12.02.2015

Tushni suvga, dardni qumga...


Tushni suvga, dardni qumga...

Cho'lda ketayotgan ikki do'st haqidagi mashhur hikoyat sira yodimdan chiqmaydi. Boshqalardan yetgan aziyatga ko'z yumish, kechirish va butunlay unutish haqidagi ta'limiy hikoyat. Yomonlikni unut, yaxshilikni unutma. Har hol-u korda durust bo'lmoq, durust yashamoq ta'limi. Bu aqidaning targ'ibi uchun xizmat qiladigan bunday hikoyatlar mumtoz adabiyotimizda, ko'hna tafakkur xazinamizda istagancha topiladi.

Xullas, cho'lda ketayotgan ikki do'st safar asnosida bir masala ustida tortishib qolishibdi. Bahs shu darajada jiddiylashibdiki, biri ikkinchisiga shapaloq tortishgacha boribdi. Shunda kaltaklangan yigit o'tirib qumga quyidagi so'zlarni yozibdi:

"BUGUN ENG YAQIN DO'STIMDAN TARSAKI YEDIM!"

Yo'l yurishib anhor bo'yidan chiqishibdi. Suv yoqasida salqinlashni ixtiyor etishibdi. Kaltaklangan yigit oyog'i toyib suvga yiqilibdi. Suv shiddat bilan uni oqizib keta boshlabdi. Do'sti o'ylab o'tirmay o'zini suvga tashlabdi va sherigini sohilga olib chiqibdi. Shunda haligi yigit katta bir qoya tosh yoniga kelibdi-da shu so'zlarni toshga o'yib yozibdi:

"BUGUN ENG YAQIN DO'STIM HAYOTIMNI ASRAB QOLDI!"

Buni kuzatib turgan o'rtog'i so'rabdi: "Ranjitganimda qumga yozding, endi esa toshga. Buning ma'nosi nima?" Yigit javob beribdi: "Kimdir bizni ozorlasa, qumga yozaylik, toki marhamat shabbodasi esganida uchirib ketsin. Ammo bizga kimdandir yaxshilik yetsa, toshga o'yib yozaylikki, uni hech qanday shamol o'chira olmasin"
Biz ko'pincha tersiga odatlanganmiz, shunday emasmi? Yaxshiliklar tez unutiladi-yu, yomonlik aslo!

Keling, vaqtni boy bermay, qulay fursatni kutib o'tirmay bu yanglish odatni o'zgartirishga urinib ko'raylik.
Yoki eng kamida shuni tasavvur qilib ko'raylik...
Qumga yozadiganimiz ko'pmi, toshga o'yadiganimizmi?!

Turk tilidan tarjima
19/06/2010

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder