boʻlishdi. Haydovchi yoshlarning bu
tarzdagi suhbatidan boshi gʻovlasa ham bildirmas, bir tarafdan yoshlarning
oʻqishga boʻlgan jidd-u jahdi haqida oʻylasa, bir yoqdan ulugʻ vatandoshi
haqida oʻylay boshladi. Oʻzidan uyaldi, bu olim haqida avval sira eshitmagan yo
oʻqimagan ekan ekan. “Kaftdekkina Fargʻonamiz nomini dunyoga to eski
zamonlardan beri oʻz ismi va asarlari bilan tanitib kelgan ekan-u biz bilmagan
ekanmiz…” - deb qoʻydi.
Ibrohim maqolani oʻqishda
davom etardi. Zarur oʻrinlarini alohida-alohida ta’kidlar va qizlarga
takrorlatar edi.
“Al-Farg’oniyning
qoʻlyozmalari Angliya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Rossiya, Fransiya, Germaniya,
Hindiston, Misr, Eron, Marokash va boshqa bir qancha mamlakatlarning ilmiy
kutubxonalarida hozirga qadar saqlanib kelmoqda. Al-Fargʻoniy kitoblari XII
asrdan XXI asrgacha lotin, italyan, fransuz, nemis, ingliz, ibroniy, ispan,
arab, fors tillarida dunyoning koʻplab mamlakatlarida uzluksiz nashr etib
kelingan.”
- Bu yergacha tushunarli-a?
Qaytarishga hojat yoʻq. Faqat shu ma’lumot juda muhim. Ibrohim maqoladagi oʻzi
muhim deb bilgan joylarni yana daona-dona qilib oʻqiy boshladi: “Nil daryosi
Misr xalqining hayot manbasidir. Misrda qadimdan dehqonchilik rivojlangan.
Tabiiy iqlimning nobopligi yoxud qurgʻoqchilik tufayli koʻpincha Nilning sathi
tushib ketardi. Dehqonlar esa hosil soligʻini bir xilda toʻlashga majbur
edilar. Qurgʻoqchilik yillari bunday soliq dehqonlarning xonavayron boʻlishiga
sabab boʻlardi. Xalqning shikoyati va isyonlaridan bezgan hokimlar buning
chorasini izlay boshlaganlar. Ahmad al-Fargʻoniy oʻzi ixtiro qilgan suv sathini
oʻlchash qurilmasi “Miqyos-i Nil”ni hukmdorga tavsiya qiladi. Bu qurilma tezlik
bilan Nil sohiliga barpo qilinadi. Bu qurilma suvning koʻtarilishi va
pasayishini kuzatish imkonini bergan. Bu kuzatish asosida dehqonchilikning yil
boʻyi qanday boʻlganligini qayd etish mumkin boʻlgan. Agar Nil daryosida
sugʻorish mavsumida suv sathi faqat 12 tirsakkacha koʻtarilsa, dehqonchilikda
hosil mutlaqo boʻlmay, mamlakatda ocharchilik boshlangan; suv sathi 13 tirsakda
boʻlganida bugʻdoy hosil bermagan; 14 tirsak balandligida esa oʻrtacha hosil
yetishtirilganligi qayd etilgan; 15 tirsakda ekinlar yaxshi hosilga kirgan; 16
tirsakda esa hosil nihoyatda koʻp boʻlib, mamlakatda obodonchilik boshlangan.
Xullas, Nil daryosi oqimidagi mavsumiy oʻzgarishlar va ularning harakati muntazam
kuzatilib borilgan.”
Shu joyga yetganida Zarifa
“e, qoyil, oʻz davri uchun beqiyos kashfiyot” deb qoʻydi. Nazokat ham
ma’qullagan boʻldi: “Demak, misr xalqining iqtisodiy tizimini yoʻlga solgan
kishi bizning bobomiz ekan-da. Soliq tizimidagi adolat tarozisi desa ham boʻlar
ekan oʻsha qurilmani. Misr dehqonlarning mamnuniyati koʻz oldimda gavdalandi,
birdan… Olgan hosiliga qarab soliq toʻlaydi. Bu juda zoʻr kashfiyot boʻlgan
ekan. Hozir ham bormikan-a oʻsha qurilma?”
Ibrohim xuddi borib koʻrib
kelganday tavsiflay ketdi:
- Ha, “Miqyos-i Nil” bugungi
kunda ham faoliyatini davom ettirayotgan ekan. Yaqinda bir guruh oʻzbek
olimlari borib ziyorat qilishibdi. Bu haqda alohida koʻrsatuv ham
tayyorlashibdi.
Muhammadrahim akaning ikki
koʻzi yoʻlda boʻlsa ham qulogʻi “ilmiy suhbat”da edi. “Vey, qoyil qolmaslikning
iloji yoʻgʻ-a, oʻzimizning Fargʻonadan to Misrga borib oʻsha yerdagi
muammolarni hal qilib bergan boʻlsa… Ha, oʻsha suv oʻlchagichni oʻzimizda qursa
boʻlmasmidi, diyman-da, oʻsha paytlarda bizda ham Sirdaryo boʻlgandir, Amudaryo
oqqandir, toʻgʻrimi? Bu yerdagi dehqonlarga oʻsha paytda ham soliq solingan
boʻlsa kerak… Yo bizda oʻta adolatli boʻlganmikin oʻsha paytlarda? Ha mayli,
lekin barbir qoyil qolish kerak… ” deb suhbatga aralashganini bilmay qoldi.
Yoshlar haydovchining bu gaplariga baralla kulish bilan javob bergan boʻlishdi.
Yoshlarning tabassumidan ilhomlanib Muhammadrahim aka: “Endi, omadi gap-da, bir
latifa aytib beray sizlarga, hadeb oʻqiyversangiz ham boshingiz achib ketadi.
Bugun imtixon ekan biroz kallani dam oldirish kerak.”-deb latifasini boshladi:
- Bir kishi oʻqituvchining
yoniga kelib Marksning “Kapital” asarini necha kunda oʻqishini soʻrabdi.
Oʻqituvchi 2 oyda oʻqib tugataman debdi. Doktordan soʻrasa, 4 oyda oʻqiyman
debdi. Muhandisdan soʻrasa, 6 oyda oʻqisam kerak debdi. Talabadan soʻrasa,
oʻylanib oʻtirmay “Qachon imtixon?” degan ekan.
Yoshlar yayrab kulishdi.
Ibrohim gap qotdi:
- Qoyil, agar ertaga imtixon
desa, bir kunda oʻqib bitirar ekan-da…
- Ha, sizlarni imtixonga
tayyorlanishingizni koʻrib shunday boʻlishiga avval ishonmasam ham, endi
ishonadigan boʻldim, deb kulib qoʻydi Muhammadrahim aka.
Mashina Oltiariqning ishkomli
koʻchalaridan yeldek uchib borardi. “Oltiariqliklarni koʻnglida guli bor
odamlar deb aytsa boʻladi-da. Har bir xovlining kirishi-yu ariqlarining ikki
yogʻiga anvoyi gullar ekilgan. İshkomlarini-yu honim barmoq uzumlarini
aytamaysizmi? Bu xalq chumoliga oʻxshab tinim bilmaydi. Bodringning ham,
uzumning ham eng zoʻrini shu oltiariqliklar yetishtirishadi. Muhammadrahim aka
Fargʻonaning bu soʻlim qishlogʻidan har gal oʻtganida koʻnglidan shu gaplar
oʻtadi.
Fargʻonaning muhtasham
darvozasi koʻringanda yoshlar mutolaani bas qilishdi. Mashina shaharning
serchinor va ozoda koʻchalaridan oʻtib universitet darvozasi oldida toʻxtadi.
Yoshlar xayrlashib universitetga kirib ketishgach, Muhammadrahim aka
yaqinginada qurib bitkazilgan al-Fargʻoniy haykalini ziyorat qilishga qaror
qildi. Shaharning qoq markazida salobat toʻkib turgan al-Fargʻoniy qarshisiga
borganida uning asarlarini eslashga harakat qildi. Yoshlar chugʻurlashib bir
necha bor takrorlashgan edi. Muhammadrahim aka ularni eslolmadi. Faqat yodida
qolgan nom “Miqyos-i Nil” boʻldi. Bu nomni u aslo unutmaydigan darajada eslab
qoldi. Hatto uyiga borganda farzandiga beradigan ilk savoli shu boʻladi. Bilmasa
maroq bilan, dona-dona qilib tushuntirib beradi. Muhammadrahim aka al-Fargʻoniy
oldida rasmga tushayotgan yosh-yalanglarga boqib “ajabo, bular kimning oldida
rasmga tushayorganliklarini bilisharmikan? Miqyos-i Nil haqida
eshitishganmikan?” deb qoʻydi.
Ma'rufjon Yo‘ldoshev
02.09.1999
Hiç yorum yok:
Yorum Gönder